Хуш келдинг баҳорим, хуш келдинг малак, Пойингга тўшалсин борим, баҳорим.


ONAJONIM YOPGAN NON
Hikoyalar
Dunyoda hamma bolalarning o'z onalari yopgan nonlari shirin bo'ladi. Onam yopgan non ta'mini bir umrga unutmayman. U shunday bir yoqimli, shunday bir xushbo'y ta'mki, hech bir lazzatli taomni onam  yopgan nonga almashtir-mayman. U non shuning uchun ham dunyodagi eng shirin nonki - onam xamir qoriyotganida mehrini ham qo'shib yo'g'irgan. Onajonim yopgan quyoshday qip-qizil, bursildoq nonlar faqat tandirdagi cho'g'da emas, onajonimning farzandlariga bo'lgan otashin muhabbatining ham tafti qo'shilib singib pishadi.
HAR BAHORDA

Har bahorda qishloqqa boraman. O'zim cho'milib katta bo'lgan Chovkaariq yoqalab yalpiz teraman. Yonimda singlim Sanam chelakchasini ko'tarib, chopqillab pidanalarning konini ko'rsatib turadi. Keyin bedazordan jag'jaq o't teramiz, so'ngra ularni xas-cho'plardan tozalab, yaxshilab yuvamiz. Gulposhsha yangamlarning go'sht taxtasini olib kelib maydalab chopamiz. Suvini siqib, yog', qalampir yoki murch qo'shib, g'ijimlab aralashtiramiz. Siqilgan ko'k suvida un qorib, kal patir yasaymiz. 
Onam o'qlovda yoyib tayyorlab qo'yogan bir xildagi yumaloq xamirlarning ichiga qorishtirgan o'tlarni solib tandirda yopadi. Lovullab qizigan tandirda pichak pishayotgani kunday ayon bo'ladi. Bir pastda atrofga xushbo'y, yoqimli, dimoqni qitiqlovchi, ishtahani qo'zg'ovchi hid taraladiki, asti qo'yaverasiz. Birin-ketin hamsoyalarimiz kirib kelishadi. Onam yopgan ko'k pichaklarni yuziga sariyog' surtamiz. Onamning ust-boshidan ham bahor xabarchasi ko'k somsaning hidi anqiydi. Dasturxon atrofiga jamlanamiz. Har kim o'z bilganicha ko'k somsaning foydasini gapira boshlaydi. Menga qolsa, bunday uzun ta'riflardan ko'ra issig'ida pichakni yegan ma'qul.
Har bahorda qishloqqa boraman.
UYG'ONISH
Yer uyg'ondi. Kunning cho'g'i atrofni qizdira boshladi. Qushlar nag'masi avjiga chiqdi. Daraxtlarning toshdek qotib turgan shoxlari yashil libosni kiydi. Odamlar ham qandaydir tetik, yosh, bardam his qila boshladi o'zlarini. Bolalar ertadan-kechgacha osmonga varrak uchirishadi, chillak o'ynashadi. Osmon tiniqlashib, moviy ko'k tusga kirdi. Dalalarda ish qizib ketdi. Ishchan traktorchilar g'ayratli dehqonlar bilan bir safda turib yangi, bo'lajak hosilning urug'ini ekishga kirishdi. Yerga chigit tushdi. Shu kundan e'tiboran barcha kattayu kichikning xayoli, yodi birlashdi. "Chigitning unushi qanday?", "Yerni yorib chiq-dimi?. ""Qatqaloqdan qutuldilaringmi?", "Jala urmadimi?", "Garmsel qovjiratmadimi?", "Guli qanday?", "Shona tashlamayaptimi?", "Har tup g'o'zada qancha ko'sak bor?", "Plan to'larmikan?", "Majburiyat-chi?".
Ular bilan birga bahorda odamlarda, qishloqda totli hayajon, quvonch va tashvishlar ham uyg'ondi. 
Dilshoda SAIDOLIMOVA.