Adliya xabarlari "INTELLEKTUAL MULK HUQUQLAR" QONUN HIMOYASIDA

Bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir davlat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishga katta e'tibor berilmoqda. 
Intellektual mulkni rag'batlantirishga doir normalar Asosiy qonunimizdan ham o'rin olgan. Xususan, amaldagi Konstitutsiyamizning 36-moddasida "Har bir shaxs mulkdor bo'lishga haqli. Bankka qo'yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi" deb belgilab qo'yilgan.
Albatta, yurtimizda "Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasining qonuni ham bor. Ushbu qonunning ishlash mexanizmlarini tashkil etuvchi hukumat qarorlari ishlab chiqilgan va imzolangan.
Endi qonunlarda aks etayotgan intellektual mulk masalasi Konstitutsiyamiz bilan mustahkamlanmoqdaki, bu birinchidan, intellektual mulkning yaratuvchisi bo'lgan olimlar, ixtirochi va ijodkorlarning haq-huquqlarining himoyasi bo'lsa, ikkinchidan, ular yaratgan intellektual mulkka bo'lgan adolatli munosabatdir.
Shunday bir mulk borki, uni himoya qilish yurt kelajagi va taraqqiyotiga daxldordir. Bu - intellektual mulk. Ya'ni inson aql-idroki, ongu tafakkuri, ijodkorligi va qobiliyati bilan yuzaga keladigan bebaho xazinadir.
Binobarin, har qanday mamlakat taraqqiyoti va jahon hamjamiyatida tutgan o'rni intellektual mulk sohasini rivojlantirish bilan chambarchas bog'liq. Qaysi mamlakatda intellektual mulk ob'yektlari muhofazasi oqilona yo'lga qo'yilgan bo'lsa, ixtiro, kashfiyot va sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari qo'llab-quvvatlansa, rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilsa, u joyda yutuq va muvaffaqiyat salmog'i ham yuqori darajada bo'ladi.
Shu jihatdan bugungi kunda O'zbekistonda ham intellektual mulkni rivojlantirish va uni huquqiy himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 28-yanvardagi "Intellektual mulk ob'yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ayni sohani yana-da rivojlantirishga qaratilgan desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Qarorda 2021-yil 1-apreldan boshlab, intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar normalaridan kelib chiqib, tovar belgisi va xizmat ko'rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro'yxatdan o'tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinishi belgilangan. Bu nimani anglatadi? Albatta, bu nafaqat tadbirkorlik sub'yektlari uchun balki endilikda boshqa sohalarda mehnat qilayotgan mutaxassislar ham tovar va xizmat ko'rsatish belgisini o'z nomiga ro'yxatdan o'tkazish imkoniyati yaratilganidan dalolat beradi.
Zero, dunyo bo'yicha eng qimmatbaho mulk - bu intellektual mulkdir. Zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Nomoddiy aktivlar ulushi 1975-yilda 17 foizni tashkil etgan bo'lsa, 2020-yilda 90 foizga ko'tarilib, ularning taxminiy qiymati 21 trillion AQSh dollarini tashkil etadi.
Hozirgi kunda intellektual mulk Yevropada YaIMning 45 foizini, Xitoyda 12 foiz, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. Lekin O'zbekistonda intellektual mulkni tijoratlashtirish darajasi juda past. Ushbu huquqni Konstitutsiyaviy darajada e'tirofini amalga oshirmasdan turib, samarali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta'minlash qiyin.
Kelajakda biz uchun eng ko'p foyda keltiradigan jihat ham ayni shudir. Sababi kelgusida bizning intellektual mahsulotlarimiz, ixtirolarimiz dunyo bozorlarini egallashi kerak. Agar olimlarimiz tomonidan yaratiladigan ixtirolar jahon ilmiy maydonlarining markazidan joy egallasa va butun jahon ulardan ilmiy-texnik taraqqiyot yo'lida foydalansa, mamlakatimiz uchun bu narsa oddiy obro'-e'tibor emas, balki ulkan darajada manfaat keltiradi.
Umuman olganda, bugungi zamonaviy dunyoda intellektual mulk himoyasini ta'minlash g'oyat muhim. Konstitutsiyamizdagi ushbu o'zgarish kelgusida intellektual mulk ob'ektlarini (ixtirolar, asarlar) ko'proq yaratishga zamin yaratadi.
Sh.Nosirov,
tuman YXKM bosh yurist konsulti.