21-oktyabr - Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun ONA TILI – MILLAT RUHI, OR-NOMUSI OʻZBEK TILIM – IFTIXORIM

Biz bilamizki, oʻzlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar oʻrtasidagi ruhiy, maʼnaviy bogʻliqlik til orqali namoyon boʻladi. Shuning uchun ham til avlodlar va ajdodlar oʻrtasidagi koʻprik vositasini bajaradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy maʼnaviy meros aynan til orqali bizgacha yetib kelgan va shu sababli biz buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan bahramand boʻlmoqdamiz.
Oʻz davrining buyuk mutafakkiri, ulugʻ ajdodimiz Hazrat Mir Alisher Navoiy bundan qancha asrlar ilgari tilimizning mavqeyi uchun kurash olib borib, uni yuqori pogʻonaga koʻtarishga, oʻzbek adabiy tilining shakllanishiga asos soldilar. Bu til imkoniyatlarini oshkor etib, goʻzal gʻazallar yozdilar, oʻz “Xamsa” asari bilan Nizomiydek buyuk ijodkor panjasiga panja ura oldilar.
Tilimiz nihoyatda boyligini, bir maʼno ifodasi uchun bir nechta soʻz mavjudligini, bu orqali esa nozik maʼno qirralarini ham yuzaga chiqarilishi mumkinligini isbotlab, ona tilimizda bitilgan ashʼorlari asrlar davomida nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki jahon adabiyoti durdonasi sifatida hanuz eʼtiborda.
Mustaqillikka erishish ostonasidagi ilk qadam bu Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi bayram sanalarimizni yanada boyitdi. Mustaqillikka erishganimizdan soʻng esa bosh qomusimiz - Konstitutsiyamizda ona tilimizning maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlab qoʻyildi. Shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.
Shunday boʻlishi ham kerak edi. Chunki til millatning ruhidir. Xalqning urf-odatlarini, qadriyatlarini, anʼanalarini, bir soʻz bilan aytganda, boy maʼnaviy merosini oʻzida aks ettirgan vosita shunday hurmatga, eʼtiborga va eʼtirofga loyiqdir.
Til millatning koʻzgusi, deydilar. Ustoz Toʻra Sulaymon aytganidek, bu koʻzguni gard-u gʻuborlardan, chang-u toʻzonlardan soniya sayin tozalay borish har birimizning farzandlik, fuqarolik burchimizdir. Til oʻzagimizning, oʻzligimizning, oʻziga bekligimizning bosh belgisidir.
Zero, A.Navoiy bobomiz aytganidek, tilimiz 18000 olamdan boyroq boʻlgan shunday bir xazinaki, har bir dur-u gavhari, yaʼni soʻzlari osmon yoritgichlaridan ham porloq, shunday bir gul-u chaman lolalaridan goʻzalroqdir.
Lobar UZOQOVA,
Shaxboz TOSHPOʻLATOV,
10-maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari.

TILIMIZNING SOFLIGINI SAQLASH - MUQADDAS BURCHIMIZ
- 21 окт, 09:27

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

MILLIY MADANIYATIMIZ KO‘ZGUSI
- 17 дек, 15:04

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27