Shaxsiy fikr DARAXTLAR SOYA EMAS, KO'LANKA TASHLAMOQDA

Bozor darvozasi atrofi. Oftob kuydirib turgan olovdek ko'chadan qochib hamma o'zini har vaqt qalin soya tashlab turgan to'rt tup katta chinorlar soya-salqiniga uradi. Shunday paytda quyuq soyali va salqin havoli daraxtlarning qadri o'tadi. Ayniqsa quyosh tik ko'tarilganda ignabargli daraxtlarning siyrak soyasi qisqarib beton yo'laklar yanada qiziydi. Bozorning kiraverishidagi boyagi to'rt tup chinor va unda bunda adashib kesilishidan omon qolgan chinorlarni hisobga olmaganda yo'laklar, savdo do'konlari va oshxonalar oldidagi maydonchalar yalanglik bo'lib ko'rinadi. Ilgari bu yalangliklar soyali daraxtlar, asosan chinorlar bilan o'ralgan edi. O'sha paytda soyali daraxtlar kesilib, o'rniga ignabargli siyrak soyali daraxtlar ekildi. Ignabarglilarning ko'pchiligi buta - tagidan shoxlab o'sadigan mayda daraxtlar qatoriga kiradi. Quyosh ayni tikkaga kelganda ular o'zining atrofiga soya tashlamaydi.
Qadimgi odamlar alohida olingan har bir daraxtni ilohiylashtirib odam bilan quyosh o'rtasidagi bir vositachi hisoblagan. U hayot va uzoq umr, omad va baxt timsoli bo'lgan. Madaniy-maishiy hayotimizda ham daraxtlar muhim ahamiyatga ega. Daraxtlar asosan barglilar va ignabarglilarga bo'linadi. Ularning barglilari o'zining soya-salqini bilan bizni jazirama oftobdan asraydi. Ignabarglilari esa, yozin-qishin ko'm-ko'k va ko'rkam bo'lib, ayniqsa qishda xazon tashlagan yalang'och daraxtlar yonida ularning chiroyiga-chiroy qo'shilib, odamlarning kayfiyatini ko'taradi.
Biz bilamizki, daraxtlar odam uchun zararli gazni o'ziga singdirib, odam hayoti uchun zarurini ishlab chiqaradi. Barglaridan ajralib chiquvchi o'ziga xos modda esa kasal qiluvchi mikroblarni o'ldiradi. Bularning hammasini odamlar bilmasligi mumkin. Lekin kasal ham daraxt soyasida o'zini yaxshi his qilishiga ishonchi komil.
Bargli daraxtlarning ignabarglilariga almashtirishga bo'lgan moyillik va intilish sabablari to'g'risida aholi orasida mish-mishlar tarqaldi. Keyinchalik ma'lum bo'ldiki, chinorlarning kesilishiga sabab - ko'chani kengaytirish emas, yoki ular birorta tadbirkorning ishlab chiqarishi uchun xomashyo sifatida zarurligi ham emas. Bor-yo'q sabab shuki, bargli daraxtlarning hammasi bo'lib bir yilda bir marta xazonini to'kib, atrof-muhitni ifloslashi bo'lgan.
Manbalarda keltirilishicha va katta avlod vakillarining tasdiqlashicha, qayrag'och daraxti sershox va serbargliligi bilan bizning tabiiy sharoitda juda asqatgan. Uning sershox va serbargliligini quyidagi maqol ham tasdiqlaydi: "Qayrag'och qalin bo'lsa, yomg'ir o'tmas". Taniqli yozuvchilardan biri: "Xorazmda hovuz desa darhol ko'z o'ngimga katta-katta gujumlar - qay-rag'ochlar keladi", - deb yozib, soya-salqin joylarni qayrag'ochlarsiz tasavvur qilib bo'lmasligini ta'kidlagan. Burunlari qayrag'och hattoki hovlilar-da ham o'stirilgan. Endilikda ular kamdan kam uchraydi. Tangaday oftob tushirmaydigan sada qayrag'ochlar qani?
O'tgan asrning 70-yillarida tumanning madaniy sohasi bo'yicha rahbari Usmonqul Shukurov tashabbusi bilan Farg'ona vodiysidan chinor ko'chatlari tuman hududiga tashib keltirilib ekilgan. Bu ish jarayoni ancha yillar davom etganligi va unda tog'am Toyir Esanov ham jamoa xo'jaligining shofyori vazifasida qatnashganligi sababli yodimga tushdi. Shuncha mashaqqatli yo'l bosib, chinor ko'chatlarini tashib keltirishga bosh qo'shganlar (ularni Alloh taolo rahmat qilsin) o'zlarining zimmalaridagi oddiy vazifalarni bajarishgan. Ammo buyuklardan biri ta'kidlagandek, ular ayrim olinganda go'yoki hamma qatori oddiy bir odam bo'lishi bilan birgalikda o'zlarining ulug'vor ishlari orqali favqulodda tarixiy shaxslarga aylangan bo'lishi mumkin.
Kesilgan chinorlar o'sha kezlarda o'tqazilgan ko'chatlar bo'lishi ehtimoldan uzoq emas. Shuningdek, qishlog'imiz faollaridan Ubaydulla Ochilov, Amriddin Quvondiqov, Junaydulla Xudoynazarov va boshqalarning sa'y-harakatlari bilan barpo qilingan stadion atrofiga ekilib, parvarish qilingan chinor ko'chatlari aynan vodiydan keltirilgani aniq. Ular ham ayni voyaga yetib, quyuq soya tashlaganda atrofni ifloslanishi bahonasida kesilib, o'tin bo'ldi. Natijada qishloq ahlining birdan-bir, to'planib bayramlar va boshqa ommaviy tadbirlar o'tkazadigan joyi ancha yillar biyday dashtga aylanib qarovsiz yotdi. Nihoyat, to'rt-besh yillar oldin shu joyga ignabargli (qarag'ay, archa, pixta va boshqa) daraxtlar ekildi. Ularning qatoriga qayerdandir topib keltirilgan bir necha tup chinor ko'chatlari ham ekildi. Bunga o'zini stadion qarovchisi qilib ko'rsatgan kimsa ochiqdan-ochiq har xil qilg'iliklar qilib chinor nihollarini o'sishiga to'sqinlik qilishga urindi. Uning so'nggi qilgan ishi hammasidan oshib tushdi. Bu bag'ri tosh odam to'sqinliklar tufayli o'sishdan orqada qolgan yosh novdaning tagidagi xazon va o't-o'lanlarni yo'q qilish bahonasida o't yoqib niholni kuydirib, og'ir gunohga botdi. Uning yosh niholga o'chakishib uni yo'q qilishga urinishi daho adiblardan birini quyidagi satrlarini beixtiyor yodga soladi: "Odamlar qanday yemiruvchi maxluq, o'z hayotini saqlash uchun qanchadan-qancha rang-barang tirik mavjudotlarni, o'simliklarni mavh etgan". Albatta bu nojo'ya ish faqat o'z hayotini saqlab qolish uchun qilinmagan, balki, bu bilan u o'zining g'arazli niyatini amalga oshirmoqchi bo'lgandir.
Xalqimiz birovning nojo'ya gap-so'zini eshitib, yoki harakatini ko'rib, unga bugun chap yoning bilan yotib-turgansan, deb dashnom bergan. Yoki shunga o'xshash yana bir hikmatli ibora bor: "Ertalab boshingni topishing uchun uxlashga yotishingda uni o'ng'ay qo'yish lozim". Bag'ritosh odam qay holatda yotib-turmasin, gunoh bilan savobning farqiga bormaydi. Ikkinchi iboraga kelsak, bu kimsa hech qachon boshini o'ng'ay qo'ymagan, shuning uchun ham hech qachon uni topa olmagan. Topa olmaydi ham.
U toshbag'ir haligacha do'q-tahdid soladi: - Qani shu chinorlardan birortasi ko'karsin-chi!
Shunda so'roqlagim keladi: Daraxtlarga oftobday mehrli, uning xazonlarini yig'ishtirishdan erinmaydigan odamlar qani?
Manbalarda ko'rsatilishicha, chinor po'sti ko'kish, panjasimon shapaloq bargli, uzoq umrli sersoya katta daraxt. Uning bo'yi 30 metrgacha yetib, katta yoshlilari tanasining diametri ko'pincha bir yarim metrdan oshadi.
Amerikaning qadimiy tub aholisi (indeyeslar) uchun chinor sharbati asosiy oziq-ovqat mahsuloti bo'lgan. Kanadada hozirgacha chinor sharbati ishlab chiqariladi. Poyonsiz chinorlardan iborat o'rmonlar Kanadaning faxri hisoblanadi. Bu davlatning bayrog'ida chinor bargining tasviri porlab turishi bejizga emas.
Mamlakatimizda chinor sog'lomlik, qudratlilik va uzoq umr timsoli sifatida ham qadrlanadi. Daraxtlar orasida chinorga alohida to'xtali-shimizning boisi shuki, uning ramzida to'qilgan maqollar, yozilgan hikoyalar, she'rlar va kuylangan qo'shiqlarning ko'pchiligi Vatan haqidagi buyuk tushunchani yanada boyitadi. Ehtimol, boshqa daraxtlarga nisbatan bunday deb bo'lmas.
Quyidagi beqiyos satrlar allaqachon barhayot qo'shiqqa aylangan:
Sen - shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O'g'lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo'ynimdagi iftixorim,
Bo'ynimdagi tumorim,
O'zing meni ulug'lardan
Ulug'imsan, Vatanim!
Ignabargli daraxtlar oralatib ekilgan chinor ko'chatlarining ko'pchiligi hozirgi kunda o'sib-kattalashib binoyiday soya tashlab qoldi. Ular o'zining yonidagi ignabargli daraxtlardan yaqqol ajralib viqor bilan ko'kka bo'y cho'zmoqda. Bor bo'yicha kuyib orqada qolgan niholning butun tanasini qizg'imtir tusga kirgan qismi tagidan bahorda kesib tashlangan edi. O'sha paytda uning ko'kimtir oqish qismidagi chiqqan bir necha kurtaklari endilikda barq urib o'smoqda.
"Ajabo, hayotning naqadar g'ayrat va kuchi bor, u o'z hayotini juda zo'r kuch bilan himoya qildi va hamon taslim bo'lmaydi", - deb yozgan hayotni olqishlab, yana o'sha daho.
Qanday daraxt bo'lmasin, ekilgani yaxshi. Menimcha, faqat, xazon tashlamaydigan daraxtlar ekishga bo'lgan moyillik va intilish (tendensiyasi) ta'siriga berilmasdan, bargli va ignabargli daraxtlardan qaysi biri afzalligini esa, ekiladigan joyi va shu joyning iqlim sharoitiga ko'ra aniqlanishi lozim.
To'ychi ESANOV,
mehnat faxriysi.

Aholini ro‘yxatga olish — kelajak sari yangi qadam
- 31 июл, 12:42

AFRIKA TUYAQUSHI HAQIDA BILASIZMI?
- 18 дек, 15:15

BINOLARNING YONG’INGA CHIDAMLILIGI
- 21 июн, 13:21

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00