Darsga xalaqit beradigan, o'qituvchini behurmat qiladigan bolalar bilan qanday muomala qilish kerak?

"Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi".
O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 
52-moddasi.
Biz ko'pincha o'qituvchilar o'quvchilarni koyishi, tahqirlaydigan so'zlar ishlatishi haqida gapiramiz. Tanganing ikkinchi tomonini esa ko'rmaganga olamiz. Ya'ni, pedagoglarning ish faoliyatiga xalaqit beradigan o'quvchilar ham borligi haqida ko'pincha lom-mim demaymiz.
Xo'sh, o'qituvchiga yo'naltirilgan haqo-ratomuz gaplar ortida aslida nima yashiringan? O'smirlarning qo'rsligiga qanday munosabat bildirish lozim?..
Psixologlar tilida bulling deb ifodalanadigan bu holatga doir savollarga javob topish uchun dunyo psixologlarining fikrini o'rgandik. 
Bulling aksariyat hollarda o'smirlarda kuzatiladi. Lekin bunda bola bir o'zi harakat qilmaydi, sinfdagi hamfikrlar jalb etiladi. Guruhboshi o'qituvchi tomonga masxaraomuz gap tashlaydi va o'qituvchining munosabatini kuzatadi. Agar o'qituvchining jahli tez bo'lsa va haqoratga haqorat bilan javob bersa yoki aksincha o'zini oqlay boshlasa, bezorilar haqoratni takrorlashga harakat qilishadi. 
Ko'pincha, yosh, tajribasiz o'qituvchilarni, ba'zida esa haddan ortiq ko'ngilchan o'qituvchilarni nishonga olishadi.
Nega bola birovni haqortalaydi yoki "hayotini zaharlash"ga urinadi? Bu odatning ildizi qayerda?
Ehtimoliy sabablardan biri - agressor bola oilada "bolaga hamma narsa mumkin" prinsiplari asosida tarbiyalanayotgan bo'lishi yoki haddan ziyod taqiqlar qo'yilgan, kichiklar kamsitiladigan oilada yashayotgan bo'lishi mumkin. Bola maktabga kelgach, oiladagi munosabatlarni o'qituvchida sinab ko'rishni boshlaydi. Birovni xafa qilish, kamchiliklarini bo'rttirish istagi mana shundan kelib chiqadi.
Tasavvur qiling, o'qituvchi yashirin bulling nishoni bo'ldi. O'quvchilar uning hayotini muhokama qilishadi, sinfda o'z-o'zidan kulgu ko'tariladi. O'qituvchi ustidan kulishayotganini sezadi. Bunday vaziyatda qanday yo'l tutgan ma'qul?
O'qituvchi bunday vaziyatda o'z qadr-qimmatiga tayanishi lozim. O'zingizni haq ekanligingizni bilsangiz, shu sizga qalqon bo'ladi. Aslida o'zini haqligini bilgan har bir kishi odamlarning ko'ngilni g'ash qiluvchi omillarini yurakka yaqin olmaslikni o'rganishi lozim. Chunki hamma joyda bo'lgani kabi, maktablarda ham gap-so'zlar bo'lib turadi. Ularni ta'qiqlashning iloji yo'q. 
Agar o'qituvchining boshqalarga o'xshamagan tomonlaridan kulishsa-chi? Aytaylik, "kulgili" soch turmagi, nutqidagi sezilar-sezilmas nuqsoni...
Bunday paytda ko'pincha "Shunaqasi ham bo'ladi" degan ibora yordam beradi. "Ha, men "r" harfini talaffuz qila olmayman. Bilsang, hayotda shunaqasi ham bo'ladi", "Soch turmaklari turlicha bo'ladi. Mana, menikiga o'xshagani ham bo'lishi mumkinligini bilib olding".
Agar o'qituvchini ochiqchasiga haqorat qilishsa, dars intizomiga rioya qilishmasa, darsni buzishsa, bunday paytda o'qituvchi vaziyatni nazoratga olish uchun qanday harakat qilishi lozim?
Asosiysi, qattiq jahlingiz chiqsa ham, birdan qizishib ketmaslik. Lekin voqeani ko'rmaganga olish mumkin emas. Munosabat bildirilmagan holat bezorilik takrorlanishiga o'ziga xos rag'bat beradi.
O'qituvchi joyida og'ir-bosiqlik bilan ko'nglidan o'tganlarini aytishi lozim: "Hozir qilgan ishing, meni qattiq ranjitdi". Ochiq aytilgan tuyg'ular agressorlarni to'xtatadi.
Bulling dars paytida yuz bersa, o'qituvchi darsni vaqtincha to'xtatishi lozim. Darsni buzgan o'quvchiga o'zini bosib olishi uchun vaqt berishi va bo'lib o'tgan voqeaga boshqa o'quvchining fikrini so'rashi lozim. Asosiysi, bunday vaziyatda o'quvchilarga "Nega?" degan savolni berish mumkin emas. Aksincha, bu vaziyatdan qattiq ranjiganini va hatto darsni to'xtatishga majbur bo'lganini aytishi lozim. O'quvchilar bilan gaplashib olgandan so'ng o'qituvchi zinhor o'zini hech narsa bo'lmagandek tutmasligi lozim. Agressorlar bunaqa hunarlari o'tmasligini tushunsin.
Agressorlar bilan til topishishning eng yaxshi usuli - u bilan muloqotni yo'lga qo'yish. Vaqti-vaqti bilan unga topshiriqlar berish, tashkilotchilik ishlarida yordam so'rash yaxshi natija beradi. Bola o'qituvchi unga ishonayotganini his qilsa, o'zini ko'rsatish istagi hamkorlik qilish istagiga o'zgaradi.
Bezorilikning boshqa turlari - sinf jihozlariga ataylab ziyon yetkazish, tupurish, turtkilashda qanday munosabat bildirish lozim?
Sinfda ochiqchasiga bezorilik qiladigan, darsga xalaqit beradigan bolalarni o'qituvchi bir o'zi eplashga harakat qilmasligi kerak. Bu o'ta faollik, e'tibor yetishmasligi sindromi yoki bola ruhiyatidagi boshqa bir buzilish holati bo'lishi mumkin. Shu sabab mutaxassislarga murojaat qilish lozim. Maktab psixologi va rahbariyatiga vaziyatni ma'lum qilish hamda ota-onasiga bolani o'smirlar bilan ishlaydigan psixolgga ko'rsatishni qat'iy tavsiya etish kerak bo'ladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi Axborot xizmati.
Мавзуга оид: