HOMILADOR AYOLLARGA VA OILAVIY VAZIFALARNI BAJARISH BILAN MASHG'UL SHAXSLARGA YILLIK MEHNAT TA'TILLARI QACHON BERILADI?

O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining  400-moddasida «Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik mehnat ta'tili, ularning xohishiga ko'ra, tegishincha homiladorlik va tug'ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin beriladi», deb belgilangan.
Homilador ayollarni yillik mehnat ta'tilidan chaqirib olishga yo'l qo'yilmaydi. 
Bolani parvarishlash ta'tilidan foydalanayotgan xodimga yillik mehnat ta'tili, uning xohishiga ko'ra, bola parvarishlash ta'tilidan oldin yoxud undan keyin beriladi. 
Ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug'ish ta'tili davrida o'z xohishiga ko'ra yillik mehnat ta'tili:
birinchi ish yili uchun - ishlab berilgan vaqtdan qat'i nazar;
keyingi yillarda - ta'tillar berish jadvalidan qat'i nazar beriladi.
O'n to'rt yoshga to'lmagan bitta va undan ortiq bolani (o'n olti yoshga to'lmagan nogironligi bo'lgan bolani) tarbiyalayotgan yolg'iz otaga, yolg'iz onaga (beva erkaklarga, beva ayollarga, nikohdan ajrashganlarga, yolg'iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik mehnat ta'tillari, ularning xohishiga ko'ra, ular uchun qulay bo'lgan vaqtda beriladi.
X.Yaxshiboyev,
 tuman adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish
 markazi bosh yuriskonsulti.