"O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish to'g'risida"gi Qonuni qabul qilindi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-823-son, 15.03.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritildi. Xususan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, O'zbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish:

Bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 50 baravarigacha (3 mln. 300 ming so'mdan 16 mln. 500 ming so'mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

Qonunga ko'ra, ushbu ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni ko'rib chiqishda ko'pi bilan 30 kunlik muddat belgilanib, sud ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs zimmasiga bolani chet davlatdan O'zbekistonga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rish majburiyatini yuklaydi. 

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O'zbekistonga qaytarilishini ta'minlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. 

O'sha qilmish og'irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ushbu normalar mazkur Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 3 oy o'tgach amalga kiritiladi.

X.YAXSHIBOYEV,

tuman YXKM bosh yuristkonsulti.