Buyuk ajdodlarimizga boʻlgan yuksak eʼtibor

Buyuk ajdodlarimizga boʻlgan yuksak eʼtibor


 Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda madaniyat va sanʼatni ravnaq toptirish yoʻlida katta ishlar olib borilayotganligini alohida taʼkidlash joiz. Ayniqsa,  16-may kuni Toshkent shahrida milliy estrada sanʼati asoschisi, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi va shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Prezident Sh.M.Mirziyoyev ishtirok etib sanʼat muxlislarini qizgʻin tabriklaganligi juda katta quvonchli voqea boʻldi. Davlatimiz rahbari xonandaning benazir isteʼdod va insoniy fazilatlarini alohida eʼtirof etdi. 

    Botir Zokirov juda qisqa umr koʻrgan boʻlsada, shu yillar davomida oʻzidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirgan. Uning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, xalqimiz qalbidan, sanʼatimizning oltin fondidan munosib joy olgan. 

 Botir Zokirov   29 yoshida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlganligi ham uning naqadar buyuk isteʼdod egasi ekanligidan dalolatdir. U 2000-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

   Botir Zokirov umr boʻyi yangilikka intilib yashagan,  xonanda va kompozitor sifatida koʻplab isteʼdodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikamizda xizmat koʻrsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir.

   Buyuk sanʼatkorning soʻnmas xotirasini eʼzozlash, ijodiy merosini oʻrganish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Botir Zokirov tahsil olgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan koʻchaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada sanʼati instituti barpo etildi. Endi bu yerda haykal oʻrnatilishi majmuaga yanada koʻrk bagʻishladi.

     Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan sanʼatimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish, institutga milliy sanʼatimizda fenomen boʻlgan Botir Zokirov nomini berilishidan asosiy maqsad, bu dargohda uning munosib izdoshlarini tarbiyalash, isteʼdodini yuzaga chiqarishdan iboratdir. Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga boʻlgan yuksak eʼtibor  hamda ularning  boy merosini oʻqib-oʻrganish yuzasidan olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlardan xalqimiz benihoya mamnun boʻlishdi. Zero, bu kabi xayrli ishlar yosh avlodlarimizni ona Vatanga muhabbat hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashimizda muhim ahamiyatga egadir.

                                    Gulsara TINIBEKOVA,

“Oqdaryo ovozi” gazetasi Maʼnaviyat va madaniyat boʻlimi mudiri.