O'quvchilar ijodidan M E H R

Odina oyisi bilan yolg'iz yashaydi. Dadasi ularni tashlab ketgan. U oyisini juda yaxshi ko'radi. Dilshoda opa ham qizini juda yaxshi ko'radi. Qizim hech kimdan kam bo'lmasin deb, 3 yoshli Odinani buvisiga berib, ishga chiqib ketdi. Lekin buvisi ham tez-tez kasal bo'lib qoladi. Shunday paytlarda qizchaga tog'asi qarab turadi. Dilshodaning o'zi uyda yolg'iz qolib ketgan paytlari ham bo'lib turadi. Nima bo'lganda ham Dilshoda opa qiziga hamma narsani olishga harakat qiladi, lekin ishlagan puli hamma narsaga ham yetavermaydi. Odina ham sinfdosh dugonalaridek bo'lishni xohlasa-da, o'ziga kerakli bo'lgan narsalarni oyisiga aytavermaydi. Negaki, oyisi u aytgan narsalarni olib bera olmasa, qiynalib kasal bo'lib qolishi mumkin, deb o'ylaydi.
Yillar o'tib, Odina 12 yoshga to'ldi. U dam olish kunlari oyisi bilan uning ishxonasiga boradi. Bir kuni oyisining ishxonasidagi shifokor ayol Odinaga savol berdi:
- Qizim, sening hayotdagi orzuing nima?
- Orzuim shuki, dadam va sirdoshim opam bo'lishini xohlar edim. Negaki, dadam bo'lganida oyim va men bunchalik qiynalmas edik. Opam bo'lganida esa ichimdagi barcha dardlarimni aytgan bo'lardim,  - dedi Odina.
Qizchaning kutilmagan javobidan shifokor ayolning ko'zlariga yosh keldi.            
YAXSHI INSON
Barnoning ota-onasi baxtsiz hodisa tufayli olamdan o'tgan. U buvisi bilan yashaydi. Buvisi ham keksayib kasalmand bo'lib qolgan. Barno 5-sinfda a'lo baholarga o'qiydi. Buvisiga ham juda mehribon, uni jon-dilidan yaxshi ko'radi. Darsdan bo'sh vaqtlari buvisiga yordam beradi, unga tansiq narsalar olib berish uchun o'z qo'llari bilan gul yasab sotadi.
Bir kuni buvisining tarvuz yegisi kelib qoldi. Barnoning gul sotgan 10 ming so'm puli bor edi. U xursand bo'lib tarvuz sotayotgan kishining oldiga borib, tarvuzning narxini so'radi. Tarvuzning narxi 15 ming dedi. Tarvuzga puli yetmagan qizcha xafa bo'lib uyiga qaytayotgan edi, bir kishi ko'rib qolib, uni asta to'xtatdi va sababini so'radi. Barno notanish kishiga:
- Assalomu alaykum,- dedi va birdan ko'z yoshlarini yashirdi.
- Nega yig'laysan, qizim? Sening ota-onang qani?
- Ota-onamni Alloh olib qo'ygan, o'zim buvim bilan turaman. Buvim kasal bo'lib qoldi, tarvuz yegisi kelgan edi. Tarvuzga pulim yetmay qoldi, deb yana yig'lab yubordi qizcha.
- Yig'lama qizim, deya notanish kishi Barnoning ko'z yoshlarini artdi. - Sen shu yerda meni kutib tur, hozir senga tarvuz olib kelaman, dedi. 
Birozdan so'ng u kishi Barnoga 2 ta tarvuz va boshqa yegulik narsalar olib kelib berdi.
- Voy, amakijon, buncha narsani olishga mening pulim yetmaydi-ku, deb hayron bo'ldi Barno.
- Bu narsalar sen va buvingga mendan sovg'a, ola qol qizim, - dedi notanish amaki.
- Amaki, sizga katta rahmat. Siz yaxshi inson ekansiz, jannati inson ekansiz, dedi qizaloq ko'zlariga yosh olib.
Qizchaning xursandchiligidan yaxshi amaki ham xursand bo'lib ketdi. 
Zarina O'RINBOYEVA,
                   43-maktabning 6-sinf o'quvchisi.