Milliy qadriyatlar va madaniy meroslarimiz millatimizning ko‘zgusidir.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tumanimizning adabiy muhiti va adabiy merosimizning naqadar boy ekanligiga amin bo‘lamiz. Oqdaryoda dostonchilik maktabining ishlari davom etmoqda. Tumanimizning “G’o‘lva” qishlog‘ida baxshi bobomiz Parda shoir Do‘syor o‘g‘li yashagan. Bu haqda tuman gazetasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi Oygul Mamatovaning qalamiga mansub “Oqdaryo dostonchilik maktabining asoschisi Parda shoir Do‘syor o‘g‘lini bilasizmi?” sarlavhasi bilan muhim tarixiy maqola e’lon qilindi. Baxshi yashagan davr, uning hayoti va ijodi, sajarasi, dafn etilgan maskanlarining tarixi o‘rganilib, xalqimizga taqdim etildi va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
“Oqdaryo ovozi ” gazetasi qoshida tashkil etilgan “Navnihol” ijodiy klubi a’zolari tashabbusi bilan tuman adabiy muhitining tarixi o‘rganilmoqda va bugungi zamonaviy adabiyotimiz, yosh ijodkorlarimiz faoliyatiga katta e’tibor berilmoqda. 2023-yilda Oqdaryo ijodkorlarining “Oqdaryo bayozi” hamda “Yoshlar bayozi” kitoblari chop etildi.
Tumanimizning har bir mahallasi va ta’lim maskanlarida milliy urf-odatlarimiz, adabiyotimiz, san’timiz tarixi va buguni o‘rganilmoqda va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.Tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarimizda xalqimiz milliy madaniyati, san’ati o‘z aksini topmoqda. Tumanimizda folklor etnografik ansanbllari tashkil etilgan. “Tasanno”, “Omon Yor”, “Chittigul” ansambllari xalqimiz xizmatida. “Oqdaryo navolari” mumtoz va folklor etnografik ansambli milliy ashulalarimiz, raqs, musiqa, lapar va aytishuvlari bilan tumanimiz aholisi olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Tasviriy san’at to‘garaklari hamda kashtachilik, yog‘och o‘ymakorlik, milliy hunarmandchilik markazlarining faoliyatlari milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash,hayotga joriy etish hamda kelgusi avlodlarimizga yetkazishimiz borasida muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.Har bir kasb doirasida ustoz-shogirdlik an’analari davom etmoqda. Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida mahallalarimizda kutubxonalar tashkil etilmoqda.
Tumanimizning madaniy meros maskanlari jahon ahlining diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda. “Maxdumi A’zam”, “Abdulla Ansoriy”, “Tohir va Zuhra”, “Qo‘tirbuloq”kabi ziyoratgohlarimiz mavjud. Diniy olamning buyuk allomasi ulug‘ zotlardan biri mutafakkir hazrati Maxdumi A’zamdir. Asl nomi Sayyid Ahmad Xoja Kosoniy taxminan 1463-64 yili Farg‘ona vodiysining Kosonsoy shahrida dunyoga kelganlar. O‘z yurtida va Toshkentda ilm olib kamolotga erishgandan keyin Shayboniy xukmdorlaridan Jonibek Sultonning taklifiga binoan Samarqandning Miyonqol vohasiga ko‘chirib keltirishgan. U kishi kelganlaridan keyin bu vohani obodonlashtirib o‘n tup tol ekadilar. Keyinchalik bu joy o‘n tolga nisbat berilib Dahbed degan nom oladi. Maxdumi A’zam hazratlari 30 dan ortiq asarlar muallifi, Naqshbandiy tariqatining bilimdoni bo‘lib, shayx maqomiga erishgan. O‘z davrida yuzlab shogirdlarini tarbiyalagan Maxdumi A’zam Hazratlari 1542 yil Dahbedda vafot etadi. Maxdumi A’zam Hazratlarining qo‘nim topgan joyiga Samarqandlik ko‘plab allomalar dafn qilingan.
Tumanimiz madaniy merosining katta maskanlaridan biri “Tohir va Zuhra” ziyoratgohidir. Bu qadamjo Oqdaryoning chap sohilida, baland jarlik ustida joylashgan. Zarafshon daryosi Samarkand shahridan o‘tib ikkiga Oqdaryo va Qoradaryoga ajralib ketadi va Kattaqo‘rg‘on atrofida yana birlashib, Zarafshon Buxoro vohasi tomon oqishda davom etadi. O‘tmishda ushbu ikki daryo oralig‘i (eni 15 km, uzunligi 100 km) Yozma manbaalarda “Nim Sug‘d” (Yarim Sug‘d), Miyonkol (ko‘l o‘rtasidagi orol) deb nomlangan Oqdaryo tumani Yangiravot MFY hududidagi “Chorvoqtepa” (Zuhra tepa)tepaligi. Ushbu tepalik tumanimizdagi davlat tasarrufiga olingan 200 dan ortiq tepalik va yodgorliklarning biri bo‘lib, “Qoraxontepa”ning yonida joylashgan. Arxeologlarning tasdiqlashicha ushbu tepalik III-IV asrlarga tegishli bo‘lib, tepalik ostida yer osti yo‘llari, gumbazli uylar – xonalar mavjud. Mashhur tarixchi olim A.Vamberi 1830 yilda yozgan “O‘rta Osiyoga sayohat” kitobida “Tohir va Zuhra” dostoni haqida ma’lumotlar qoldirgan. Tumanimiz tarixchi olimlari va mutaxasislaridan Komil Pardayev, Kamolxon Kattayev, Nodir Mirzayev, O‘ktam Ikromovlar o‘z yozmalarida Miyonkol va uning tarixi to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlarni keltirmoqdalar.
O‘z millatining tarixini, qadriyatlarini ulug‘lagan xalq boy va umri boqiydir.
Diyora YUSUPOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo’linmasi rahbari.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo’linmasi rahbari.
Мавзуга оид:

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

MILLIY MADANIYATIMIZ KO‘ZGUSI
- 17 дек, 15:04

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00