Tariximizni o'rganamiz DOUMSAID MASJIDINING TARIXINI BILASIZMI?
Doumsaid masjidi 1870 yilda Yusufboy va Mamadiyor xoji tashabbusi bilan qurilishi boshlangan. Ushbu masjidning qurilishida yaqin atrofda yashovchi fuqarolarning ham xizmati katta bo'lgan, albatta.
Masjidning Doumsaid deb nomlanishi boisi, masjid joylashgan qishloqning nomi bilan bog'liq. Bu qishloqning Doumsaid deb nomlanishiga sabab ushbu nom forscha bo'lib, o'zbek tilida o'ninchi said bo'ladi. Arabistondan islomni targ'ib qilish maqsadida kelgan Uzun ota, Badr ota, Miryoqub Said otalar bo'lib, Uzun ota Surxondaryo viloyati Uzun tumanida, Badr ota Qashqadaryo viloyatida, Miryoqub Said ota Oqdaryo tumanida qo'nim topishgan. Miryoqub Said otaning 5 ta farzandi bo'lib, ular Said ota, Elim Said ota (Chuqur qishloqda) Bo'ron Said ota (Ishtixon tuman) Jabbor Said ota (Xo'jandda) Said Qodir ota (Qo'qondda) qo'nim topishgan.
Doumsaidda qo'nim topgan Miryoqub ota payg'ambarimiz (R.S.A.V.)ning o'ninchi avlodi bo'lganligi sababli o'ninchi Said, ya'ni Doumsaid degan nomning kelib chiqishiga sabab bo'lgan, ya'ni Payg'ambarimiz (S.A.V.)ning qizi Fotima onamiz va Hazrat Alining avlodi (ushbu ma'lumotlar Doumsaidda yashovchi Jaxbarov Obidxondan olindi).
Endi masjidning qurilishiga homiy bo'lgan va tashabbuskor bo'lgan Yusuf boy va Mamadiyor xojilar haqida to'xtalsak.
Yusuf boy Rayimtepa qishlog'ida yashab o'tgan Chori XVIII asrning oxirlarida tug'ilgan. Chori o'g'li Yusuf (1830-1901), Yusuf o'g'li Ahmad (1905-1982). Ahmad boboning farzandlari: Nazar Ahmedov (1941- 2014) Nazar Ahmedov viloyatda qurilish va texnika sohalarida rahbar bo'lib ishlagan. 1993-yildan 2000-yilgacha Oqdaryo tuman hokimi lavozimida ishlab, tuman rivojiga katta hissa qo'shgan. Ikkinchi o'g'li Azamat Ahmedov (1944-2015). Maorif sohasida faoliyat ko'rsatgan, Ahmedov Abdusamad 1951-yilda tug'ilgan, ishlab chiqarishda, Ahmedov Bahrom, Ahmedov Baxtiyorlar turli sohalarda faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Ikkinchi tashabbuskor Mamadiyor xoji Qarqarali qishlog'idan. Uuning o'g'li Fayzulla, Fayzullaning o'g'li Murodullo tuman va jamoa xo'jaliklarida turli lavozimlarda ishlab hurmat qozonishgan.
Mamadiyor xoji Xaj amalini bajarish maqsadida tumanda birinchilardan bo'lib Makka va Madinaga piyoda yo'l bosib Xaj amalini bajargan.
***
Sobiq ittifoq davrida masjid qarovsiz ahvolga kelib qolgan edi. Sayil kunlari, juma kunlari namozxonlarni masjidga keltirmaslik uchun tuman rahbarlari, ichki ishlar xodimlari jalb qilinib, yo'llar to'silardi. Shunday bo'lsada, namozxonlar ibodatga kelishdan to'xtamasdi.
Istiqlol sharofati bilan masjidning faoliyati jonlandi. 1994 yilda taqdir taqozosi bilan men "Zarafshon" jamoa xo'jaligiga rais etib saylandim. O'sha paytda Doumsaid masjidining eskirib, ta'mirtalab bo'lib qolganligi sababli uni to'liq ta'mirlash tashabbusi bilan Jaxbarov G'ozixon, Rahmatov Shukurxon, Karimov Abdiqobillar mening huzurimga kelib, ushbu ishda amaliy yordam berishimni so'rashdi. Ular masjidni ta'mirlash uchun yog'och materiallari kerakligini aytishdi. Shunda maslahatlashib Raimtepa qishlog'i bilan Chorvoqtepa qishlog'i o'rtasida joylashgan, atrofdagi odamlar aziz joy deb hisoblab kelayotgan Eshmat polvon bobo ziyoratgohida o'sgan qayrog'ochlar va xo'ja-likning turli joylardagi aholi kesishga hayiqadi-gan joylardagi daraxtlar kesib masjidga keltirildi.
Masjidni ta'mirlash uchun Jaxbarov Obidxon tashabbusi bilan Mo'zon qishlog'ida yashovchi Qarshiyev Abduqobil usta jalb qilindi. Usta o'g'li Qarshiyev Ilhom bilan ish boshlar ekan, bir nechta simyog'och kerakligini aytdi. Simyo-g'ochlarni o'sha paytda tuman elektr tarmoqlari idorasi boshlig'i bo'lib ishlayotgan Mamarizayev Ahror yetkazib berdi. Usta simyog'ochlarni masjidning zavarovlariga ichki va tashqi tomonidan tirgak qilib mahkamladi va avval orqa devorni to'liq almashtirdi, xuddi shu uslubda masjidning devorlari to'liq almashtirildi, ammo tom qismi buzilmadi.
Poydevor uchun blok g'ishtlarni Ahmedov Azamat yetkazib berdi. Devorlarning buzilishi jarayonida ma'lum bo'ldiki, eski qalama, sinchlar butunlay chirib ketgan ekan. Faqatgina muvo-zanat va ustunlar masjidning qulab ketmas-ligidan saqlab turganligi ma'lum bo'ldi.
Masjidni ta'mirlashda yaqin-atrofda yashov-chi aholi ham yaqindan yordam berdi. Kimdir loy ishlarida, kimdir ishlovchilarga ovqat yetkazib o'z hissasini qo'shishga harakat qilishdi. Ulardan Alloh rozi bo'lsin.
Endi Abduqobil usta haqida to'xtalmasak bo'lmas.
Abduqobil Qarshiyev Mo'zon qishlog'ida tug'ilgan, uning farzandlari Qarshiyev Ilhom, Qarshiyev Faxriddin, Abduqobilov Abdujabbor, Qarshiyev Hamdam, Qarshiyev Nodirlar tumanda turli sohalarda faoliyat ko'rsatib, hurmat qozongan insonlardan hisoblanadi.
Doumsaid masjidiga juma va hayit namoz-larini ado etish uchun sobiq Zarafshon, Guliston, Samarqand, Navoiy, Yangiobod jamoa xo'jaliklaridan namozxonlar kelishadi.
Masjid faoliyat ko'rsatish uchun adliya bo'limining ruxsati bo'lishi lozim. Adliyadan ro'yxatdan o'tkazish uchun o'sha vaqtda masjid imomi bo'lgan Islomov Ro'zi domla, qishloq faoli Egamberdiyev Oltiboylarning xizmati katta bo'lganini ta'kidlash loizm.
Albatta bungacha ham masjidda joriy ta'mirlash ishlari bo'lib turgan. Samarqand jamoa xo'jaligidan ustalar bu sohada ish olib borishgani ma'lum. Ulardan ham Alloh rozi bo'lsin.
Biz aytgan fikrlardan masjid sobiq ittifoq davrida faoliyat ko'rsatmagan deb tushunmaslik kerak, biroq, ko'plab cheklovlar va to'siqlar bo'lganini eslatib o'tmoqchimiz xolos.
Masjidning bugungi holatga kelishida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi bo'lib ishlagan A'zamxon Bahromovning ham xizmatlarini ta'kidlash lozim. U kishi tomonidan masjidning ust qismi yangilanib, shifer bilan yopildi. Yonidagi hujralar ta'mirlanib yangi hujralar qurishda amaliy yordam berganlar.
Shuningdek, O'rta qishloqda yashovchi Faxriddin (Begmat) xoji masjid uchun o'z hisobidan tahoratxona qurib, kerakli uskunalar bilan jihozlab berganini alohida ta'kidlab o'tish lozim.
Turli vaqtlarda masjidga imomlik qilgan domlalar to'g'risida to'liq ma'lumotlar saqlanib qolmagan. Biz bu haqida qariyalardan so'rab aniqlaganlarimiz quyidagilar:
1. Mulla Bobonazar (Loyish sh.dan)
2. To'rayev Jo'raxon (Doumsaid qish.)
3. Mulla Berdiqul Elmurodov (Mullaxo'ja qish.)
4. Mulla Eshmirza bobo (Yangioboddan)
5. Mulla Muhiddinxon Po'latov (To'rtayg'ir qish.)
6. Islomov Ro'zimurod (Kamoltepa qish.)
7. Barotov Azamat (Payariq.Eshmoqsoq q.)
8. Asomov Ravshanxon (Xoldor qish.)
Hozirgi kunda eski masjidning orqa tomonida barcha qulayliklarga ega bo'lgan yangi masjid qad ko'tarmoqda. O'ylaymizki, tumanimizda yana bir yangi, chiroyli masjid yaqin vaqtlarda qurib bitkaziladi. Ushbu masjid hashar yo'li bilan barpo etilmoqda.
Doumsaid masjidini qurishda faoliyat ko'rsatishda, ta'mirlashda amaliy yordam bergan har bir musulmondan Alloh rozi bo'lsin. Ular nomiga juma va hayit nomozlarida duolar qilinib turilsa, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi.
Masjidning ochilishida amaliy yordam bergan Burganli qishlog'ida yashovchi Shodiyev Qurbonning ishlariga Yaratgan baraka bersin.
Bizning xotiramizga kelmay qolgan, nomi ushbu risolaga kirmagan bo'lsa-da, masjid uchun katta xizmat qilganlar bo'lsa, ulardan uzr so'ragan holda Alloh ulardan rozi bo'lishini tilab qolamiz.
Yuqorida keltirilgan ma'lumotlarni to'plash-da amaliy yordam bergan Obidxon Jaxbarov, Ahmedov Abdusamat, Jo'rayev Rustamxon, mulla Ro'zi Islomov, Abdualimov Mannonxon, Jo'rayev Qilichxon, Qoratuxum qishlog'idan Ubaydulla aka, Qorateri qishlog'idan Ergash akalarga minnatdorchilik bildiramiz. Ularning gaplari orasidan qisman o'zlariga bildirmagan holda ma'lumotlar olishga harakat qildik.
Rizoqul USANOV,
Temirak qishlog'ida yashovchi, mehnat faxriysi.Tarixga bir nazar MENING YANGIQO'RG'ONIM!
- 19 апр, 15:32
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00