NAVOIYNI ANGLASH - MA'NAVIYATNI ANGLASHDIR

Butun turk dunyosi Alisher Navoiyni "shams ul-millat" - millat quyoshi deb hamma davrlarda e'zoz bilan tilga oladi. Butun umrini turkiy til mavqeyini ko'tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag'ishlagan boboka-lonimiz bu e'tirofga to'la-to'kis munosib va haqlidir. U haqidagi biografik ma'lumotlar, yozmishlarining deyarli barchasi to'liq saqlanib qolgan. Xalq ichida bu zotning hayoti va faoliyati bilan bog'liq rivoyat va afsonalar ham talaygina. Chunki odamlar o'zlariga va kelgusi avlodga yashash tarzi, qilmishlari ibrat, aytmish va yozmish so'zlari haqiqat bo'lgan zotlar to'g'risida ham hurmat, ham hikmat ma'nosida mana shunday og'zaki ijod namunalarini to'qib oladilar.
She'rga mehr Alisherni ijodga undadi. U 7-8 yoshlaridan she'r yoza boshladi. O'zbekcha she'rlariga "Navoiy", forscha she'rlariga "Foniy" taxallusini qo'ydi. O'smirlik davrlarida Alisher o'qishda va yozishda tinim bilmas, she'r mutolaasidan charchamas edi. "Muhokamat ul-lug'atayn" asarida o'zining yoshlik chog'ida mashhur o'zbek va fors shoirlari nazmidan 50 ming bayt (100 ming misra) she'rni yod bilganini so'zlaydi. Bolalik vaqtlarida  o'z davrining Amir Shohiy, Lutfiy, Kamol Turbatiy kabi shoirlari bilan yaqindan aloqada bo'ldi. Otasi vafotidan so'ng taniqli ilm va adabiyot, san'at arboblaridan Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabilar otalik qildilar. Sabzavorlik olim va shoir Darvesh Mansurdan aruz bo'yicha ta'lim oldi.
1476-1483  yillarda "Navodir un-nihoya" ("Tuganmas nodirliklar") nomlari bilan ikki devon tuzdi.1483-yilda turkiy tilda birinchi bo'lib "Xamsa"ni yozishga kirishdi va misli ko'rilmagan qisqa muddat - ikki yilda besh yirik dostondan iborat asarni yozib tugatdi. Ilm va ijod ahli bu voqeani zo'r shodliklar bilan qarshi oldi. Abdurahmon Jomiy Navoiy "Xamsa"siga yuksak baho berdi. Husayn Boyqaro buyuk shoirni o'zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qilib, Hirot ko'chalarini aylantirdi. Bu insoniyat tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa edi: qudratli davlatning shavkatli podshohi bir shoirga jilovdorlik qilsa. Mazkur hodisa ayni paytda Husayn Boyqaroning ma'nan yuksak, ma'rifatli va haqiqatpesha hukmdor bo'lganligining dalilidir. Navoiy "Hayrat ul-abror" dostonida bejiz uni Shoh G'oziy deya ulug'lamagan edi.
Navoiy 1490-yillarda adabiyotimiz tarixidagi yana bir katta hodisa - "Xazoyin ul-maoniy" ("Ma'nolar xazinasi") majmuasini tuzdi. To'rt devondan iborat bo'lgan bu ulkan she'riy to'plam shoirning turkiy tilda yozgan deyarli barcha lirik she'rlarini qamrab olgan edi. Shuningdek, fors tilini mukammal bilgan va unda ham barakali ijod qilgan shoir bu tilda yozgan she'rlarini to'plab "Devoni Foniy"ni tuzdi.
Tazkira - ijodkorlar haqida ixcham ma'lumot va ayrim asarlaridan namuna keltiriladigan to'plam. Buyuk adib umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg'in va samarali shug'ullandi. Sharqda o'tgan mashhur shayxlar, so'fiylar hayoti haqida ma'lumot beruvchi "Nasoyim ul-muhabbat" ("Muhabbat shabadalari") asarini yozib tugatdi. So'ng umr bo'yi xayolini band etgan "Lison ut-tayr"ni qog'ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozishmalari - xatlarini to'plab "Munshaot" ("Xatlar") tuzdi. 1500 yilda buyuk mutafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o'zida ifodalagan "Mahbub ul-qulub" ("Ko'ngillarning sevgani") asari maydonga keldi. Bu buyuk adibning so'nggi asari edi.
ISTADIM
Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga kim jonim fido aylab sog'indim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yo'qturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yo'qtur sog'inib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida vah g'aflat ko'rung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni ko'ngul ko'z birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorug'luq topmadim,
Dayr piri xizmatig'a ko'yi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu g'ussadin,
O'zni bekaslik balosig'a giriftor istadim.
ORAZIN YOPQACH KO'ZIMDIN…
Orazin yopqach ko'zumdin sochilur har lahza yosh,
O'ylakim paydo bo'lur yulduz, nihon bo'lg'ach quyosh.
Qut bir bodomu yerim go'shan mehrob edi,
G'orati din etti nogah bir baloliq ko'zu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog'ki aylar mehr fosh.
Bo'saye qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og'zi ichra aytur la'l ham bor nav' tosh.
Novaking ko'nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko'nglum bila jonim talosh.
Umri jovid istasang fard o'lki, bo'ston Xizridur,
Sarvkim da'b ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo'ygusidir barcha bosh.
Alisher Navoiy hikmatlari
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo'q xalq g'amidin g'ami.
* * *
Menga ne ishqu, ne oshiq havasdur,
Agar men odam o'lsam, ushbu basdur.
* * *
Ko'p demak birla bo'lmag'il nodon,
Ko'p yemak birla bo'lmag'il hayvon.
* * *
Boshni fido ayla ato qoshig'a, 
Jismni qil sadqa ano boshig'a. 
Tun-kuningg'a aylagali nur fosh,
Birisin oy angla, birisin quyosh.