GERMANIYA TAASSUROTLARI VA KELAJAKDAGI ORZUIM

Men Samarqand davlat veterinariya meditsinasi chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining "Mahsulotlarni qayta ishlash texnologiyasi va standartlashtirish" fakultetida tahsil olaman. Bizning universitetda talabalarni ta'lim olish sifatini oshirish maqsadida Germanya davlatiga 3 oy muddat davomida yuborish uchun Germanya davlati bilan shartnoma tuzulgan. Universitetimizdan 10 nafar talaba ushbu baxtga muyassar bo'ldi. Shu talabalar qatorida men ham borligimdan faxrlanaman. 

  Amaliyot o'tash korxonamiz Germanyaning Bon shahriga yaqin bo'lganligi sababli vaqtimizni ko'proq qismini ushbu shaharda o'tkazdik. Bu yerda meni e'tiborimni tortgan birinchi narsa shaharning tabiati bo'ldi. Tabiatga nisbatan odamlari qanday munosabatda ekanligi menda juda katta qiziqish uyg'otdi. Chunki bu yerda atrof-muhit juda ham toza va hech kim hech qanday narsani ko'chaga shunchaki tashlab ketmaydi. Shuningdek, boshqalarning ham ifloslantirishiga yo'l qo'yilmaydi. Yana insonni ibrat oladigan bir tomoni, ular o'ziga bo'lgan talabni juda ham yuqori qo'yadi. Har bir bajariladigan ish o'z vaqtida hamda sifatli bo'lishi ular uchun juda muhim. Chiqindini qayta ishlash juda yaxshi yo'lga qo'yilgan va  har bir narsadan unumli foydalanishga harakat qilishadi .

 Insonlarga bo'lgan munosabati ham tahsinga loyiq, ya'ni, mehmondo'st davlat har qanday holatda ham to'g'ri gapni aytishni juda yaxshi ko'radi. Ular insonni inson sifatida juda qattiq hurmat qiladi va kibrli insonlarni unchalik ham yoqtirmaydi.

 Germanyada sut mahsulotlarini qayta ishlash keng yo'lga qo'yilgan. Men ham kelajakda O'zbekistonda jahon standartiga mos sut mahsulotlari, jumladan pishloq ishlab chiqarishni yo'lga qo'ymoqchiman. Bundan ko'zlangan maqsad, birinchidan xalqimiz sifatli mahsulot bilan ta'minlanadi, ikkinchidan ish o'rni yaratish hamda boshqa davlatlarga eksport qilishdan iboratdir.


Munisaxon Sayidqosimova, 

      Samarqand davlat veterinariya meditsinasi chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti talabasi.