MANZILGA YETMAGAN ISHONCH (Yo'l xotiralari)

Biz umr deb atalmish uzun yo'lda ketar ekanmiz, har kuni, har daqiqada turfa taqdirlar, kutilmagan voqealarga duch kelamiz. Hayot - to'xtab turmaydigan, har lahzasi yangi sahifalar ochadigan jonli kitob.
Ilm olishning, izlanishning erta-kechi yo'q. Talabalik bahona azim poytaxtga qatnash, Toshkentning gavjum ko'chalaridan ortga qaytayotganda yo'l hamrohlari bilan suhbatlashish men uchun alohida bir maktabga aylangan.
Insonlar qiziq... Dunyoning ishlaridan, tashvishlaridan charchagan ko'ngillar ba'zan goh shodligini, goh ichiga sig'magan achchiq g'amini hech ikkilanmay yo'ldagi hamrohiga to'kib soladi. Ehtimol, taqdir ularni boshqa qayta uchrashtirmasligini bilganlari uchun ham, ichidagi eng maxfiy dardlarini tortinmay so'zlab berishar, shu orqali yelkalaridagi toshdek og'ir yukdan biroz yengil tortishar...
Mana shunday yo'ldoshlarimdan birining achchiq taqdiri haligacha xotiramdan o'chmaydi. Ko'z oldimga kelsa, yuragim zil ketadi. Nimasi bilan deysizmi?
...Bu galgi hamrohlarim yoshi kattaroq, hayotning past-balandlarini ko'rgan kursdosh onaxonlar edi. Ular talabalik yillarini xotirlab, Toshkentda kursdoshlar uchrashuviga borishibdi. Mashinada ketayotganimizda u yerdagi go'zal lahzalar, maroqli damlarni shunday chiroyli, zavq bilan ta'riflab kelishardiki, yo'lovchilarning havasi kelib, ularni jimgina tinglardi.
Suhbat asnosida men ularga yarim hazil, yarim chin ohangda savol berdim:
- Opaxonlar, oila, ro'zg'or deganday... Turmush o'rtoqlaringiz bunday uzoq yig'ilishga qanday ruxsat berishdi?
Bu oddiygina savol, aslida, suhbat mazmunini butunlay boshqa, og'riqli bir o'zanga burib yuborishini kutmagandim. Yoshi kattaroq onaxon iljayib: "Meniki hamma vaqt, istagan joyimga ruxsat beradi, ko'ngli toza inson", deb maqtanib qo'ydi. Yonidagi yoshi kichikroq opa esa bir muddat sukut saqladi-da, past ovozda: "Mening turmush o'rtog'im o'zimning kursdoshim edilar..." dedi. U shu gapni aytdi-yu, lekin yuzidagi soxta tabassum ortidan ichki bir iztirob, yuragi zil ketgani ko'rinib turardi.
Bu sovuq sokinlikning sababi keyinroq ma'lum bo'ldi. Opa chindan ham sevib-sevilib, o'zining qadrdon kursdoshiga turmushga chiqqan ekan. Ikki nafar polvondek o'g'ilni tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan go'zal va baxtli oila edilar. Faqat birgina "ammo"si bor edi: erning ota-onasi boshqa viloyatda yashardi. U yerda akaning ukalari, singlillari bor edi. Ularga akalarining o'zga viloyatda oilasi bilan muqim yashab qolishi, kelajakda o'sha yerlarda "qolib ketishi" ma'qul kelmasdi:"Qaytsang, seni o'zimizning yoqlardan uylantirib qo'yamiz!", degan pichinglar, jigarlarning tinimsiz bosimlari bora-bora o'z kuchini ko'rsata boshladi. So'zlar zaharga aylanib, erning ongini zaharladi.
- Bir kuni, deya hikoyasini davom ettirdi hamrohim, ko'zlariga yosh olib. - Turmush o'rtog'im ota-onasini ko'rib kelish uchun qishlog'iga ketdi. O'n kun o'tdi, o'n besh kun o'tdi - darak yo'q. Telefonlari o'chirilgan. Xavotir olib, ortidan qaynotamning uyiga bordim. Darvozadan kirib, ne ko'z bilan ko'rayki... u yerda to'y harakati, erim esa boshqa ayolga uylanib olibdi... O'sha lahzada shunaqa shokka tushdimki, butun dunyo ko'zimga tor bo'lib, oyog'im ostidan yer qochib ketdi.
Ayol yig'idan o'zini to'xtatolmay, bir muddat tinib qoldi. Keyin og'ir xo'rsinib qo'shib qo'ydi:
- Qaynonam va qarindoshlari erimning ularning yonida bo'lishini istashlarini bilardim. Lekin u yolg'iz o'g'il emasdi-ku! Men esa oilada yolg'iz farzandman, keksayib qolgan ota-onamni tashlab, uzoqqa keta olmasdim. Erimdan, sevib turmush qurgan kursdo-shimdan bunday xiyonatni, bunday sovuqlikni kutma-gandim. Yuragim sinib, chil-chil bo'ldi... U esa hammasini osongina unutdi...
Juda alam qildi, - xiyonat...
Mayli buni ham, meni ham tashlab qo'ymang, dedim, alamlarim biroz pasaygach. Mayli seni ham tashlab qo'ymayman xabar olib turaman, - deya oldi "u".
Ammo ikkinchi turmush qurib, bir yo'qlab kelmadi bizni. Eshitishimcha u xotinni akasi IIB da ishlarmish. Shuni ro'kach qilib erimni burnidan ip o'tkazib olgan.
Bugungi kursdoshlar yig'ilishiga kelgan ekan, u kishini ko'rib hanuz bitmayotgan yaram yana yangilandi. Meni ko'zlarim unda, u esa qoziq ustida o'tirganday hech joylasha olmadi, kursdoshlar bilan gapi-gapiga to'g'ri kelmas-qovushmas. Barchani nigohi zimdan ikkimizda edi chamamda. Shu mahal xotini qo'ng'iroq qilib qoldi, "agar hozir o'rningizdan turib oldimga qaytmasangiz akamga xabar beraman",- degan alamzada ovoz keldi u tarafdan. Ishonasizmi tura-solib tezgina xayrlashib chiqib ketdi. Meni esa unga aytadiganlarim bor edi. Shu bugun "javobimni" bering, meni ham baxtli bo'lishga haqqim bor deb aytmoqchi edim. Gaplarim ichimda qoldim alamlarim esa yuragimni o't kabi yondiradi, yig'ilish ham tatimadi.
Mashina ichiga og'ir sukut cho'kdi. Nafaqat mening, balki mashinadagi boshqa yo'lov-chilarning ham havasi o'rnini achinish va chuqur o'y bosgandi.
Hayot yo'llari davom etadi. Kimdir sevgisi va oilasi uchun kurashadi, kimdir esa o'zgalarning so'ziga kirib, yillar davomida qurilgan baxt qasrini bir lahzada vayron qiladi. Yo'lda orttirgan bu hamrohimning taqdiri menga bir haqiqatni anglatdi: eng yaqin insoning sotib ketgandagi og'riqni vaqt ham davolay olmas ekan. Faqat ayolning irodasi va farzandlariga bo'lgan mehrigina uni yashashga majbur qiladi.
Amina Sherali qizi.
Oqdaryo ijodkorlari Bahodir Iskandarov
- 01 авг, 10:50
Shaxsiy fikr DARAXTLAR SOYA EMAS, KO'LANKA TASHLAMOQDA
- 01 авг, 10:00
Kitob o'qing! u insonga maslahat bera oladi
- 18 июн, 14:56





