27 июнь - Матбуот ва оммавий ахборот воситалари ходимлари куни

27 июнь - Матбуот ва оммавий ахборот воситалари ходимлари куни
БАЙРАМИНГИЗ МУБОРАК БЎЛСИН, АЗИЗ ЖУРНАЛИСТЛАР!
"Emas oson bu maydon ichra
 turmoq..."
Ko'hna Miyonkolning Oqdaryo sohillarida unib-o'sgan chamanzorlar uzra ajib bir ifor taralmoqda. Sayroqi bulbullarning otashnafas, dilga yaqin kuy-qo'shiqlari, ohangi bir-biriga jo'r bo'lib, dillardan dillarga, ellardan ellarga ko'chmoqda...
Bu albatta she'riyat gulshanidir. Bu gulshanda o'nib-o'sgan gulu lolalar esa bugungi kunda turli xil go'shalarda bo'y cho'zib, o'zidan ifor va nur taratmoqda. Bu  albatta, o'zining qariyb bir asrlik shonli tarixiga ega bo'lgan va shonli yo'lni bosib o'tayotgan "Oqdaryo ovozi" gazetasining aks-sadosidir. Qolaversa, gazeta qoshida tashkil etilgan "Navnihol" ijodiy klubi maktabida qad rostlab, respublikamiz bo'ylab o'zining ijod yo'lini, ijod gulshanini yaratayotgan o'nlab, yuzlab oqdaryolik ijodkorlarning necha yillar davomida tillardan tillarga, dillardan dillarga o'tib kelayotgan dostonlari-yu, g'azallari, she'riyati va ash'orlaridir.
Darhaqiqat, "Oqdaryo ovozi" gazetasi qoshida tashkil etilgan "Navnihol" ijodiy klubining jo'shqin faoliyati o'zining qariyb yarim asrlik mazmunli va sharafli tarixiga ega. Bugungi kunda oqdaryoliklarning sevimli maskaniga aylangan bu dargoh ijodkorlar bilan doimo gavjum.
Shuni quvonch bilan ta'kidlash joizki, "Navnihol"da qalami charxlanib, bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida turli sohalarda ishlab, ijod qilib, xalqimiz hurmatiga sazovor bo'layotgan shoir va yozuvchilarimiz bizning faxrimizdir. Orziqul Ergashev, Tohir Doliyev, Dildora Mardiyeva, Nurilla Narzullayev, Kubarro Bahromova, Zarbuvi Alqarova, Rayhona Xo'jayeva singari o'nlab tumandoshlarimiz ana shular jumlasidandir. Ayni paytda tumanimizda yashab ijod qilayotgan ustoz shoir va yozuvchilarimiz - O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zolari Yo'lchi Muham-madiyev, Oygul Mamatova, Erkinoy Qarshiyeva, Saodat Ahmedova, Asliddin Fayziyev, Donoxol Asrorovalarning nomlarini alohida ta'kidlab o'tmog'imiz lozim. Chunki, ular barakali ijod qilish bilan bir qatorda yoshlarga ta'lim-tarbiya berishda, ijod saboqlarini o'rgatishda bosh-qosh bo'lmoqdalar.
Shunisi quvonchliki, "Oqdaryo bayozi" kitobi yillar davomida bosqichma-bosqich nashr ettirib kelinmoqda va yuzga yaqin ijod-korlarimizning badiiy ijod namunalari ushbu kitoblar orqali tarix zarvaraqlarida o'z izini qoldirmoqda. Umidli qalam sohiblaridan Navro'z Hasanov, Farhod Ro'ziyev, Mashhura Vorisova, Gulhayo Abbosova, Cho'lponoy Ahmedova, Charos Qurbonova, To'lg'anoy Gadoyeva va boshqa o'nlab yoshlarimiz o'z ijod faoliyatlarini nafaqat, tuman, viloyatda, balki respublika miqyosida ham samarali davom ettirmoqdalar.
Oqdaryo ijodkorlari nafaqat ijod bilan, balki tumanimiz tarixini o'rganish, xotira va tarixiy kitoblar yozish va nashr etish bilan ham shug'ullanmoqdalar. Joriy yilda Oqdaryo tumani tashkil etilganligiga 100 yil to'lishi munosabati bilan tumandagi 4-maktabning tarix fani o'qituvchisi Nodir Mirzayevning "Oqdaryo tarixi" nomli kitobi hamda marhum tarixchi ustoz O'ktam Ikromovning "Namoz Botir" kitobi nashrga tayyorlanayotganligi ham fikrimizning isbotidir.
Darhaqiqat, Navoiy bobomiz ta'biri bilan aytilganidek, "Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq". Ajab emas, oqdaryolik ijodkorlarimiz orasidan ham "Navoiy panjasiga panja urmoq"qa azmu qaror eta oladigan qalam sohiblarini kashf etsak. Zero, Mavlono  Rumiy aytganidek: "Baxt - bu bulbuldek o'z qo'shig'ingni kuylash,   boshqalarga yoqadimi-yo'qmi, ular buni eshitganda nima deb o'ylashiga ahamiyat bermaslik...".
Xullas, o'z qo'shig'ingizni kuylayvering. Baxt va saodat hamisha hamrohingiz bo'lsin, aziz oqdaryolik ijodkorlar.
  Gulsara TINIBEKOVA,
  jurnalist.