Shogirdlar ustozlar haqida JURNALISTIKAGA BAG'ISHLANGAN UMR

Bolalik davrimiz o'tgan asrning 70-80 yillariga to'g'ri kelgan. Suyagimiz paxta dalalarida qotgan. Erta ko'klamdan yer chopish, chigit ekish, g'o'zani parvarish qilish, sug'orish va lo'ppi paxtalarni yig'ib-terib olish mashaqqatini ko'rib ulg'ayganmiz.
Maktabda muxbirlikka havas uyg'ongan kezlar Ishtixon tuman gazetasi tahririyatiga, goho qo'shni tuman markazi - Loyish shaharchasida joylashgan "Oqdaryo ovozi" gazetasiga borib turardim. O'sha kezlar yosh jurnalist Yo'lchi Muhammadiyev bizni tahririyatda ochiq chehra bilan kutib olarkan, intervyu olishda nimalarga e'tibor berish kerakligi, fakt va raqamlarni qanday tahlil qilish, qaysi mavzuni qanday yozish sirlarini o'rgatar edi.
Keyinchalik biz bir vaqtda hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti (o'sha davrdagi - ToshDU) jurnalistika fakultetida tahsil olganmiz. Ya'ni, 1980-1985 yillarda kamina mazkur fakultetning kunduzgi, Yo'lchi akam sirtqi bo'limida o'qigan edik. Qizig'i, kunluzgi bo'limda o'qitiladigan barcha adabiyotlarni (ehtimol, undan ham ko'proq kitoblarni) Yo'lchi aka mustaqil ravishda mutolaa qilganini yaxshi bilaman. Ilmga chanqoq hamkasbimizning ongu tafakkuri shunga yarasha. Qalami ham yaxshigina havas qilsa arzigulik darajada charxlangan. Ehtimolki, Yo'lchi akaning ham peshonasiga poytaxtimiz Toshkentda yashab-ijod qilish yozilganida taniqli adiblar qatorida yurishi aniq edi. 
Qishloq muhiti esa - o'ziga yarasha... Yo'lchi akaning iste'dodi qishloq yo'llariga sochilib ketdi. Asosan o'zi tuman gazetasi "qobig'i"da qolib ketdi. Umri shu gazetada o'tmoqda... 
Aytish o'rinliki, qishloq mavzusini yoritishda Yo'lchi akaning oldiga tushadigan jurnalistlar kam. Bir gal u kishi meni tumandagi "O'zbekiston" jamoa xo'jaligiga boshlab bordi. Bolta qishlog'iga tutash paxtazorda bir kishi egat oralab yurardi: "Bu kishi Esirgap Rahmatov bo'ladi, kolxoz gidrotexnigi, -shivirladi yosh ustozim. - Gaplariga e'tibor bering, tayyor intervyu bo'ladi...".
Gidrotexnik - jamoa xo'jaligida suv ta'minoti bilan shug'ullanadigan kishi bo'lib, qishin-yozin dalada yurardi. Zuvalasi pishiqqina, yozning chillasida ham kirza etik kiyib olgan o'sha kishi biz tomon peshvoz kelarkan, salom-alik asnosida kuyib-pishib: g'o'zani xo'jako'rsinga sug'orayotgan ayrim suvchilarning dangasalik qilayotganini, g'o'zani "sharbat" suvi bilan qondirilgan-dagina mo'l hosil beriishini suvchilarga  tushuntirganini, kerak bo'lsa ularga o'zi g'o'zalarga beriladigan "sharbat"ni tayyorlab ko'rsatganligini, o'sha oqshom yigirma uchta paxta uchastkasini aylanib chiqqanligini aytib berdi...
Ketmon dastasidek pishiq qo'llarida, oftobda qizargan yuzida, qisiqroq ko'zlarida shijoat aks etib turgan suv xo'jaligi xodimining kuyunchakligiga qoyil qolgandim o'shanda. Dalada hammaning o'z o'rni bor. Ba'zi ishlar mavsumiy bo'ladi. Kolxoz gidrotexnigi esa yil bo'yi tinim bilmas ekan. Bahoru yoz faslida sug'orish ishlarida suvchilarga bosh-qosh bo'lsa, kuzda zax qochirish, qishda esa sho'r bosgan dalalarni "yuvish" ishlarini yo'lga qo'yadi. Shu tariqa Esirgap Rahma-tovning o'rni mudom dalada bo'larkan... 
Jurnalist Yo'lchi Muhammadiyev "Dala shunqori" deb yozgan maqo-lasida uni "obi-hayot taratuvchi", "suv zar - suvchi zargar", "g'o'zaga jon baxshida et-gan", deya ko'klar-ga ko'targan. Yaxshi so'z jon ozig'i, deganlari-dek, gazetada yoritilgan bu da'vat-kor so'zlar dala zahmatkashlariga qanchalik madad, ruhiy quvvat, kuch-g'ayrat baxsh etganini izohlashga hojat yo'q.
Yer tilini yaxshi bilgan, odamlar qalbiga yo'l topib dala ishlarini yo'lga qo'yayotgan Esirgap Rahmatovga esa katta ishonch bildirishib, "O'zbekiston" jamoa xo'jaligi boshqaruvi raisi etib saylashdi. Rais ishini tajribali otaxonlar va usta dehqonlar bilan maslahatlashishdan boshladi. Iqtisodi nochor ahvolga tushib qolgan jamoa xo'jaligida tez orada ahvol o'ngarildi. Ochig'i, o'sha davrda dehqonlar nochor ahvolda kun kechirardi. To'y qilishga qurbi yetmaganlar ham kam emasdi. Ba'zi oilalar uchun dafn marosimini o'tkazishning ham o'zi bo'lmasdi. Jamoa xo'jaligi iqtisodiy jihatdan o'zini o'nglab olgach, shunday nochor oilalarga moddiy yordam ko'rsatish yo'lga qo'yildi.
Shu tariqa endigina ahvol o'nglana boshlaganida respublikamiz boshi uzra tahlikali bulut paydo bo'ldi. Mash'um "Paxta ishi" bo'roni Esirgap Rahmatovni ham chetlab o'tmadi. 1985 yilda u kam emas - 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U haqda maqola yozgani uchun tuman gazetasi muxbiri boshiga ham ne-ne balolar yog'ilgani haqida eshitib vujudim titrab ketgandi...
Yuqorida yozganlarim jurnalist Yo'lchi Muhammadiyev hayotidan bir lavha xolos. U ijodiy faoliyati davomida o'z publisistikasi bilan nafaqat Oqdaryo tumanidagi, balki Samarqand viloyati sarhadlaridan o'tib, respublikamiz miqyosida tanilgan, desak mubolag'a bo'lmaydi. O'z kasbining haqiqiy fidoyisi bo'lgan ustoz jurnalistning Oqdaryo o'tmishini bino etgan va bugunini yaratayotgan Miyonkol farzandlari haqidagi maqola, lavha va ocherklari, zamondoshlarini qiynab kelayotgan muammolar, ayniqsa, loqayd, beparvo va tadbirsiz rahbarlar xususidagi tanqidiy maqola va felyetonlari gazetxonlar tomonidan iliq kutib olinadi. Mahoratli ijodkorning "Oqdaryo farzandlari", "Tuhmat girdobi" kitoblari muxlislari qalbidan joy olgan. 
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Yo'lchi Muhammadiyev hayotini jurnalistikaga baxshida etgan fidoyi inson. U yarim asrlik ish faoliyati davomida jamiyatimizda uchrab turadigan ayrim muammolarni, nohaqliklarni qalamga olar ekan, doimo adolat, ona-diyorimiz taraqqiyoti uchun o'tkir tig'li qalami bilan kurashdan aslo tolmaydi. Doimo to'g'ri so'zni, oshkoralikni, mehr-muruvvatga muhtoj insonlarga yordam qo'lini cho'zishni o'ziga shior qilib yashamoqda. Kamtar va odamoxun inson, fidoyi qalam sohibining ijodiy mahorat maktabi bo'lg'usi jurnalistlar uchun ibrat namunasidir. 
To'lqin ESHBEK,
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dosenti, filologiya fanlari nomzodi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, "Oltin qalam" milliy mukofoti va Usmon Nosir mukofoti sovrindori, 
"Do'stlik" ordeni sohibi.