Shaxsiy fikr MAKTAB O'QUVCHISIGA UYALI ALOQA VOSITASI KERAKMI?

Ko'pgina maktablar o'quv soatlari mobil vaqtida o'quvchilarning mobil telefon va  boshga elektron  qurulmalarini olib qo'yadi. Sizningcha bunday yondashuv to'g'rimi?
Barchamizga ma'lumki, hozir texnologiyalar asri, ya'ni mobil va boshga elektron quril-malarning eng takomillashgan bir davri. Shunday bir paytda yoshlar, ayniqsa, maktab yoshidagi o'quvchilar elektron  gadjetlardan foydalanish madaniyatiga qanchalik rioya qilyapti? Xo'sh maktab o'quvchisiga uyali aloqa vositasi kerakmi yoki yo'q?
Ma'lumotlarga ko'ra, 2023-yilda mobil telefonlardan foydalanuvchilarning soni 5,3 milliardga yaqinlashdi. Bu dunyo foizining 67 foizini tashkil qiladi. Bilamizki, mobil telefonlardan foydalanishning afzal tomonlari bilan birga, salbiy oqibatlari ham mavjud. Ayniqsa, bolalarning ta'lim-tarbiyasida. Shunga ko'ra maktabda o'quvchilarning mobil telefonlardan foydalanishi bo'yicha yurtimizda va xorijiy davlatlardagi maktablarda qator qoidalar va cheklovlar joriy qilindi. 
Xalqimizda "Guruch kurmaksiz bo'lmaydi", - degan naql bor. Darhaqiqat, maktab o'quvchilari orasida ham elektron qurulmalardan foydalanish madaniyatini yaxshi bilmagan bolalar ham uchrab turadi. Bunday holat natijasida, bir qancha salbiy oqibatlar yuzaga kelmoqda. Masalan, bir o'quvchi dars vaqtida yashirincha o'z telefonidan darsga umuman aloqasi bo'lmagan narsa uchun foydalandi. Bu birinchi navbatda, shu o'quvchining dars mashg'ulotlarini tinglamay, chalg'ib, bilimi susayishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan atrofidagi boshga o'quvchi-larning ham e'tiborini tortadi. Natijada ular ham darsga quloq solmaslik, tinglamaslikni boshlaydi. Yoki yana bir holat. Maktab o'quvchisi dars mashg'ulotlarida qatnashib toliqdi. Tanaffus vaqtida dam olish, o'rtoqlar bilan suhbatlashish o'rniga yana smartfonga termuladi. Buning oqibatida, o'quvchida zo'riqish paydo bo'ladi. Asabiylik holatlari vujudga keladi. Keyingi soatdagi darslarga loqayd munosabatda bo'ladi.
O'quvchilarning dars jarayonida telefondan foydalanishning salbiy jihatlari bilan bir qatorda ijobiy tomonlari ham mavjud. Misol uchun, o'quvchi doskadan o'ziga kerakli ma'lumotlarni suratga olishi, internet orqali fanga oid ma'lumotlarni topishi, elektron platformalardan foydalangan holda darsda faolroq qatnashishi mumkin.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, dars jarayonida elektron qurilmalardan foydalanish to'g'risida qoida, chora-tadbirlar qo'llashdan ko'ra maktab davrida mobil telefondan foydalanishni cheklash zarur. Chunki voyaga yetmagan maktab yoshidagi o'quvchilar undan maqsadli foydalana olishmaydi.
 Marjona SUNNATULLAYEVA,
           54-maktab 9-sinf o'quvchisi.