Sharafli kasb egalari E'ZOZ VA E'TIROFGA MUNOSIB SHIFOKOR
O'z ishiga o'ta mas'uliyat bilan kirishgan insongina kasbidan baxt topadi. Chunki kasbiga bo'lgan mehr-muhabbat sadoqatga aylanadi. Bunday kishilar esa o'z kasbidan baxt topib, elning yuksak hurmatiga erishadilar.
Tuman tibbiyot birlashmasida yigirma besh yil mobaynida shifokorlik kasbini sharaflab kelayotgan Tojimurod Bozorov ham xalqimizning hurmat va e'tiborini qozonib kelayotgan ana shunday shifokorlardan ekanligini alohida ta'kidlab o'tmoq o'rinlidir. Zero, bu tajribali va malakali shifokorning uzoq yillik mehnat faoliyati yuqoridagi ta'rifimizga yorqin misol bo'ladi.
Tojimurod Bozorov 1964-yilda tumanimizning Qorateri qishlog'ida tug'ilgan. 1983-1984 yillarda Afg'on urushida qatnashib, oyoq qismidan og'ir jarohat oladi va shundan so'ng bir yil davomida o'z salomatligini tiklaydi.
1992-yil Samarqand tibbiyot institutini tamomlab, dastlabki faoliyatini Samarqand shahridagi shifoxonadan boshlaydi. Bir yil mobaynida amaliy ko'nikmalar hosil qilgan Tojimurod Bozorov 1993-yilda tumanimizdagi tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada ko'z kasalliklari shifokori bo'lib ishlay boshlaydi. O'z kasbining fidoyisi bo'lgan shifokor qariyb yigirma besh yil tumanimiz aholisi uchun beminnat xizmat qiladi. Baynalminal jangchi bo'lganligi sababli 55 yoshida nafaqaga chiqib, ya'ni 2019-yildan boshlab o'z mehnat faoliyatini xususiy klinikalarda davom ettirib kelmoqda.
Tojimurod Bozorov 2019-2022 yillarda tuman markazida joylashgan "Sherali-Medisal" xususiy klinikasida faoliyat yuritgan bo'lsa, hozirgi vaqtda "Med Optika Servis"da bemorlarga beg'araz yordam ko'rsatayotir. Aslini olganda, Tojimurod Bozorovning boy ilmiy tajribasini tumandoshlarimiz ham alohida ta'kidlashadi.
- Tojimurod Bozorov ko'z kasalliklari bo'yicha tajribali shifokorligi tufayli ishga taklif etganmiz, - deydi "Med Optika Servis" rahbari Sardor Ro'ziyev. - Ko'z xastaliklari bo'yicha bizga bemor bo'lib kelganlarni hech shoshilmasdan, xastalikni batafsil aniqlaydi va davolaydi. Shuning uchun ham men bu shifokorni barcha tibbiyot xodimlari uchun ibrat va namuna deb hisoblayman.
Darhaqiqat, xalq salomatligi yo'lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Tojimurod Bozorov ana shunday e'zoz va e'tirofga munosibdir. Tajribali shifokor o'z hayotini bemorlarga shifo ulashishdek xayrli va ezgu maqsadlar bilan o'tkazmoqda ekan, biz ham o'z kasbining fidoyisi bo'lgan shifokorimizga mustahkam sog'lik, kelgusi ishlarida zafarlar tilab qolamiz!
Sunnatullo IBRAGIMOV.