Adliya xabarlari OLIY TA'LIM MUASSASASIGA QABUL QILISH TARTIBI O'ZGARMOQDA

O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 24.05.2024 yildagi "Oliy ta'lim tashkilotlariga o'qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini   joylashtirish tizimini takomillashtirish to'g'risida"gi PF-81-sonli Farmoni qabul qilindi.
Oliy ta'lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo'yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish bo'yicha tartib tasdiqlandi. 
Xususan, 2024/2025 o'quv yili qabuli dan boshlab:
davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta'lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaхassisliklari bo'yicha kunduzgi ta'lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etilmoqda.
Davlat granti kvotalarining oliy ta'lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishi bo'yicha ro'yхatdan o'tgan abituriyentlarning tanlovi va to'plagan ballariga ko'ra amalga oshiriladi.
2024/2025 o'quv yilidan boshlab har bir ta'lim yo'nalishi bo'yicha oliy ta'lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta'lim sohalari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
2024/2025 o'quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta'lim granti bir o'quv yili uchun ajratiladi. 
Bunda: u birinchi kursda davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to'plagan talabalarga ajratiladi;
grant ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko'rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta'lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.
Bundan tashqari, davlat oliy va professional ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha imtihonlar "avval test, so'ng tanlov" tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o'tkaziladi. Bunda abituriyentlar o'z tanloviga ko'ra test sinovi natijasida to'plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta'limning bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga, so'ng professional ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. 
Davlat oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilandi:
birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5 iyundan 25 iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro'yхatdan o'tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta'lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo'lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta'lim muassasasini tanlaydi. O'qishga qabul qilish bo'yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o'tkaziladi;
ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to'liq yakunlanganidan so'ng 15 kun davomida oliy ta'lim muassasasi, bakalavriat ta'lim yo'nalishi va ta'lim shaklini tanlaydi.
Х.YAXSHIBOYEV,
tuman adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti.