ORZULARI OSMON QIZ

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarimizning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishga, ularning har tomonlama komil inson bo'lib voyaga yetishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada yosh yigit-qizlarimizning sportga bo'lgan qiziqishlari tobora ortib borayotganligini alohida ta'kidlab o'tsak arziydi. Ayniqsa, respublikamizning chekka hududlarigacha yetib borgan va yoshlarimizning sevimli mashg'ulotlariga aylangan sport  kundan-kunga rivojlanib borayotganligi quvonchlidir. Buning natijasida tuman, viloyat, respublika miqyosida ko'plab sportchi yigit-qizlar yetishib chiqmoqda.
   Dildora Rustamova ham tumanimizning ana shunday umidli yosh sportchilaridan biri hisoblanadi. U tumandagi 8-maktabning 5-sinf o'quvchisi. Endigina o'n bir yoshni qarshilayotgan bu qiz juda yoshligidan boshlab sportning murakkab turlaridan biri bo'lgan qo'l jangi bilan shug'ullanadi va yosh bo'lishiga qaramasdan juda ko'plab yutuqlarga erishishga ulgurgan. U ayni paytda nafaqat tuman, viloyat va respublika miqyosida hamda Osiyo chempionligi uchun o'tkazilgan musobaqalarda ham faxrli o'rinlarni egallab kelmoqda.
2022- yilning sentyabr oyida Osiyo chempioni bo'lib kelgan Dildora ayni paytda ham o'z ustida tinimsiz izlanib, ustozlari o'gitlariga amal qilib kelmoqda. Sportchi qiz doimo harakatda, aslo tinim bilmaydi. Uning ko'zlarida shijoat, qat'iyat va bilaklarida kuchni ko'rasiz. Dildora ana shunday o'ziga ishonch bilan o'tgan yili 13-noyabr kuni Namangan viloyat Aralash jang assosiatsiya Uchqo'rg'on bo'limida MMA turi bo'yicha jangda faol ishtirok etdi. Keskin bahs-munozaralar bilan o'tgan ushbu  bellashuvda faxrli 1-o'rinni qo'lga kiritib, kamar sohibiga aylandi. So'ngra 19-20 noyabr kunlari Qirg'iziston Respublikasi Jalolobod shahrida bo'lib o'tgan xalqaro turnirda ham ishtirok etgan yosh sportchi qizimiz Dildora faxrli 1-o'rinni egalladi hamda diplom va medal sohibasi bo'ldi.
-  2022-yil mening hayotimda yorqin iz qoldirdi, - deydi yosh sportchi Dildora Rustamova. - O'tgan yilning o'zida men 6 ta kamar, 14 ta medalni egallashga sazovor bo'ldim. Qo'lga kiritilgan yutuqlarimning zamirida albatta tinimsiz mehnatim bilan bir qatorda ustozlarimning ham mehnati beqiyosdir. Ayniqsa, Qirg'izistondagi musobaqalarda jang maydoniga "O'zbekiston qizalog'i" deb chaqirganda, yelkamda O'zbekiston bayrog'ini ko'tarib borar ekanman, qalbim faxr va iftixorga to'ldi. Ana shu yuksak faxr-iftixor tuyg'usi bilan jonajon O'zbekistonim uchun g'alabaga erishdim. 
Darhaqiqat, Dildora Rustamova bugungi kunga qadar juda ko'plab yutuqlarga erishdi. Lekin erishilgan yutuqlar hali  u uchun chegara emas. Orzulari osmoncha bo'lgan yosh sportchi qizimiz Dildoraning kelgusida bundan-da yuksak marralarni zabt etishiga biz ham albatta ishonamiz va uning galdagi ishlariga ulkan zafarlar tilab qolamiz. 

G.TINIBEKOVA.