So'z - jamoatchi muxbirlarimizga GAZETANING HAYOTIMDAGI O'RNI
Tumanimizning yagona nashri bo'lgan "Oqdaryo ovozi" gazetasining azaliy muxlisi va jamoatchi muxbiriman.Jamoatchi muxbir deganimni sababi bu tashkilotga esimni taniganimdan boshlab, 5-sinfda o'qib yurgan paytimdan maqola va hikoyalar yozib turaman. Yangiqo'rg'ondagi 2-maktabda o'qib yurganimda maktab hayotida bo'lib o'tadigan har qanday tadbir, turli bayramlar, mashhur
insonlar bilan uchrashuvlar, ayniqsa, bizni davrimizdagi pioner tashkilotining tadbirlari to'g'risida maqolalar
yozardim. Har yili o'sha davrlarda o'tkaziladigan 3-maydagi Matbuot kunida gazetamizning bosh muharriri - ustoz Yo'lchi Muhammadiyev qo'lidan "Maqtov yorlig'i" olardim. Jamoatchi muxbir degan jumlani ilk bora ana
o'sha "Maktov yorlig'i"da o'qiganman va bolalarcha beg'uborlik bilan o'z-o'zimdan faxrlanganman.
Umr o'tmoqda. O'sha bolalik davrimdagi o'sha beg'uborlikni juda-juda sog'inaman. Hayot murakkab. Inson yashar ekan, hayot deb atalmish cheksiz ummonda qarshisidan chiqadigan
goh katta, gohida kichik to'lqinlararo mustahkam iroda bilan to'xtovsiz suzishi kerak. Inson harakatda bo'lmasa
Ummon o'z qa'riga tortib ketishi mumkin. Hayotning achchiq-chuchuk, baland-past so'qmoqlarida har turli xarakterdagi, har turli mulohazali insonlar bilan uchrashib turarkansiz.
Ijodkor inson esa mana shu hayoti yo'lida insonlar hayotidagi uchratgan, eshitgan noodatiy voqea - hodisalarni beixtiyor qog'ozga tushirgisi kelaverarkan...
Turmush o'rtog'im bilan shu yil bahorda dam olish uchun sanatoriyaga bordik. O'sha yerda bir ayol bilan tanishib qoldim. Ismi Muhtarama ekan. Umraga borib kelgan, hoji ona maqomini olgan, chiroyli muomala qiladigan bu ayol o'zini tutishlari bilan menga yoqib qoldi. Ertalab tong saharda va kechki payt sanatoriyani atrofini aylanish uchun u bilan sayrga chiqamiz.
Bir safar aylanib yurib, "Munis ko'zlar" degan sarlavha bilan chiqqan hikoyamdagi hayotning qaqshatqich zarbasi bilan yoshgina qizidan ayrilib, 45 yoshida 70 yoshli kampirga aylanib qolgan ayol taqdiri to'g'risidagi voqea-hodisalarni eshitib, yig'lab yubordi.
-Meni hayotimni ham yozsangiz odamlarni yig'latadigan hikoya bo'larkan, deb yig'lab-yig'lab boshidan o'tganlarni gapirib berdi...
Xolasini qo'lida turtkilanib-turtkilanib katta bo'lgan 18 yoshli qizni erga berishdi. Yangi oila, yangi muhitga o'rganishim ancha qiyin bo'ldi, lekin ko'nikdim.Tong sahardan turib bir kelin qilishi kerak bo'lgan hamma ishni qilardim. Uy-ro'zg'or ishlari, kamiga 4 ta sigirni sog'ib sut-qatiqni joy-joy qilish ham mening zimmamda edi. Er bo'lmish Nozim akam erta ketib, juda kech qaytardi. Uyga kelganda esa charchab uxlab qolgan bo'laman. Shu tariqa kelin bo'lib tushgan xonadonda meni sevib hurmat qiladigan, suyansam suyanchig'im bo'ladigan tog'im yo'q edi. Yil o'tib, farzandli bo'ldik. Turmush o'rtog'imning endi balki mehri oshar, deb o'ylagandim. Adashgan ekanman. O'sha-o'sha qo'pol, bemehr, ho'qqi odam bilan yashayverdim. Bu orada 2 farzandlik bo'ldik. Moddiy boyliklarimiz ham kundan-kunga oshardi. Mollarimiz ham 20 tadan oshdi. Uylarni zamonaviy remont qilib, birov ko'rsa havas qiladigan darajada chiroyli qilib oldik. Shunday kunlarning birida Nozim akamni ishxonasidan melesalar qora dori bilan ushlab olib ketishibdi, degan gap bilan qaynsinglim yig'lab kirib keldi uyga.
Erim qamaldi. Uni qamoqdan chiqarib olguncha juda qiynaldim. Mollarni sotib, qo'shimcha olingan yerlarni sotib, 3 yil deganda chiqarib oldim. Chopa-chop bilan ko'p narsani o'rgandim.
Endi erim ham o'zgarib, ko'zi ochilib oilasiga, farzandlariga mehribon bo'lib yashar deb o'ylagandim. Yo'q, chuchvarani xom sanabman, uzog'i bilan bir oy o'zini mehribon qilib ko'rsatib yashadi. Lekin yana oldingi qahri qattiq, qo'pol odamga aylandi. Oqshomlari uyga kelmaydigan odat chiqardi. Kun o'tib, oy o'tib yana kurakda turmaydigan qiliqlari ko'rina boshladi. Kunda, kunora begona odamlar so'rab kelardi. Erim yana qanaqadir qora ishlarga aralashib qolganligini sezib borardim. Sezgilarim aldamagan ekan, u yana qora dori bilan qo'lga tushdi. Endi ko'proq yilga qamaldi. Uyga kelmay qolgan tunlari bir buzuqi ayolni uyida tunarkan. Erimning ana shu xiyonatini kechirolmadim. Qaynonam 3 bolam bilan uydan haydadi. O'zim yetimman, boradigan joyim yo'q. Shaharga borib ijaraga uy izladim. Bolalarimni boqish uchun qo'limdan nima kelsa hammasini qildim. Bozorga chiqib xaltalab sabzavot olib, kuni bilan uni kilolab sotib kun ko'rdim. Asta-sekin mijozlarim ko'payib bordi. Tanishlarim ko'paygach, mahsulotni tonnalab olib savdogarlarga xaltalab sotishni o'rganib oldim. Savdoimni pulidan kamroq yeb, kamroq kiyib, yig'ib-yig'ib bir xonali uy oldim. Va nihoyat, o'zimizni uyimiz bor, deb juda xursand bo'ldim. Bolalarim katta bo'lishdi. Yonimga kirishdi. Yiqildim, surindim, qanchadan-qancha gap-so'zlarga qoldim, lekin chekinmadim.
Hozir katta hovlida yashayman. Bolalarim toparman-tutarman. Hech narsadan kamim yo'q. O'tgan yili o'g'illarim Umraga yuborishdi. Haj amallarini bajarib ziyorat qilib keldim. Erim qamoqdan chiqdi, yarashaylik deb kechirim so'rab oldimga keldi. Lekin kechalari uxlamay yig'lab chiqqan tunlarim haqqi, bolalarimni qornini to'yg'azish uchun har qanday og'ir ishlarni qilib, qiynalganlarim haqqi uni kechirolmadim.
Yiqildingizmi, albatta o'rningizdan turing, yashash uchun harakat qiling. Mana mening hayotim sizga misol, degim keladi qiynalgan ayollarni ko'rsam, deb hikoyasini tugatdi, Muhtarama ona.
Darhaqiqat, Muhtarama onamizning hayot yo'li, bu ayolning matonatli sabr-toqati, tinimsiz mehnati orqali chiroyli hayotga erishgani qiynalgan ayollar uchun ibrat maktabi bo'ladi, degan umiddamiz.
So'zimning so'ngida 27-iyun kuni nishonlanadigan Matbuot va ommaviy axborot xodimlari kuni bilan "Oqdaryo ovozi" gazetasi bosh muharriri Yo'lchi aka Muhammadiyevni hamda u kishi rahbarligidagi barcha ijodiy xodimlarni chin qalbimdan tabriklayman. Ollohim Ijodlaringizga baraka bersin. Yaxshi kunlaringiz ko'p bo'lsin!
Fazoda Fayziyeva,
"Oqdaryo ovozi"gazetasining jamoatchi muxbiri.
Мавзуга оид:
Tarixga bir nazar MENING YANGIQO'RG'ONIM!
- 19 апр, 15:32
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
MATBUOT ANJUMANI
- 25 янв, 13:17
SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00



