Turmush chorrahalarida SHAYTONNING "TISHI O'TMADI"
(Hayotiy hikoya)
Kasbim injener. Mustaqilligimizning ilk yillari edi. Ko'pchilik yaxshi eslaydi, bozorlar, do'kon rastalari ancha bo'shab qolgan edi. Kasbim taqozosi bilan uyda texnikalarning eski ehtiyot qismlarini qayta tiklashni yo'lga qo'ydim. Ishim ancha rivojlanib, muvaffaqiyat qozona boshladi. Endi respublikamizning turli joylaridan odamlar so'rab-surishtirib meni izlab kelayotgan edi.
Shunday kunlarning birida Qoraqal-pog'istonning Beruniy tumanidan bir yigit izlab kelib qoldi. Tanishdik, usta ekan, hamkorlikda birga ishlashni taklif qildi, tayyorlagan ehtiyot qismlaringizni menga pochta qilib jo'natasiz, men texnikalarga qo'yib beraman, ishlab ketganiga pul beraman dedi. Men bu begona odamga ishonib-ishonmay tavakkal rozi bo'ldim. Ishlarimiz yurishib ketdi. Ancha yillar hamkorlikda ishladik. Bu orada yaqin do'stlarga ham aylanib ulgurdik.
Hamkorimning yoshi mendan ikki yosh kichik edi, shunday bo'lsada, u ishni to'ng'ich o'g'liga topshirayotganini, endi u bilan ishlashimni aytdi. Men rozi bo'ldim, qoida esa o'sha-o'sha, men jo'nataman u esa ishlab ketganiga pul to'laydi.
Bir kuni do'stimning o'g'li telefon qilib avtobusdan pul jo'natganini aytdi. Pulni oldim, sanab ko'rsam bir million besh yuz ming so'm ekan, lekin xatida bir million bir yuz ming so'm ko'rsatilgan edi. Hayron bo'lib yana qayta sanadim, yana bir million besh yuz ming chiqdi. Telefonimni oldimda uning telefon raqamini terdim. Endi tugmachasini bosaman deb turganimda shayton qo'limdan ushladi va dedi: "Bosma, u sening rizqing, axir u ortiqcha jo'natganini bilmaydiku". Men shaytonning nayrangiga uchmadim va o'zimda jur'at topib tugmachani bosdim. Chunki ular ham menga o'xshab halol mehnatining orqasidan kun ko'rayotgan insonlar edi. Telefonni do'stimning o'g'li ko'tardi. Uning ismi Ulug'bek. Salom-alikdan keyin: "Ulug'bek, sizlarda pulni kim sanaydi",- dedim. O'zimiz sanaymiz, deb javob berdi u. Bilaman, o'zlaring sanaysizlar, lekin sen sanaysanmi yoki kelinmi dedim. Men o'zim sanayman, nima bo'ldi kam chiqdimi, dedi hijolatomuz. Yo'q, ko'p chiqdi, dedim. Qancha ko'p chiqdi, dedi u noqulay ahvolga tushib. Men 400 000 so'm ko'p chiqdi, dedim va keyingi safar 400 000 so'm kam jo'natasan, shunda hisob-kitobimiz to'g'ri bo'lib ketadi,- dedim uni noqulay ahvoldan qutqarish uchun.
U o'nta-o'nta 10 000 so'mlik pulni belini bog'lab, qatini sanab o'n birta qilib jo'natgan ekan, uning ichida beli bog'langan o'nta 50 000 so'mlik kupyura ham bor ekan, uni ham 100 000 so'm hisoblab, shundan adashgan ekan.
Mening shunday qilishimga aslida, bir jiddiy sabab bor edi. U do'stim bilan besh-o'n yil birga ishlashganimizdan keyin ular bizni Beruniyga taklif qilishdi: "Endi aka-ukaday bo'lib qoldik, bir mehmondorchilikka kelib ketingizlar. Havo almashtirib, dam olib ketasizlar. Ortiqcha pullaringiz bo'lsa, olib kelingizlar, mendagi pullaringiz bilan qo'shib ancha guruch olib ketasizlar. Bizda guruch arzon, yo'l xarajat-laringizni qoplab ketadi", dedi.
Biz chol-kampir tavakkal qilib bir sumka pul bilan yo'lga chiqdik. Yarim kechasi yetib bordik va ertalab birdan guruch bozorga chiqdik. Aytganiday, guruch narxi bizdagidan ancha arzon ekan. Biz bozorga kiraverishda turib oldik va kelayotgan guruchlarni savdolashib ola boshladik.
Men shunda bir narsaga hayron bo'ldim, do'stim nimagadir guruchni o'lchamay egasining gapiga ishonib pulini sanab berib yuborayapti. Men e'tiroz bildirdim: "O'lchab olsak bo'larmidi", deb. Do'stim o'zini oqlashga o'tdi: "Aka, menga ishoning, bizda odamlar aldashmaydi", deb. Men yana o'lchab ko'rishni so'radim: "Hech bo'lmasa bir-ikkitasini tekshirib ko'rish uchun o'lchab ko'raylik, axir kam chiqsa zararni men ko'ramanku", deb. Do'stim endi qat'iy qilib aytdi: "Aka, nima qilasiz, chek uchun to'laysiz, tarozi uchun to'laysiz. Ortiqcha xarajat, u yoqqa ko'tar, bu yoqqa ko'tar, bir kilo kam chiqsa, menga yozib qo'ying, men to'layman", dedi. Men noiloj indamay qoldim. Eng qizig'i "MOSKVICH" pikapda bir mashina guruch keldi. Do'stim yana undan ham qanchaligini so'radi, u 512 kg deb javob berdi va mashinadan tushirmay uyiga tushirib ketishini tayinlab pulini sanab berib yubordi. Mening esa battar ichim kuyardi. Qachon uyga yetib olaman va hammasini qaytadan o'lchab ko'rib hisob-kitob qilib olaman, degan fikr ich-etimni tirnayapti.
Nihoyat biz mehmondorchiligimiz tugab, guruchlarimizni avtobusning tagiga yuklab uyga qarab yo'lga tushdik. Uyga kelib dam olishni ham chetga surib guruchni boshqatdan o'lchab ko'rdik. Qoplarga kimdan olganimizni, kilogrammini va narxlarini yozib qo'yganimiz uchun ishimiz oson ko'chdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, hamma qoplar bir kilo-yarim kilo ziyod chiqsa chiqdiki, kam chiqmadi. To'g'risini aytsam, Beruniy xalqiga havasim kelib ketdi. Qani endi hamma ham shunday halol lafzli bo'lsa.
Biz biror yomon, nojo'ya ish qilib qo'ysak, shaytonning bo'yniga qo'yamiz. Aslida, bu bilimsizligimizdan va irodasizligimizdan. Bilimli va irodali insonga shaytonning "tishi o'tmaydi". Bu mening fikrim, albatta. Siz nima deysiz, aziz do'stlar.
Abduhamid XUSHVAQTOV,
Loyish shaharchasi.
Turmush chorrahalarida QIZALOG'IM DILBARGINAM
- 10 авг, 11:46
SINOVLI DUNYO (Hayotiy voqea)
- 31 окт, 09:58
Bugunning gapi QOG'OZBOZLIKNI YO'Q KO'RGANI KO'ZIM...
- 26 ноя, 20:44




