Silai rahm - qarindoshlik munosabatlarini yaxshilash

"Silai rahm" arabcha so'z bo'lib, "sila" - bog'lash, "rahm" - qarindosh, ya'ni "qarindoshlik aloqalarini bog'lash", degan ma'noni bildiradi.

Silai rahm deyilganida, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash tushuniladi. Soddaroq qilib aytganda, qavm-qarindosh, yoru birodarlar bilan o'zaro bordi-keldini uzib qo'ymaslik, doimo qondoshlar, ayniqsa, ular orasidagi betoblari va hojatmandlari holidan xabar olish, qo'ldan kelganicha ularning og'irini yengil qilish kabi ulug' insoniy fazilatlarga silai rahm deyiladi.

Hadisi shariflarida kelishicha uch kishining duosi ijobat bo'lmaydi: ota-onasiga oq bo'lgan, folbinga ishongan va qavmu-qarindoshlik rishtalarini uzgan insonlarni. Ming afsuski, keyingi paytlarda arzimagan muammolar tufayli ota-onaga qo'pol ohangda muomalada bo'lish, aka-ukalar o'rtasidagi tushunmovchiliklar, qaynona-kelin o'rtasidagi o'zaro hurmatsizlik yoki urush-janjallar kelib chiqishi va shu kabi yaqin kishilar o'rtasidagi qarindoshchilik rishtalariga putur yetayotganligini va amaldor hamda badavlat kimsalar o'zining yaqin qarindoshlariga kibr-havo bilan so'zlashishlarini ko'rib, bunga achinasan, hayratga tushasan kishi.

Ma'lumki, Alloh taoloning muqarrab bandalari payg'ambarlar va avliyolar ham faqirona, oddiy hayot kechirishgan. Yaratgan zot xohlagan bandalarini dard bilan, boylik yoki faqirlik bilan imtihon qiladi. Alloh taolo uchta ulug' ne'matini uch narsa ichiga yashirgan.

- Roziligini ibodatlar ortiga va katta-yu kichik yaxshi amallar orasiga,

- Qahr-g'azabini gunoh amallar ichiga,

- O'ziga yaqin bo'lgan bandalarini esa insonlar orasiga berkitdi.

Shuning uchun barchaga birdek xush muomalada bo'lmoq zarur. Biror kishini o'rinsiz xafa qilib qo'yishdan, qalbiga ozor yetkazishdan ehtiyot bo'lish kerak.

Insonlarning taqdiri, hayot kechirishligini yaratganning o'zi belgilaydi. Ammo odamlar bir-birining amaliga, boyligiga, kiyinishiga qarab turib, muomala qilish johillikdir. Aqlli musulmon odam barchaga birdek muomalada bo'ladi, birovni kamsitmaydi, qarindoshlari, yaqinlari oldidagi haq-huquqlarini his qiladi va ularni to'liq ado etadi. Barchaga qo'lidan kelgancha yaxshilik qiladi, shohu gado bilan bir xil so'zlashadi. Axir Islom dini bizni doimo ahil-totuv, birdam bo'lib yashashga, bir-birimizga mehr-oqibatli va muruvvatli bo'lishligimizga chorlaydi. 

Shunday kimsalar borki ular do'stlarining holidan xabar oladi, biroq uyida ota-onasini, qarindosh-urug'lari, yoshi katta bobo va buvilaridan hol-ahvol so'rash, ularni yo'qlab turish yodlariga ham kelmaydi.

Ba'zida esa ko'chadagi yetti yot begona tanishlarining gohi hazil, gohi chin gaplariga ko'nikib ketgan, ammo o'z ota-onasining opa yoki akasining gaplarini malol oluvchilar ham topiladi. Yashash uylarini qavat-qavat qilib qurishib, lekin imkoni bo'la turib o'z jigarlari, qarindosh-urug'larining kulbasini yangilab berish xayoliga ham kelmaganligini ko'rib taajjublanasiz.

Payg'ambarimiz (s.a.v): "Qarindoshlari bilan aloqani uzgan kishi jannatga kirmaydi", deya ta'kildaganlar. Inson uchun silai rahm qilishga eng haqli kishi uning yaqinlari ya'ni oilasi, ota-onasidir. Undan keyin aka-uka, opa-singil, ota va onaning qarindonshari ham silai rahm qilinishiga haqli bo'lgan kishilardir.

Shuni yaxshi bilish kerakki, ota-ona, aka-uka, opa-singil kabi qon-qarindoshlarga yaxshilik qilish silai rahmning eng avvalgi pog'onasida turadi. Zero, ota-ona va aka-ukalar kishi uchun eng yaqin qarindoshlar hisoblanadilar. Ota-onalarga yaxshilik qilish bir tomondan silai rahm jihatidan, ikkinchi tomondan esa Qur'oni Karim va hadisi shariflarda alohida buyurilgan "birru-l-volidayn" ya'ni "ota-onaga yaxshilik qilish" jihatidan matlub amal hisoblanadi. Gohida kishi qarindosh-urug'larining ayrimlari bilan qaysidir tushunmovchilik tufayli urushib qolishi, o'rtalarida sovuqchilik paydo bo'lib qolishi mumkin. Lekin, bu holatlar ham silai rahmni uzishga sabab bo'lmasligi kerak. Garchi qarindoshingiz sizni nohaq xafa qilgan bo'lsa ham, boringki, u siz bilan aloqani uzgan bo'lsa ham siz uzmasligingiz lozim bo'ladi.

Shunday ekan, qarindoshlik rishtalarini asrab-avaylash, yaqinlarga xush muomalada bo'lish, ularning yaxshi va yomon kunlarida yonida bo'lishlikni aslo unutmaslik zarur.

Nargiza ORIPOVA,

         Uchtepa MFY otinoyisi.