Mutolaa NADOMAT

Shifoxonaga yangi hamshira keldi. Bu xabar Xolidaga yashin tezligida yetib bordi. U bosh vrachning xotini. Uning bir odati bor, shifoxonaga yangi hamshira kelsa, darrov uni ko'rib ketadi.

Naima shifoxonaning bosh hamshirasi. Hamma uni "Darakchi" deydi. Ayniqsa, bosh vrachning xotini Xolida uchun u sadoqatli xabarchi.

Yangi hamshira  bosh vrach Rustam Ozodovga ma'qul keldi. Lekin xotiniga yoqmadi, negaki hamshira beva ekan. Nachora, u taqdirga tan berdi, biroq, hamshirani kuzatib yurishni yana Naimaga ishondi.

- Opa, er qo'rishdan hech charchamadingiz-da, - dedi tirjayib.

- Sen ko'p gapirmasdan aytganimni bajar: "Er bermoq, jon bermoq", degan gap bor, dedi Xolida va o'zicha ijirg'anib "Sen buni qayerdan ham bilarding", - deb g'udrandi.

- Xo'p bo'ladi, opajon.

Aslida Naimaning o'zidan ehtiyot bo'lish kerakligi Xolidaning xayoliga ham kelmas edi...

Adiba yosh, chiroyli va qo'li yengil hamshira ekan. Bemorlar ham undan minnatdorligini ko'rib, Naima unga hasadgo'ylik qila boshladi. Axir u kelgunga qadar Naimaning aytgani-aytgan, degani-degan edi. Har bayramda sovg'aning eng kattasi uniki edi. Qimmat restoronlardagi bazmi-jamshidlarni aytmasa ham bo'ladi. Ayniqsa, o'sha hamshira kelgandan so'ng bosh vrachning unga bo'lgan sovuqqonligiga ortiq chidab turolmadi. U qattiq asabiylashdi. Achchiq va alam bilan unga hujumga o'tdi. Bosh hamshiralik lavozimidan foydalanib, Adibaning ishidan kamchilik axtardi, "O'tirsa upoq, tursa supoq",- deb   janjal chiqardi. 

Ular o'rtasidagi janjal boshliqqa ham yetib bordi. Boshliq Naimani xonasiga chaqirib, birinchi marta ko'rayotgandek uning yoshini so'radi:

- Yoshim o'ttizda...

- Balli, "Ayol kishi o'ttizda o'tin bo'lar ekan"... Mana sen necha yildan beri bosh hamshira bo'lib ishlayapsan. Kim tufayli ishlayotganligingni o'zing yaxshi bilsang kerak?

- Bilaman.

- Bilsang, tinchgina ishlab yur, boshqa hamshiralarni tinch qo'y.

- Nega, axir...

- Hamma narsaning ham chegarasi bor, - uning gapini bo'ldi boshliq. - Yoshing qirqqa qarab ketayotgan bo'lsa, sen ham boshqa ayollarga o'xshab oila qur, bola-chaqali bo'l. Menga keladigan bo'lsak, men bir kuni osh-palov, ikkinchi   kuni kabobni xush ko'raman. Har kuni bir xil ovqatni yeyaversang baddingga uradi.

- Haa,- dedi Naima qoshlarini chimirib, men endi...

U boshqa gap ayta olmadi. Boshliqning xonasidan yig'lab chiqib ketdi. Qayoqqa borishni bilmay, qattiq o'ksindi. Bir xayol Xolida opaning uyiga borib, bor gapni unga aytmoqchi bo'ldi. Foydasi yo'qligini bilib, bu fikridan ham qaytdi. Unga ham nima desin: "Eringiz meni tashlab, boshqasini tanladi", desinmi? Axir shuncha yillar mobaynida, o'zi ham Xolida opaga xiyonat qilib kelgan edi-ku.

Naima o'zining achchiq taqdiridan, guldek yoshlik davri xazon bo'lganligidan qattiq afsuslandi...


Donoxol ASROROVA.