MUTAXASSIS TAVSIYASI Virusli gepatit "a" kasalligining oldini olish

Viruslar bemorlarning najasi, peshobi, so'lagi, qusug'i, nafas yo'llarining shilimshiq suyuqligi orqali ajralib chiqadi. Bemor foydalangan idish-tovoqlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechagi, o'yinchoqlari, so'rg'ichlari, hojat tuvaklari va bemordan qolgan ovqat qoldiqlari ham virus bilan zararlanadi.
Kasallikning yuzaga kelishiga tozalikka rioya qilmaslik, ya'ni ovqatlanishdan oldin qo'llarni sovunlab yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste'mol qilish hamda qaynatilmagan suvni ichish sabab bo'ladi. Shuning uchun kasallik ko'proq bolalarda uchraydi. Pashshalar tanasida millionlab kasallik qo'zg'atuvchi mikroblarni, shuningdek gepatit viruslarini (turli xil axlat va najaslarga qo'nishi oqibatida) tashiydi.
Dastlab virus organizmda ko'payadi, dard klinik belgilarsiz kechadi va bu kasallikning "yashirin davri" deyiladi. Bu davr gepatitning A turida 3-6 haftagacha davom etishi mumkin.
Isitmaning ko'tarilishi, ishtahaning yo'qolishi, ko'ngil aynishi, ovqatlangandan keyin qusish kasallikning ilk belgilari sanaladi. Keyin kasallikning "sariqlik davri" boshlanadi. Bunda ko'zning shilliq qavati, teri sarg'aya boshlaydi. Sarg'ayish davri 1-2 haftagacha davom etadi.
Kasallikning boshlang'ich davrlari va yaqqol sariqlik belgilarisiz turlarida bemor atrofidagilar uchun ayniqsa, xavfli bo'ladi. Kasallikni uy sharoitida o'z bilganicha davolash aslo mumkin emas.
Bemorga badanidagi sariqlik o'tib ketguncha, odatdagidan ko'ra ko'proq suyuqlik ichirish kerak. Unga gazlanmagan suv, na'matak damlamasi, uncha shirin bo'lmagan kompotlar, oddiy qaynatilgan suv ichirish tavsiya etiladi. Bunda bolaga sotuvdagi turli rangli, shirin ichimliklar (koka-kola, fanta va boshqalar)ni berish mumkin emas.
Bemorga qaynatib yoki bug'da dimlab pishirilgan taomlar berish lozim. Qovurma taomlar, dumba, charvi kabi hayvon yog'laridan tayyorlangan taomlarni iste'mol qilish mumkin emas.
Kasallik yuqmasligi uchun, ovqatlanishdan oldin va hojatdan so'ng qo'llarni sovunlab yuvish, meva va sabzavotlarni yuvib iste'mol qilish, faqat qaynatilgan suvni ichishga odatlanish, hojatxonalarni oshxona va umumiy xonalardan kamida 25 metr uzoqlikda qurish, hojatxonalar teshigining qopqoqli bo'lishiga ahamiyat berish va xlorli ohak bilan doimo zararsizlantirib turish, pashshalar ko'payishiga yo'l qo'ymaslik, oziq-ovqat mahsulotlari va iste'mol qilinadigan suvni ochiq qoldirmaslik lozim.
Bolalarda qo'l, o'yinchoq va boshqa turli narsalarni og'izga solish, qo'lni so'rish, tirnoqlarni tishlash kabi xunuk odatlar shakllanishiga yo'l qo'ymaslik kerak. Kasallikka chalingan bolalar alohida e'tibor va qarovga muhtoj bo'ladi. Tuzalgandan keyin ham 2 yil davomida parhezga rioya qilishi va jismoniy zo'riqishdan saqlanishi lozim, aks holda bolada surunkali jigar xastaligi yoki nogironlikkacha bo'lgan asoratlar sodir bo'lishi mumkin.
Kasallikdan himoyalanishning eng samarali usuli bu virusli gepatit "A" kasalligiga qarshi emlash hisoblanadi. Jahon Sog'liqni Saqlash tashkiloti, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni Saqlash Vazirligining tavsiyasiga asosan gepatit "A" kasalligiga qarshi epidemik ko'rsatma asosida emlash ota-onalar mablag'lari hisobidan o'tkaziladi. Kasallik asosan 14 yoshgacha bolalar orasida uchrashini hisobga olib, emlash 1 yoshdan 14 yoshgacha bolalarda o'tkazilishi tavsiya qilinadi. Kuzatuvlar natijasida emlanganlar orasida kasallik holatlari qayd etilmagan.
Hurmatli fuqarolar, farzandlaringizni virusli gepatit "A" kasalligidan asrash o'z qo'lingizda. Buning uchun bolalarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga orgating va o'z vaqtida kasallikka qarshi emlating. Zero, kasallikni davolagandan ko'ra, oldini olish osonligini unutmang.
Akbarali BOZOROV,
tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi epidemiologiya bo'limi mudiri.
Мавзуга оид:

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

VIRUSLI GEPATIT NIMA?
- 11 янв, 14:30

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00