Mutaxassislar maslahati ZARARKUNANDALARGA QARSHI KURASHISH TADBIRLARI

Mevali bog'larni mahsuldorligini oshirishda asosiy omillardan biri kasallik va zarar-kunandalardan o'z vaqtida va sifatli himoya tadbirlarini bajarishdir.
Oxirgi yillarda zararkunanda va kasalliklar bog'larga katta zarar keltirmoqda. Urug'li mevali bog'larga zararkunandalardan "Kaliforniya va binafsha rang qalqondorlar", "Olma qurti", "Sharq mevaxo'ri", "O'rgamchakkana" va bir qancha shira turlari keng tarqalgan. Shu asosida bog' va tokzorlarda ularning parvarishlash darajasiga bog'langan holda ehtiyojga qarab 2-3 tadan 4-5 martagacha purkash ishlari o'tkaziladi. Kaliforniya, binafsharang qalqondorlar, nok shira burgasi, kanalar va boshqa zararkunandalarga qarshi erta bahorda kurtak yozulgunga qadar ISO (oltingugurt ohakli eritmasi) yoki Ovipron preparatlari bilan profilaktik qarshi kurash ishlarini o'tkazish maqsadga muvofiq hisoblanadi. 
Olma qurti respublikamizning hamma mintaqalarida tarqalgan xavfli zarar-kunandalardan biri hisoblanadi. Qarshi kurash choralari olib borilmasa olma mevasini 80-90 foizgacha to`kilib ketishiga olib keladi. Olma mevaxo'ri qurtidan o'z vaqtida himoya qilish maqsadida zararkunanda kapalagining uchish muddati aniqlab turiladi. Bahorda birinchi kapalakning uchish davri olmaning gullab bo'lgan vaqtiga to'g'ri keladi. Ikkinchi avlod beradigan  kapalakning ommaviy uchish davri olma gullagandan 45-47 kun, uchinchi avlodiniki esa 92-96 kundan keyin boshlanadi. Dorilash muddatlarini feramonli tutquchlar bilan ham aniqlasa bo'ladi. Tutqichlar gektariga 1 tadan ilinadi. 5 kun ichida har bir tutqich bilan o'rtacha 5-10 tadan kapalak tutilsa o'sha bog'da kimyoviy ishlov berish boshlanadi.
Zararkunanda hashorotlarga qarshi Karbafos yoki Zolon (Benzofasfat) yoki Bi-58 (100 litr suvga 200-300 gr, 1 gektarga 2-4 litr) yoki Karate (100 litr suvga 30-40 gr , 1 gektarga 0.4-0.8 litr) yoki Donitol, Fufanon ( 100 litr suvga 100 gr, 1 gektarga 1.5-3 litr) Desis, Sumi alfa, Talstar preparatlari ham samaralidir.
J. UMAROV, 
Sh. KAMOLOV,
 tuman O'simliklar karantini va himoyasi bo'limi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari.