Sog‘ligingiz o‘zingizning qo‘lingizda

Kuz va qish fasllarida ko‘pchilik shamollaydi, ammo hamma ham harorat chiqsa, bu gripp bo‘lishi mumkinligini bilavermaydi. Gripp — bu havo orqali yuqadigan, tez tarqaluvchi virusli kasallik. U odamni to‘satdan holsizlantiradi, bosh og‘ridi, badan qaqshaydi, isitma ko‘tariladi, yo‘tal, tomoq og‘rishi va burun bitishi kuzatiladi.
Gripp qanday yuqadi?
Grippni yuqtirish juda oson. Bemor odam yo‘talganda yoki aksirganda, virus zarralari havoga chiqadi va sog‘lom odam nafas olganda tanasiga kiradi. Shuningdek, bemor ishlatgan ro‘molcha, idish, telefon yoki tutqich orqali ham yuqishi mumkin.
Grippdan qanday saqlanish kerak?
- Qo‘llarni tez-tez sovunlab yuving.
- Odam gavjum joylarda niqob taqib yuring.
- Xonalarni har kuni shamollating.
- Sog‘lom ovqatlaning, meva-sabzavotlarni ko‘p iste’mol qiling.
- Yetarlicha dam oling, ko‘p uxlash immunitetni mustahkamlaydi.
-Eng muhimi — grippga qarshi emlash oling! Vaksina kasallikka qarshi eng ishonchli himoyadir.
Grippni yengil deb o‘ylamang!
Gripp vaqtida davo ko‘rmaslik yoki o‘z-o‘zidan o‘tadi deb o‘ylash noto‘g‘ri. U o‘pka yallig‘lanishi (pnevmoniya), quloq og‘rishi, yurak yoki buyrak bilan bog‘liq asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Shu sabab, o‘zingizda gripp belgilari sezilsa, darhol shifokorga murojaat qiling!
Xulosa
Gripp — befarqlikka toqat qilmaydigan kasallik. O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang, gigiyena qoidalariga rioya qiling va emlashdan chetda qolmang. Sog‘lom bo‘ling, sog‘lom jamiyatni birgalikda yarataylik!
Hadisa NAJIMIDDINOVA 
Sanepidqo‘m Oqdaryo tuman bo‘limi epidemiolog vrachi
Мавзуга оид: