Mehnat kodeksining yangi tahririda mehnat shartnomasi tuzish shartlari belgilandi

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasida 2022- yil 28- oktyabrda "O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to'g'risida"gi Qonun imzolandi. 

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi hajmi jihatidan va mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi me'yorlari bo'yicha ham eski tahrirdagi Kodeksdan farq qiladi.

Mazkur kodeksda ish beruvchi va xodim o'rtasida mehnat shartnomasini tuzish tartibi alohida modda bilan mustahkamlab berildi. 

Xususan, Mehnat kodeksining 106-moddasiga ko'ra, mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo'lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanashini, har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo'lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanishi, ish beruvchida muhr mavjud bo'lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanishi, bir nusxasi xodimga va boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanishi, shartnomaning nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to'g'risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanishi shartligi belgilandi. 

Bundan tashqari kodeksning 105-moddasiga ko'ra, xodimning holatini mehnat to'g'risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan, mehnat va mashg'ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to'g'risidagi talablarni buzadigan, majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan, xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog'lig'iga tahdid soladigan, sha'niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro'siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo'lsa, haqiqiy bo'lmaydi.

Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, mehnat shartnomasi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta'minlashga qaratilgan tamoyillarning amaldagi namunasi hisoblanadi.

Raxim Ochilov,

Fuqarolik ishlari bo'yicha Bog'ot tumanlararo sudining sudyasi.