Pensionerlar yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qanday soliq imtiyozlari mavjud?

      “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi”ning 421-moddasiga asosan quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk oltmish kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi:

a) pensionerlar;

b) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish ob'ekti joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

     Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga ko‘ra faqat bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob'ektiga tatbiq etiladi.

  “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi”ning 436-moddasiga asosan quyidagilar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod qilinadi:

 a) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.

 b) yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi bo‘lgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi.

 v) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir.

      Ushbu soliq imtiyozlari, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga beriladi. Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin.

        Ushbu moddada ko‘rsatilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

Uroqov AdxamPensiya jamg‘armasi Oqdaryo tuman bo‘limi  

  Fuqarolarga xizmat sho‘basi yetakchi   mutaxassisi: