Mutaxassislar maslahati G'ALLA MAYDONLARINI ZARARKUNANDALARDAN HIMOYA QILISH USULLARI


Boshoqli don ekinlari  maydonlarida sariq zang,  qo'ng'ir zang,  un   shudring,  sariq dog'lanish,  septorioz,   jami 10 dan ziyod kasalliklar zarar beradi. Eng  xavflilaridan   biri zang  kasalliklaridir. Chunki zang juda tez (yong'in singari shiddat bilan) tarqalib, 3-4 haftada o'simlik bargla-rining aksariyatini quritadi va don hosiliga jiddiy zarar yetkazadi. Bir kecha-kunduzda zang sporalari (urug'lari) shamol tezligiga qarab 100-1000 km gacha  masofaga tarqaladi.  O'simliklarning sog'lom barglariga tushgan  sporalar ularni zararlaydi, to'qima ichida  rivojlanadi. Bir mavsumda zang 7-10 avlod berib, rivojlanadi.
Bugungi kunda  O'zbekistonda  bug'doyni   zang  kasalliklaridan himoya  qilishning   faqat bitta ishonchli  usuli  mavjud bo'lib, bu  -   fungisid purkashdir. Fungisid - o'simlik kasalliklariga qarshi qo'llaniladigan kimyoviy vosita. Zang   kasalliklariga qarshi ob-havoning kelishiga  qarab   fevral  oyining  oxiri,   mart  oyida  kasallik   belgilari paydo bo'lishi bilan  profilaktik  ishlovlar   amalga oshiriladi. Profilaktik ishlovdan keyin  hududda   "Infeksiya bosimi" kuchli bo'lsa yoki dalada zang bilan birga boshqa kasalliklar ham uchrasa,   yog'ingarchilik ko'p bo'lib, nam   havo saqlanib tursa,  ob-havo bashoratini hisobga  olgan holda  20-30 kun o'tgach,  ikkinchi va yana  lozim bo'lsa   uchinchi marta ishlov berish talab etilishi mumkin. Ushbu tizim qo'llanilganda kasallikning oldi olinib, hosil asrab qolinadi. Zang va boshqa kasalliklarga qarshi ta'sir  etuvchi  preparatlar   OVX va shtangali purkagich va motorli   qo'l  purkagichi  bilan   sepiladi.
O'zbekistonda begona o'tlarning 72 ta  oilaga mansub bo'lgan  841  turi uchraydi. Shundan  519   turi  bir  yillik,   322  turi  esa   ko'p  yillik  o'simliklardir. Hosil miqdori va sifatini  pasaytiradi. Begona o'tlar ko'pgina  zararkunanda va  kasalliklarning  manbai   hisoblanadi va  ekinlarga  soya   solib,  o'sishdan  orqada   qoldiradi.  Tuproq  haroratini   2-4C°ga  pasaytirishi natijasida foydali mikroorganizmlar rivojlanishiga to'sqinlik qiladi. Tuproqdagi namlik (suvni 330-1900 marta) va mineral ozuqalarni madaniy  o'simlikka   nisbatan  10  marta   ko'p  iste'mol qiladi. Hosilni yig'ib-terib olishga  to'sqinlik qiladi, o'rim yig'im texnikasi  samaradorligini pasaytiradi. Qo'shimcha  xarajatlar (haydov, gerbitsid, urug'larni  tozalash,  mineral   o'g'it va boshqalar) rentabellik darajasini kamaytiradi. Hosilning sifatini 20-25 foizgacha pasaytiradi. Begona o'tlarning  oldini   olish maqsadida bug'doy 2-3 ta barg   chiqargandan naychalash davrigacha, unib chiqqan begona o'tlarning bo'yi 10-15 sm  bo'lgan davrda (taxminan fevral oyining  oxiridan  aprel   oyigacha)  kimyoviy ishlovlar o'tkaziladi, ya'ni gerbitsidlar belgilangan me'yorlarda qo'llanadi.
Respublikamiz  g'allazorlarida  50   turdan  ortiq  zararkunanda   hasharotlarning zarar  yetkazishi kuzatilgan. Bulardan eng ko'p tarqalgani g'alla shiralari, bug'doy  tripsi, zararli xasva, shilimshiq qurt, vizildoq qo'ng'iz, shved va gessen pashshalari   va boshqa hasharotlar tarqalib, hosilga zarar yetkazishi mumkin.  Bunday holatda - insektisid preparatlarni qo'llash zararkunandalarga qarshi kurashishning eng yaxshi usulidir.
Qadrli qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari! Ekinlaringizga har qanday  holatda kimyoviy ishlov  berishdan oldin, albatta, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari bilan maslahatlashing.  Preparatlarni   qo'llashdagi  birgina  xatoyingiz   sizning  butun mavsum  uchun qilingan  rejalaringizni  barbod   qilishi,  pirovardida  hosilingizni butunlay yo'qotishingizga olib kelishi mumkin.
Shu o'rinda shuni eslatib o'tishimiz kerakki, tumanimizda ham zang kasalligiga qarshi proflaktik ishlov bermagan, begona o'tlarga qarshi gerbitsidlar sepmagan klaster va fermer xo'jaliklari mavjud. O'simliklar karantini to'g'risidagi qonunining 19-20-moddalariga asosan klaster va fermer xo'jaliklarining o'simlik kasalliklari, begona o'tlari, zararkunandalariga qarshi kurash majburiyati mavjuddir. Karantindagi kasalliklar, zararkunandalar, begona o'tlarga qarshi kurash ishlarini olib bormagan klaster va dehqon fermer xo'jaliklari MJTK ning 107-108-moddalari bilan ma'muriy javobgarlikka tortilishi to'g'risida ogohlantiramiz.
B. Ishniyozov,
B. Mamatmurodov,
A. Siddiqov,
tuman O'simliklar karantini va himoyasi bo'limi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari.