G‘o‘za parvarishida zararkunandalarga qarshi kurash dolzarb masala

Oqdaryo tumanida g‘o‘za maydonlaridagi xavfli zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni tavsiya qilamiz.
O‘rgimchakkanaga qarshi kurash. Profilaktika maqsadida oltinko‘z entomofagini har gektarga 1000-2000 donadan tarqatish. Oltinko‘z tuxumlarini 10×10 m sxemada bir gektarda 100 nuqtaga tarqatiladi. G‘o‘zaning o‘suv davrida oltingugurt kukunini changlatish, 0,5-1°li OOQ (oltingugurt ohakli qaynatmasi) bilan ishlov berish, o‘rgimchakkana tarqalishi xavfi yuqori bo‘lganda maxsus akaritsidlar bilan kimyoviy ishlov berish. O‘rgimchakkananing kimyoviy vositalarga chidamlilik (rezistentlik) hosil qilmaslik uchun uning rivojlanish davrida har xil guruhga mansub akaritsidlarni almashtirib ishlatish. O‘rgimchakkanaga qarshi dastlabki davrda tarkibida geksitiazoks yoki propargit va abamektin ta’sir etuvchi moddalari bo‘lgan preparatlarning   birortasi bilan ishlov beriladi.
Ko‘sak qurtiga qarshi kurash. Ko‘sak qurti kapalaklarini aniqlash uchun, g‘o‘za shonalash davrida dalaga   1 gektarga 1 donadan feromon tutqich joylashtiriladi.  Ko‘sak qurtining har bir avlodiga qarshi har bir feromon tutqichga, bir kechada 2-4 kapalak ilinishi bilan, trixogramma tarqatila boshlanadi. Buning uchun 1 gr kushandani 1 gektarga (400 nuqtaga) 5m x 5m tizimda tarqatib chiqiladi. Yana 3-4 kun oralatib har avlodiga qarshi 3-4 marta kushanda tarqatiladi.Ko‘sak qurtining o‘rta va katta yoshdagi qurtlariga qarshi 1:5, 1:10, 1:20 nisbatda brakon entomofagi tarqatiladi.
Brakon zararlagan bitta ko‘sak qurtida 20-25 tagacha brakon lichinkasi rivojlanishi mumkin. Brakon zararkunandaning har bir avlodiga 1:20, 1:10, 1:5 nisbatlarda 1-2 marta 5-6 kun oralatib tarqatiladi. Dalaga chiqarib qo‘yishda brakon entomofagini 3 litrlik shisha bankalarda 1 gektarga yetadigan miqdorda biomahsulot olinadi. Har nuqta oralig‘ida 1-2 minut banka og‘zi ochilgan holda ushlab turiladi. O‘rtacha har 100 tup g‘o‘zada ko‘sak qurti 8-10 tadan oshganida kimyoviy ishlov o‘tkaziladi. Bunda ishlov ilmiy-asoslangan muddatlarda, ya’ni kapalaklari qiyg‘os tuxum qo‘yib, kichik yoshlik qurtlari paydo bo‘lganida o‘tkazilishi kerak. Bu yuqori samara olish garovidir. Dalada o‘rta va katta yoshlik qurtlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, yuqori samarani olishning garavi emamektin benzoat yoki indoksakarb ta’sir etish moddalariga ega preparatlarni (surrender, emameks, prokleym, avaunt va boshqalar) ishlatishdir.  
G‘o‘za qandalasiga qarshi kurashda  uning  oldini olish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish kerak
1. G‘o‘za va boshqa ekinlarga asosan beda va dala qandalasi, janubiy viloyatlarda esa (Surxondaryo, Qashqadaryo, Novoi va Buxoro viloyatlarining bir qismi) g‘o‘za qandalasi zarar keltirishi mumkin. G‘o‘za qandalasining zarari boshqa qandalalarga qaraganda yuqori va sezilarlidir.
2. G‘o‘za va boshqa qandalalarni tarqalishining oldini olish maqsadida begona o‘tlarni muntazam yo‘qotish, ayniqsa, shonalash davrida bu tadbirga alohida e’tibor qaratish lozim.
3. G‘o‘za qandalasining zichligi o‘rtacha har 100 tup o‘simlikda iyun oyida 30-40 ta, iyul-avgust oylarida 50-70 ta va undan oshganida kimyoviy kurash o‘tkaziladi. Buning uchun eng samarali insektitsidlar sifatida quyidagi dorilarni ishlatish mumkin: Nurell-D – 1,0 l/ga, Bi-58 – 1,5 l/ga va bularning analoglari, hamda neonikotinoidlar (imidakloprid, asetamiprid).
Shu o‘rinda shuni eslatib o‘tishimiz kerakki tumanimizda g‘o‘za maydonlarida uchraydigan xavfli zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlarga qarshi kurash ishlarini olib bormagan klaster va fermer xo‘jaliklari mavjuddir. O‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunining 19-20-moddalariga asosan klaster va fermer xo‘jaliklarining o‘simlik kasalliklari, begona o‘tlari, zararkunandalariga qarshi kurash majburiyati mavjuddir. Karantindagi kasalliklar, zararkunandalar, begona o‘tlarga qarshi kurash ishlarini olib bormagan klaster va dehqon- fermer xo‘jaliklari MJTK ning 107-108-moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantiramiz.
Sh. KAMOLOV,
 B. ISHNIYOZOV,
 A. SIDIQOV.
tuman Oʻsimliklar karantini va himoyasi
 boʻlimi fitosanitar                                        
nazorati davlat inspektorlari.