Turmush chorrahalarida "QO'SHNIMNING KO'ZIGA QARAY OLMAYAPMAN" (Ushbu hikoya bir amaldorning afsus-nadomati asosida yozildi)
Paxta yakkahokimligi davrlari edi. Bir kolxozning raisi edim. Pichog'im moy ustida, aytganim-aytgan, deganim-degan edi. Farzandlarim ham hech narsaga zoriqmay, to'kin-sochinlikda yashab ulg'ayardi.
U paytlarda har bir xonadonda mol-qo'ylar ko'p bo'lardi, odamlar ularni podaga qo'shar, podachi yaylovlarda boqib kelardi.
Bir kuni dalalarni aylanib yurib, bir sigirning podadan ayrilib 3-4 tup g'o'zani yeganini ko'rib qoldim. Shu kuni kechqurun qaror chiqarib, kimning moli dalaga chiqsa so'ydirib, go'shtini davlatga topshirib yuborishimni e'lon qildim.
Ertasiga ertalab bir yon qo'shnimning bolalari haydab ketayotgan bir sigirni ko'rib qoldim. Darrov odamlarimni chaqirib, sigirni so'yib go'shtini davlatga topshirib yuborishga buyruq berdim. Qo'shnimning bolalari yalinishga tushdi: "Bobojon unday qilmang, biz molimizni yetaklab boqamiz, bir tup g'o'zani yesa, keyin nima qilsangiz ham mayli, rozimiz. Axir ota-onamizga nima deymiz"...
Qo'shni bolalarning voy-dod, deb yalinishlariga qaramay men g'arazli maqsadimga erishdim. O'zimcha, davlatga 150 kg tekin go'sht yetkazib berganimdan xursand edim.
Xolbuki, qo'shnim anchayin nochor yashar edi. Shu yolg'iz sigiri orqasidan qora qozoni qaynab turardi.
Yillar o'tdi, men nafaqaga chiqib ishni topshirdim. Bu orada xotinim vafot etdi. Yolg'iz o'g'lim giyohvand bo'lib uydan chiqib ketdi, qizlarim uzoqlarga turmushga chiqib ketdi. Xullas, hayhotday hovlida yolg'iz o'zim qoldim. Sog'ligim ham kundan-kunga yomonlashayotgan edi. Eng ayanchlisi esa og'ir kunlarimda holimdan xabar olib, uch mahal uyidan ovqat uzatib, kunimga yarab turgan o'sha qo'shnim.
Lekin, men endi qo'shnimning ko'ziga qaray olmayapman...
Aziz do'stlar, bu hikoyam sizlarga saboq bo'lsin. Inson ertangi kunini ham o'ylab yashashi kerak ekan.
Afsus, men buni judayam kech tushundim.
Abduhamid XUSHVAQTOV,
Mustaqillik mahallasi.






