SHARAFLI KASBIMIZNI E'ZOZLAYMIZ

Maktabimizda 2025-2026 o'quv yili boshidan jami o'quvchilar soni 715 nafarni tashkil etib, ularga 3 nafar oliy toifali, 12 nafar birinchi toifali, 12 nafar ikkinchi toifali, 6 nafar xalqaro toifadagi sertifikat, 5 nafar milliy toifadagi sertifikatga ega pedagog ustozlar dars berib kelmoqdalar.
Maktabimiz 2022-yilda Davlat dasturi asosida qayta to'liq ta'mirdan chiqarilib keng, yorug' sinf xonalari o'quvchilar ixtiyoriga topshirildi. Shuningdek,
Tarnov qishlog'ida joylashgan maktab filialimiz ham qayta qurilib, 120 nafar o'quvchi o'ringa ega zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi. 
Asosiy maktab binomizda jami 27 ta o'quv xonasi, 3 ta ma'muriyat xonasi, 1 ta sport zali, 1 ta faollar zali, 1 ta oshxona, 4 ta kasb-hunar xonasi, inklyuziv ta'lim va logoped xonalari zamonaviy o'quv jihozlari bilan jihozlangan.
Maktab kutubxona fondida jami 11274 ta kitoblar mavjud bo'lib, shundan 10389 ta darslik, 885 ta badiiy adabiyotlarni tashkil etadi.
O'tgan o'quv yilida ham talaygina yutuqlarga erishilganligini e'tirof etish mumkin. 2024-2025 o'quv yilida jami 39 nafar 11-sinf bitiruv-chilarining 10 nafari oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilindi. 
Maktabimizda sog'ligida muammo sababli uyda tahsil olayotgan 1 nafar o'quvchiga malakali  va tajribali ustozlar ta'lim berishmoqda. Inklyuziv ta'lim bo'yicha 3 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. 
Madaniy va ma'rifiy tadbirlar doirasida ham ibratli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Haftaning har juma kunlari "Milliy libos -ma'naviy meros" mavzusida dars mashg'ulotlariga uyg'un holda turli xil tadbirlar o'tkazilib kelinmoqda. Maktabda o'quvchilarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish hamda foydali mehnatga yo'naltirish maqsadida "Yosh dasturchi", "Yosh duradgor", "Tikish-bichish", "Yosh qando-latchi" to'garaklari faoliyat ko'rsatmoqda.
Shuni quvonch bilan ta'kidlash kerakki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta'lim sohasiga, ayniqsa, o'qituvchilar mehnatiga katta e'tibor berilmoqda. Jumladan:
- yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo'lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang'ich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
-  kelgusi o'quv yilida davlat oliygohlariga o'qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
- o'qituvchilar yangi ta'lim texnologiyalarini keng qo'llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so'mgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
- kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to'lovi 2 karra kamaytiriladi;
-  fan o'qituvchilari kabi boshlang'ich ta'lim o'qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to'lanadi;
- bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
Bir so'z bilan aytganda, ta'limga e'tibor - kelajakka e'tibordir. Shunday ekan, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan biz o'qituvchilar-ga ko'rsatilayotgan bunday yuksak e'tibor uchun kela-jagimiz vorislariga ta'lim-tarbiya berishdek mashaq-qatli, ammo sharafli kas-bimizni yanada e'zozlashimiz, ezgu maqsad yo'lida fidoyilik ko'rsatishimiz lozim.
Men bugungi fursatdan foydalanib, tumanimizdagi barcha maktabga-cha va maktab ta'limi sohasida faoliyat ko'rsatayotgan fidoyi o'qituvchilarimizni, faxriy ustozlarimizni 1-oktabr - O'qituvchi va murabbiylar bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Kelgusi sharafli ishlarida yuksak zafarlar tilab, ularga bitmas-tuganmas sog'lik-salomatlik, uzoq umr tilab qolaman. Bayramingiz muborak bo'lsin, aziz ustozlar! 
Abdurahmon ASROROV,
 30-maktab direktori, Xalq ta'limi a'lochisi.