Umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga kimlar ega?

"Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida"gi  Qonunning 11- modasiga asosan, oxirgi ish joyidan qat'iy nazar, quyidagi shaxslar umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo'ladilar:

Er osti ishlarida, mehnat sharoiti o'ta zararli va o'ta og'ir ishlarda to'liq ish kuni davomida band bo'lgan xodimlar.

- bunda erkaklar - ish staji kamida 20 yil bo'lib, bundan kamida 10 yili ko'rsatib o'tilgan ishlarga to'g'ri kelgan taqdirda;

- ayollar - ish staji kamida 15 yil bo'lib, bundan kamida 7 yilu 6 oyi ko'rsatib o'tilgan ishlarga to'g'ri kelgan taqdirda.

Vazirlar Mahkamasining 250-son Qarorining II-son I- qismida ushbu turdagi ishlarda ishlovchi xodimlar lavozimlarining nomlari keltirib o'tilgan.

Er osti ishlaridagi mehnat staji erkaklarda 10 yildan kam va ayollarda 7 yilu 6 oydan kam bo'lgan hollarda xodimlarga bu ishlardagi har bir to'liq yil uchun umumiy belgilangan pensiya yoshi 1 yilga qisqartiriladi.

Mehnat sharoiti o'ta zararli va o'ta og'ir ishlarda - erkaklar kamida 5 yil, ayollar kamida 3 yil 9 oy - ishlagan xodimlarga pensiya umumiy pensiya yoshi shunday ishda band bo'lingan har bir to'liq yil uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi.

Sirklar va konsert tashkilotlari artistlarining ayrim toifalari ijodiy ishdagi staji kamida 20 yil bo'lgan taqdirda 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya   olish huquqiga ega bo'ladilar.

A.Djuraqulov,

Budjetdan tashqari pensiya jamg'armasi 

tuman bo'limi boshlig'i o'rinbosari.