VIRUSLI GEPATIT NIMA?


Virusli gepatit – o‘tkir yuqumli kasallik. Jigar hujayralarining zararlanishi, teri va shilliq qavatlarning sarg‘ayishi, peshobning to‘q sariq yoki «pivo»ga o‘xshash, najasning oqimtir tusga kirishi, ba’zida esa jigar va taloqning kattalashishi bilan ifodalanadi.
KASALLIK TURLARI - Virusli gepatit deganda bir-biriga o‘xshash olti xil gepatit tushuniladi. Bular A, V, S, D, E, G viruslari qo‘zg‘atadigan kasalliklardir.
A va E virusli geptitlarda viruslar bemorning axlati orqali tashqariga chiqadi. Shu bois axlat, suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemor foydalangan buyum va narsalardan ifloslanish juda xavfli hisoblanadi.
YUQISH YO‘LLARI - Parenteral yo‘l bilan yuqadigan virusli gepatitlar shprits, igna va boshqa tibbiy asboblarni yetarli zararsizlantirmaslik oqibatida, shuningdek, qon va qon preparatlari quyish hamda turli tibbiy muolajalar vaqtida ham yuqishi mumkin.
KASALLIKNING KECHISHI - Kasallikning yashirin davri uning turiga qarab har xil: A va E virusli gepatitlarda 7 kundan 60 kungacha, parenteral yo‘l bilan yuqadigan xillarida 2 haftadan 6 oygacha, ba’zan 1 yilgacha davom etishi mumkin.
Homilador ayollar va bolalarda kasallik og‘irroq kechadi. Kasallik grippga o‘xshab boshlanganda bemor to‘satdan qaltiraydi, eti uvishadi, boshi og‘riydi, harorati ko‘tariladi, a’zoyi badani qaqshaydi, yo‘taladi va h. k.
KASALLIK ALOMATLARI - Dispeptik alomatlar bilan boshlanganida bemor ko‘ngli aynib qusadi, me’da sohasida biroz og‘riq bo‘ladi, ba’zan ichi ketadi. Bemorning madori qurib, ishtahasi pasayadi, o‘ng qovurg‘asi ostida og‘riq paydo bo‘ladi.
Astenovegegativ alomatlar bilan boshlanganda bemorning boshi aylanadi, og‘riydi, ko‘p terlaydi, o‘ta  injiq, yig‘loqi bo‘lib qoladi.
Virusli gepatitning boshlang‘ich davri qanday sindrom bilan kechishidan qat‘iy nazar, shu kasallikka xos 3 belgi kuzatiladi:                   1) siydikning pivo rangida bo‘lishi; 2) axlat rangining oqarishi; 3) ko‘pchilik (deyarli 90 foiz) hollarda jigarning kattalashishi.
Kasallikning «sariqlik davri» ham o‘ziga xos tarzda kechadi. Ko‘z oqi sarg‘ayishi bilan virusli gepatitning avj olgan davri boshlanadi.
KASALLIKNING OLDINI OLISH -Kasallikning oldini olish maqsadida A va V gepatitlarga qarshi vaksinatsiya qilinadi. Emlash natijasida immunitet paydo bo‘lib, u 15-20 yilgacha saqlanadi va kasallik tarqalishining oldini oladi.
Kasallikning oldini olishda shaxsiy gigiena qoidalariga bekamu ko‘st amal qilish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlab, bemorni kasalxonaga yotqizish va u bilan yaqin bo‘lganlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda u tutgan idish-tovoq va buyumlarni dezinfeksiya qilish muhim. Kasalxonadan chiqqan bemorlar ma’lum muddat dispanser nazoratida bo‘lishlari lozim.
KASALLIKNI DAVOLASH -Davolash asosan, bemorning umumiy ahvoli va kasallikning klinik belgilariga qarab olib boriladi; yengilroq xilida deyarli dori-darmonlar berilmaydi, kun tartibi va parhezga rioya qilish tavsiya etiladi.
Kasallikning boshqa shakllarida ham parhez va kun tartibiga amal qilishdan tashqari, glyukoza, vitaminlar, tuzli eritmalar, qon hamda plazma va qon o‘rnini bosuvchi suyuqliklar, zarur hollarda gormonlar, antibiotiklar   buyuriladi. Bemorga vitaminlar, karbonsuvlar, oqsilga boy ovqatlar, shuningdek, turli meva sharbatlari beriladi.
Tuman SEO va JS bo'limi.