Yoshlar – jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi

Bugungi globallashuv davrida har bir mamlakatning rivoji, uning kelajagi va xalq farovonligi bevosita
yosh avlodning qanday tarbiya topayotgani, qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘layotganiga
chambarchas bog‘liqdir. Yoshlar — bu nafaqat kelajak egalari, balki bugungi kunning ham faol
ishtirokchilari, jamiyat hayotining ajralmas qismi hisoblanadi.
Zamonaviy dunyo shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda, yoshlar zimmasiga yanada katta
mas’uliyat yuklanmoqda. Bugun oddiy bilim bilan cheklanib qolish yetarli emas. Har bir yosh zamon
bilan hamnafas bo‘lishi, yangi texnologiyalarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi va o‘z sohasida
yetuk mutaxassis bo‘lishga intilishi lozim. Chunki bugungi raqobat muhitida faqat bilimli, intiluvchan
va tirishqoq insonlargina o‘z o‘rnini topa oladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yildan-yilga
kengayib bormoqda. Ta’lim tizimining takomillashuvi, zamonaviy o‘quv muassasalarining barpo
etilishi, turli grant va stipendiyalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari —
bularning barchasi yoshlarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishiga xizmat qilmoqda. Biroq
imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish har bir yoshning o‘ziga bog‘liq. Faqatgina harakat qilgan,
izlangan va maqsad sari qat’iyat bilan intilgan insonlargina yuksak natijalarga erishadi.
Yoshlar tarbiyasi masalasi ham doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi. Insonning komil bo‘lib yetishishi
nafaqat bilimga, balki uning ma’naviy dunyosiga ham bog‘liqdir. Halollik, mehnatsevarlik,
vatanparvarlik, hurmat va sadoqat kabi fazilatlar har bir yoshning qalbida mustahkam o‘rin egallashi
lozim. Ota-ona, ustozlar va jamiyat bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, ustozlarning o‘rni
beqiyosdir. Ular nafaqat bilim beradi, balki yoshlarni hayotga tayyorlaydi, ularga to‘g‘ri yo‘l
ko‘rsatadi.
Bugungi yoshlar orasida turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan iqtidorli yigit-qizlarimiz
talaygina. Ilm-fan sohasida yangi kashfiyotlar qilayotgan, sport musobaqalarida yurt bayrog‘ini
baland ko‘tarayotgan, san’at va madaniyat sohasida yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgan yoshlarimiz
barchamizga faxr bag‘ishlaydi. Ularning muvaffaqiyati boshqa yoshlar uchun ham kuchli motivatsiya
va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yoshlar oldida turli sinov va qiyinchiliklar ham mavjud. Axborot oqimining haddan
tashqari ko‘pligi, zararli odatlar, vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash kabi muammolar ba’zan ularning
rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu sababli har bir yosh o‘z hayotiga mas’uliyat bilan
yondashishi, vaqtini to‘g‘ri rejalashtirishi va foydali ishlar bilan band bo‘lishi zarur.
Bugungi kunda eng muhim masalalardan biri — bu yoshlarning mustaqil fikrlashini rivojlantirishdir.
Mustaqil fikrga ega bo‘lgan inson har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila oladi, o‘z yo‘lini
topadi va jamiyatga foyda keltiradi. Shuning uchun ham yoshlarni fikrlashga, izlanishga, savol
berishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, yoshlar — jamiyatning eng katta boyligi, kelajak bunyodkorlaridir. Ularning
har tomonlama yetuk, bilimli va tarbiyali bo‘lib voyaga yetishi har birimizning asosiy vazifamizdir.
Har bir yosh o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lida tinimsiz harakat qilsa, shubhasiz,
yuksak marralarni zabt etadi. Zero, kelajak bugungi yoshlarning qo‘lida, ularning bugungi harakati
esa ertangi kun natijasini belgilaydi.
Sevinch Abdumalikova
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi,