Tarixga bir nazar MENING YANGIQO'RG'ONIM!

Har bir insonning kindik qoni to'kilgan joyi azizdir. Mening ham jonajon qishlog'im Yangiqo'rg'onim haqida aytib o'tmasam bo'lmaydi. Yangiqo'rg'on qishlog'i Zarafshon daryosining Oqdaryo va Qoradaryo oralig'ida joylashgan bo'lib, juda boy tarixga ega. Uning ikkinchi nomi "Miyonkol" deb ham nomlanadi. Miyonkol tarixiga oid qimmatli manbalar sirasiga Ibodilla va Muhammad Sharifning "Tarixi Amir Haydar", Abu Toxirxojaning "Samariya" Abulbaqo ibn Bahovuddinning "Jome ul Maqomat" asarlarini kiritish mumkin. Bundan tashqari, rus tarixchi olimlari L.N.Sobolev, V.L.Vyatkin, A.P.Fedchenko, G.A.Po'gachenkova kabi tadqiqotchilar asarlarida ham qimmatli ma'lumotlar saqlanib qolgan.
Arxeologik tadqiqotlarda topilgan manbalar Miyonkol qadim Sug'dning eng asosiy madaniy markazlaridan biri bo'lganligi ilmiy jihatdan isbotlandi. Miyonkolning hududida miloddan avvalgi 4-3-asrlardan boshlab shaharsozlik taraqqiy etgan. Milodiy 5-6-asrlardan boshlab, ko'shk, qasr, qo'rg'on ko'rinishidagi inshootlar shakllangan.
Yangiqo'rg'on buyuk ipak yo'lida joylashgan markazlardan biri bo'lgani sababli bu go'shada islomiy madaniyat ham keng tarqalgan. Yangiqo'rg'ondagi "Xo'ja Abdulla Ansoriy" qadamjo yodgorligi tarixi 9-10-asrlar muqaddamgi davrlarga borib taqaladi. Bundan ko'rinib turibdiki islom dini g'oyalarini Markaziy Osiyo hududida keng targ'ib qilish bilan shug'ullangan islom namoyondalarining ham bu hududga alohida e'tibor bilan qarashganidan dalolat beradi. 
Yangiqo'rg'on nomi ayrim manbalarda "Dushanba qo'rg'on" nomi bilan ham tilga olingan. Bunga sabab, haftaning har dushanba kuni bu yerda katta bozor bo'lgan. 
19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab maktablarga e'tibor qaratila boshlanadi. Samarqand u'ezdi tarkibidagi eng yirik volost bo'lgan Yangiqo'rg'on shaharchasida 1887-1888-yillarda jami 50 ta qishloq bo'lib, 2126 ta xonadonda 10630 nafar aholi yashab o'tgani ma'lum qilingan.
Volostda ta'lim-tarbiya ishlari izchil yo'lga qo'yilganli sababli 19-asr oxirlarida sharqda mashhur bo'lgan "Samarqand qog'ozi" nomini olgan sifatli qog'oz ishlab chiqarilgan. Manbalarda keltirilishicha, Yangiqo'rg'on volostida ushbu davrda 43 ta qog'oz tayyorlash ustaxonalari mavjud bo'lgan va bu borada ham Miyonkol asosiy markaz bo'lib xizmat qilganligi e'tirof etiladi.
Yangiqo'rg'on qishlog'iga Galarabot, Yangihayot, Arpaqishloq, Saydon, Qoraxo'ja, Kommuna, Beshketmon, Boybo'ta, Sug'onchi, Qoraxitoy, O'radin kabi jami 17 ta qishloq birlashgan edi. Har bir qishloqda qadimiy masjidlar bo'lib, ulardan Yangiqo'rg'ondagi 2-umumiy o'rta ta'lim maktabi yonidagi Xonaqoh masjidi saqlanib qolindi. Ma'lumotlarga qaraganda, Xonaqoh 1900-yillarda barpo etilgan. Sovetlar tuzumi davrida masjidlar buzib tashlangan. Yangiqo'rg'ondagi Xonaqohni  marhum Jamol Isroilov tashabbusi bilan tabiat muzeyi qilib saqlanib qolindi. 
Professor Dushan Fayziyning asarida yozilishicha, imom Al Buxoriy bobomizning opalari Xonposhshabegim hamda pochchalari Yangiqo'rg'onga xijrat qilib kelishgan vaqtlarida Xonposhshabegim onamiz Yangiqo'rg'onda vafot etib, shu yerga dafn etilganligi keltirilgan. Bundan ko'rinadiki, Miyonkolning tarixi 1250-yildan ham oldinroqni tashkil etadi.
Buyuk tarixga ega bo'lgan mashhur insonlar, olim-u fuzalolarni yetishtirgan jonajon maktabimizni ham shu o'rinda ta'kidlab o'tmasak bo'lmaydi. Yangiqo'rg'onning ziyoli, jonkuyar insonlari tashabbusi bilan 1922-yilda Miyonkolda birinchi yangi maktab ochilib, ta'lim tarbiya bera boshlanadi. Maktab Yangiqo'rg'on shahrining saxovatli, badavlat kishisi bo'lgan Hasanboy boboning hovlisida tashkil etilgan. Hasan bobo hovlisini maktab ochish maqsadida o'z ixtiyori bilan tashabbuskorlarga taqdim etadi. Hasan boboning hovlisi ikki qavatdan tashkil topgan hashamatli edi. Yangi usuldagi boshlang'ich maktabda birgina sinf bo'lib, 30 dan ziyod o'g'il bolalar ta'lim olishgan. 
Maktabning ilk tashabbuskori, ranbari, Nomoz Usmonov, 1936-1940 yillarda Tesha Xo'jayev, Fayzulla Eshimov, 1950-1953-yillarda Ergash Hamroyev, 1953-1957-yillarda Muhiddin Ahrorov va Abdurazzoq Rizayev, 1957-1961-yillarda Ergash Hamroyev, 1974-1979-yillarda Fayzulla Ergashev, 1979-1983-yillarda Narzullo Fayziyev, 1983-2009-yillarda Jamol Isroilov, 2009-1017-yilga qadar Yodgor Hamroyev, 2017-yildan hozirga qadar Qahramon Oromovlar direktorlik faoliyatini olib bormoqda. Vaqt o'tgan sari maktab rivojlanib bosqichma-bosqich jadallasha boshladi. Hozirgi kunda 2-umumiy o'rta ta'lim maktabida 800 nafar o'quvchilar tahsil olmoqda. 
2012-yilda maktabimizning 90 yilligiga bag'ishlab "MIYONKOLNING ZIYO MASKANI" kitobi nashr etildi. 2023-yil oktyabr oyida 2-umumiy o'rta ta'lim maktabining 100 yilligi bo'lib o'tdi. Bu tadbir barchani his-hayajonga to'ldirdi,- desak mubolag'a bo'lmaydi. Maktabimizning 100 yilligiga bag'ishlab "E'TIROF "kitobi, ya'ni "MIYONKOLNING ZIYO MASKANI" kitobining davomi nashr etildi. Kitobni barcha katta qiziqish bilan qarshi oldi. 
2009-yilda marhum Jamol Isroilovning tashabbusi bilan 2-maktab yonida 52-ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etildi. 2009-yildan 2020-yilga qadar Jamol Isroilov ushbu maskanda direktorlik faoliyatini olib bordi. 2020-yildan hozirga qadar Bekjon Ibrohimov rahbarlik qilib kelmoqda. 2021-2022-o'quv yilida 52-maktabning 100 foiz biniruvchisi oliy o'quv yurtiga o'qishga qabul qilindi.
Yangiqo'rg'on 2008-yilda "shaharcha" maqomini oladi. Yangiqo'rg'on jome masjidi 1990-yilda barpo etilgan. 2021-yil mart oyida Yangiqo'rg'on ahlining birdamligi hamda masjid imomi Otabek Goibov boshchiligida "Yangiqo'rg'on jome masjidi" buzilib,  2023-yilga qadar qaytadan barpo etildi. Masjid ikki qavatdan iborat bo'lib, 1500 nomozxon uchun mo'ljallangan. Mohi Ramazon oyida masjidga kirilib, Qorilar tomonidan Taroveh nomozlarida Xatmi Qur'onlar bo'lib o'tmoqda. Bu juda quvonarli holatdir. Zero, Yangiqo'rg'on muzofotini Allohning nazari tushgan joy, deb bejizga aytishmasa kerak. 
                                  Fayoziddin Rahmatov,   
                     Qarshi Davlat Universiteti psixologiya 
fakultetining 3-kurs talabasi.