Inson aziz - xotira muqaddas OTA - SIZ DOIMO QALBIMIZDASIZ!

Otamni men sog'ingan damlar,
Ko'zlarimni qoplaydi namlar.
Bor hasratim bir chetga qo'yib,
Yashasaydim mehriga to'yib... 
Darhaqiqat, otam - "Boshimdagi tojim", "Onam - jannatim", ya'ni: "Jannat onalar oyog'i ostida", deb bejizga aytilmagan. Ayol avvalo ona sifatida qadrlanadi, Qur'oni karimda ham onani e'zozlashga, uning haqqini ado etishga buyuriladi. Allohning ibodatidan keyingi keladigan ish ota-onaga yaxshilik qilishdir. Bu ham Allohning amri. Ota-onaga hech bir ozorni ravo ko'rma. Qanday yaxshi so'z bo'lsa, o'shani ota-onangga ravo ko'r, deydi dono xalqimiz. 
Oila - jamiyatning tayanchi. Farzandlarimiz ongida elu yurtga, Vatanga muhabbat tuyg'ulari oilada, yashab turgan mahallada shakllanadi. Mamlakatning ertangi kuni, tinch va obod bo'lishi eng oldin mana shu kichik jamiyatda o'sib-unayotgan bolalarimizga bog'liq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo'lga qo'yilar ekan, o'sha oila, o'sha mahalla gullab-yashnaydi. 
Otaning farzandga mehri-muhabbati cheksizdir. Dunyoga kelganimizda esa eng ko'p xursand bo'lgan zot. Ota so'zini eshitsam, farzandi uchun jonini fido qiladigan, kunu tun mehnat qiladigan inson ko'z oldimga keladi. Qalbi bizga bo'lgan muhabbat bilan to'lib toshgan azizimiz, baxtimizni o'z baxtidan ustun deb bilgan inson - otadir. Farzand otaning bir qismi bo'lib, suratda va xulq-atvorda unga o'xshaydi. Shuning uchun ota farzandi tarbiyasiga diqqat qiladi. O'zi istagan fazlu kamolni farzandiga berishga, uni o'zidan ham ko'ra mukammal qilib yetishtirishga g'ayrat qilgan. Bu maqsadi yo'lida har qanday mashaqqatga bardosh bergan. 
"Tarbiya qilgan ota-onangga rahmat!", degan olqishlarga sazovor otajonim  haqida so'zlagim keldi. Otam - Axror Ikmatov 1956-yil  1-sentyabrda Oqdaryo tuman Amir Temur mahallasiga qarashli Qarqarali qishlog'ida dehqon oilasida dunyoga keladi. Mehribon, mehnatkash, kamtar, shirin so'z va hazilkash inson o'rta maktabni bitirib, Toshkent davlat qurilish texnikumiga o'qishga kirib, o'sha yerda o'zi ish faoliyatini yuritadi. Alloh taolo erkak kishiga oiladek muqaddas dargohga rahbar bo'lish vazifasini yuklagan   ekan, 1979-yilda onajonim bilan turmush quradilar.  Otam qo'li gul duradgor usta va bog'bon sifatida elga tanilgan. Ko'plab shogirdlar tayyorlagan, o'z kasbining sir-asrorlarini o'rgatgan ustoz sifatida ulug'lanadi.  Onam Ismatova Sarvar 1957- yilda Oqdaryo tuman Amir Temur mahalla To'qmoq qishlog'ida tug'ilgan. 23-maktabda boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lib faoliyat yuritgan, ko'plab shogirdlarining sevimli ustozi.  
Otajonim va onajonim oila va farzandlar tarbiyasiga ham alohida e'tibor berganlar. Uch qiz va bir o'g'ilni oliy ma'lumotli, uy-joyli qilib, yurtiga xizmat qiladigan inson qilib tarbiyaladilar. Bugungi kunda - qizi Ikmatova Ma'mura 24-maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Ikmatova Munira 24-maktabning matematika va informatika fanlari o'qituvchisi, o'g'li Ikmatov Sirojiddin Samarqand viloyat Ziyolilar mahallasida Yoshlar yetakchisi vazifasida va men Ikmatova Bahora Oqdaryo tuman  Axborot-kutubxona markazi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati mutaxassisi bo'lib faoliyat ko'rsataman.
2020-2021-yillar  butun dunyo ahlini sarosimaga solgan koronavirus balosi ko'plab insonlarni hayotdan bevaqt ko'z yumushiga sabab bo'ldi. Bu kasallik mening otamni ham chetlab o'tmadi. 2021-yilning 1- avgustida otam bu olamni tark etgan edi. Agar hozir hayot bo'lganlarida 67 yoshni qarshilagan bo'lar edi. Nabiralarining sevimli bobosi, mehribon otam - 1-sentyabrda tavallud topgan edilar. 
Otajon, bugun sizni juda qo'msa-yapmiz. Oramizda bo'lmasangiz ham siz qoldirgan pand-nasihatlaringiz biz bilan hamisha birga. Men shunday hazrati inson farzandi ekanligimdan faxrlanaman. Otajon, oxiratingiz obod bo'lsin, siz doimo qalbimizdasiz!
Kuz kelsa yaproq ham xazon bo'larkan,
Shamollarda uchib, sarson bo'larkan.
Bilsangiz bir kuni, armon bo'larkan,
Otangizni asrang, otasi borlar,
Onangizni asrang, onasi borlar.
Bahora IKMATOVA,
tuman Axborot-kutubxona markazi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati mutaxassisi.