TILIMIZNING SOFLIGINI SAQLASH - MUQADDAS BURCHIMIZ

Til - muqaddas va eʼzozlangan tushuncha, har bir inson uchun oʻz onasi kabi aziz va moʻtabar. Til - hayotning boshlanishi. Inson oʻz ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni  anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulgʻaygan sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar oʻqish orqali soʻz boyligini oshirib boradi. 

Ota-bobolarimiz tarixi, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida meros boʻlib qoldi. Xalqlar tarixi - bu ular tilining tarixi. Davlat rivojlanishi bilan davlat tili ham rivojlanadi. Xalq mustaqilligining asosiy belgisi - bu ona tili va milliy madaniyati. Dunyoning barcha davlatlari oʻz ona tillarini asrab-avaylashga intilishadi, shuning uchun har qanday davlat oʻzining madaniy merosi va ona tilini alohida hurmat qiladi.

Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson oʻz tilini bilishi, uni ulugʻlashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obroʻyi, nufuzi oshadi. Til tarixini, uning meʼyoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini millat tarixidan ayri holda oʻrganib boʻlmaydi.

Yuqori rivojlangan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh boʻlish uchun Oʻzbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz, lekin shuni unutmaslik kerakki, oʻzbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir Oʻzbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart. Hech kim hech qachon oʻz ona tiliga boʻlgan hurmatni yoʻqotmasligi kerak. 

Tilga hurmat - bu xalqqa hurmat. Oʻz  ona tiliga ega boʻlmagan  xalq   mamlakat boʻlolmaydi. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd boʻlsa ham milliy til sofligiga putur yetadi. Til davlat timsoli, mulki hisoblanadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dogʻ tushadi. Shu sababli, bu ulkan hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ona tiliga boʻlgan muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻlami yil sayin kengayib bormoqda. Binobarin, oʻzini oʻzbek millatining farzandiman, deb bilgan har bir shaxs ona tilimizga eʼtiborli boʻlishi, uning sofligini asrab-avaylashni muqaddas burchi deb bilishi shart.

Xullas, til - jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatning oʻtmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil - ona tili bildirib turadi. Til - muloqot zarurati tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi.

Shunday ekan, tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz boʻlib qoladi. 

Goʻzal ABDURAHMONOVA,

 32-maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.