Turmush chorrahalarida A R M O N
Turmush chorrahalaridaA R M O N
Vasila endigina o'n sakkiz yoshga to'lgan, olam-olam orzu-maqsadlar og'ushida yashayotgan edi. Maktabni tugallab o'zi orzu qilganidek oliy o'quv yurtiga grant asosida o'qishga kirdi.
Orzusi ushalgan qiz o'z hayotidan juda mamnun edi. Go'yoki hamma unga havas bilan qarayotgandek, butun borliq unga tabassum qilayotgandek hammaga kulib boqar edi. Shunday bo'lsada, u endilikda maktabda olgan bilimini yanada mustahkamlash, tinimsiz o'qib-o'rganish lozimligini ham aslo yoddan chiqargani yo'q. Chunki, u kelajakda xuddi ingliz tili o'qituvchisi Venera Ismatova singari o'z fanining bilimdoni bo'lish uchun astoydil o'qishi kerak-da.
Ayrim dugonalari unga tinmay tanbeh berar: yoshlik davringda bizga o'xshab qimmatbaho kiyim-kechaklar kiyib, xohlagan joyingga borib, davringni surib qolsang bo'lmaydimi? Ertaga turmushga chiqsang hech qayerga borolmay qolasan deyishardi. Uning esa dugonalari bilan sayr qilishga vaqti ham yetmas edi.
Shunday kunlarning birida onasi uni asta yoniga chaqirib muloyimlik bilan gap boshladi:
- Qizim, dadangni shaharlik qadrdon do'sti Olim akani juda yaxshi taniysan. Katta korxonaning rahbari. U kishining bitta-yu bitta o'g'li bor...
Vasila onasi nima demoqchiligini tushunolmay unga tikilib turardi. Onasi biroz nafasini rostlab, yana gapini davom ettirdi.
- Biz dadang ikkimiz kelishib, seni Olim akaning o'g'li Aminjonga berishga rozi bo'ldik.
- Nimalar deyapsiz oyi...Vasilaning ko'zlari katta-katta bo'lib ketdi, yuzlari olov bo'lib yona boshladi.- Rozi bo'ldik, deganingiz nimasi. Mendan bir og'iz ham so'ramasdan qanday rozilik berasiz. Qolaversa, uning yoshi qirqqa borayotgan bo'lsa...
- Qirqqa emas, endi 32 yoshda ekan, erkak kishining yoshi bilinmaydi. Sen esa hali juda yoshsan, oq-qorani yaxshi bilmaysan. Aminjon yolg'iz o'g'il bo'lsa, otasining barcha boyliklari - shahardagi qator-qator uylar, mashinalar shu o'g'liga qoladi axir. Shuning uchun biz seni baxtingni, kelajagingni o'ylab rozi bo'ldik qizim, deya Vazira opa qizini bag'riga bosib, uni yig'idan to'xtatishga harakat qildi.
Vasila o'z onasini tanimay qoldi. U ota-onasinga qancha qarshilik qilmasin, foydasi bo'lmadi. Qizni o'sha boy xonadonga fotiha qilishdi. Endigina 1-kursni tugatib, yozgi ta'tilga chiqqan kezlari shaharning eng qimmat restoranlarida ularning to'yi bo'lib o'tdi. U ota-onasi orzu qilganidek boy xonadonga kelin bo'lib tushdi. Lekin, kuyovning yoshi kattaligi uchunmi yoki tabiatan tund va tajangligi uchunmi yosh kelinga nisbatan juda e'tiborsiz va sovuqqon edi. Qiz avvaliga bunday sovuq muomalaga e'tibor qilmadi. To'g'rirog'i, unga gapirishga yuragi dov bermadi. Bir kuni yurak yutib unga ota-onasini sog'inganini, ertaga dadasining tug'ilgan kuni ekanligini aytdi.
- Sog'ingan bo'lsang ketaver o'sha qishlog'ingga, birdan ko'rpa-tushagingni ham olib ket. Menga umuman sening keraging yo'q,- deb o'shqirib berdi va allanarsalar deb qo'pol gaplarni aytdi.
Vasila yigitning vajohatiga qarab qattiq qo'rqib ketdi, o'zini tutolmay yig'lab yubordi. Lekin u dardini hech kimga ayta olmadi. Ota-onasi ham yaqinda "talbon to'yi" qilib chaqirgani uchun qizi tug'ilgan kunga kelolmagan deb tushunishdi.
Bir kuni Aminjon uyga juda kech qaytdi. U oyog'ida zo'rg'a turar, qo'llari qaltirab, eshikni ochishga ham holi yo'q edi. Vasila uni ko'rib hayron qoldi va sizga nima bo'ldi, bu ahvolda sizni ota-onangiz ko'rsa nima bo'ladi, dedi. U xotiniga qarab baqirdi:
- Hammasiga sen aybdorsan... Chunki sen menga umuman yoqmaysan, men bu to'yga norozi edim...
Qizning boshidan birov bir chelak sovuq suv quygandek seskanib ketdi. Nima qilishni bilmay sarosimaga tushdi. Shartta uyiga ketmoqchi ham bo'ldi. Lekin ota-onasini o'yladi. Hali 40 kunlik chillasi chiqmagan qizi uyiga kelib o'tirsa qishloqda, elu xalqni oldida nima degan odam bo'ladi. Qaynona-qaynotasiga aytay desa ular to'yni o'tkazishib, besh kun o'tar-o'tmas chet elga sayohatga jo'nab ketishgan.
Qiz o'qishi boshlanishini intiqlik bilan kuta boshladi. Chunki uning birdan bir orzusi o'qish va kelajakda ustoziga o'xshab o'qituvchi bo'lish. Ancha kunlardan beri ochib ham ko'rmagan kitoblarini qo'liga olib mutolaa qildi. Ko'ngli yorishgandek, bo'ldi. Yuragida umid uchqunlari paydo bo'ldi.
Yangi o'quv yili ham boshlandi. Vasila xursand bo'lib, erta tongda turib nonushta tayyorladi va turmush o'rtog'ini choyga taklif qildi.
- Ertalabdan nega yasan-tusan qilib olding, qayga otlanyapsan o'zingcha, deya yotgan joyida baqirdi unga qarab.
- Bugun o'qishimiz boshlandi-ku. Darsga borishim kerak...
- O'qishga boradigan bo'lsang, uyga qaytib kelma. To'g'ri qishlog'ingga qarab ketaver. Menga kun bo'yi ko'chada yuradigan xotin kerak emas. O'qigan taqdiringda ham ishlatmayman...
Vasila uning gaplarini oxirigacha eshita olmadi. Eshikdan otilib chiqib ketar ekan, studentlar xiyoboniga qanday yetib kelganini bilmay ham qoldi.
Xiyobonda yosh yigit-qizlarning sho'x-shodon kulgulari eshitilar, kimlardir uzoq vaqt ko'rmagan dugonalari bilan o'z taassurotlarini o'rtoqlashar, kimlardir esa dasta-dasta gul ko'tarib, sevgan insonini kutayotganga o'xshar edi.
Vasila o'zining mayus nigohlari bilan oltin rang bo'lib tovlanayotgan daraxtga boqdi. Uning chokidan birma-bir uzilib tushayotgan va odamlar oyog'i ostida nobud bo'layotgan yaproqlarga boqib, beixtiyor ko'zlariga yosh keldi: "Axir kechagina erta bahor pallasi o'sha yaproqlar yashillikka burkanib, hammaning qalbiga zavq bag'ishlagan edi-ku. Nega endi beshafqat odamlar ularni oyoqlari ostida ezg'ilab, yer bilan yakson qilishmoqda...".
Gulsara TINIBEKOVA.
Мавзуга оид:
Oqdaryo ijodkorlari Bahodir Iskandarov
- 01 авг, 10:50
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30





