Umrboqiy she'rlari qalbimizda yangraydi

Zulfiyaxonim o'zbek adabiyotida o'z nazmiy uslubiga, o'ziga xos ijodiy olamiga ega ijodkorlardan. Shoiraning she'rlari adabiyot muxlislarini o'ziga butunlay rom etdi, ijodiy istiqboli porloq ekanini ko'rsatdi.
Hayotdagi barcha go'zalliklar ayolga bo'lgan muhabbat tufayli yuzaga kelgan, deyishadi. Qaysi sohada ishlamasin, xoh uy bekasi bo'lsin, farzand tarbiyachisi bo'lsin, xotin-qizlarimiz ilmu hunari, mehru muhabbati bilan hayotning har bir kuniga yanada chiroy bag'ishlaydi. Shoiraning she'rlarida ayollar dunyosi alohida o'rin tutishida ham katta ma'no bor. Shu sababli uning ijodi, ibratli fazilatlari ko'pchilik qizlar uchun namuna olishga arzirli ijodkor sifatida yodga olinadi.
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor...
Ushbu go'zal satrlar ila boshlanuvchi go'zal she'r necha yillardan buyon o'quvchilar orasida tillardan tushmay, hirgoyi qilib kelinadi. Mana shunday hayotbaxsh, umrboqiy she'rlari bilan qalblarga yoshlik zavqi, bahoriy kayfiyat ulashgan Zulfiya tavalludiga bu yil 108 yil to'ldi. Ardoqli o'zbek shoirasi Zulfiyaxonim Isroilova 1915-yilning 1-martida Toshkent shahrida tug'ilgan. Uning adabiy merosi nihoyatda boy bo'lib, o'nlab kitoblari o'zbek adabiyoti xazinasidan mustahkam o'rin olgan. Shoira nafaqat badiiy ijodi bilan, ayni paytda o'zbek ayoliga xos vafo va sadoqat timsoli sifatida ham xalqimiz mehrini qozongan. Uning "Dalada bir kun", "Tong qo'shig'i" nomli she'rlar turkumi, "Men tongni kuylayman", "Yuragimga yaqin kishilar", "Kuylarim sizga" kabi to'plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko'rsatayotgan kishilar hayoti jo'shib kuylanadi. Zulfiyaning "O'g'lim, sira bo'lmaydi urush" she'ri ham onalik baxti, mehri, tilagi bilan yozilgan, desak mubolag'a emas. Sababi o'sha yillari Ikkinchi jahon urushi tahlikasi shoira ijodiga ta'sir o'tkazgan. Uning "Mening o'g'lim hayotga kerak", degan bitiklari bugun ham barchamizga osuda zamonamizning qadriga yetishga undaydi.
Zulfiyaxonim o'zining boy adabiy merosi, faol jamoat arbobi sifatidagi faoliyatida o'zbek ayollarining salohiyati naqadar yuksak ekanini ko'rsatib, latif ijodi bilan millionlab kishilarga ezgulik, muhabbat va sadoqatdan saboq berdi. Har aytgan so'zi qalbda ezgulik, haqiqat, timsoli bo'lib muhrlanadi. Umuman olganda, shoiraning she'rlari haqida ko'p gapirish mumkin. Uning she'rlarini o'qir ekanmiz, o'zbek ayoliga xos va mos bo'lgan hayo, ibo, insoniylik, sadoqat, muhabbat kabi tuyg'ular yuragimizda o'z-o'zidan jo'sh urib ketadi. Shundan bo'lsa kerak, uning she'rlari qalbimizda hanuzgacha jaranglaydi.
Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo'shiq.
Bu qo'shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to'liq.
G.Abdurahmonova,
32-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.
Мавзуга оид:

SADOQAT VA VAFO TIMSOLI
- 01 мар, 10:26

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27