"INSON A'ZOLARI VA TO'QIMALARINING TRANSPLANTATSIYASI TO'G'RISIDA"GI QONUN KUCHGA KIRDI

O'zbekiston Respuplikasi Prezident tomonidan 11.05.2022 yildagi "Inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi to'g'risida"gi O'RQ-768-son Qonun imzolandi. Hujjatda transplantatsiya o'tkazishning maqsad va shartlari, uning ob'ektlari, donorlar doirasi (tirik va o'lik), donor va retsipiyentning huquqlari, a'zolar va to'qimalarni olish shartlari belgilangan. Qonunning amal qilishi insonning ko'payishiga taalluqli bo'lgan a'zolar va to'qimalarning (tuxum hujayrasi, sperma, tuxumdonlar, moyaklarning yoki embrionlarning) transplantatsiyasiga, a'zolar va to'qimalarning autogen (bir shaxsning o'zi tirik donor va retsipiyent bo'ladi) transplantatsiyasiga, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Faqatgina, tirik donordan yoki inson murdasidan olingan inson a'zolari va (yoki) to'qimalari transplantatsiya ob'ektlari bo'lishi mumkin, ularning ro'yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, qonunda Vazirlar Mahkamasining hamda Sog'liqni saqlash vazirligining inson a'zolari va to'qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari belgilangan. Inson a'zolari va to'qimalarini olish va ularning transplantatsiyasi davlat sog'liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro'yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Inson a'zolari va to'qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog'idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo'lgan taqdirda yo'l qo'yiladi. Shu bilan birga qonunda tirik donor va retsipiyentning huquq va majburiyatlari belgilangan. Donorlikni tartibga solish maqsadida, inson a'zolari va to'qimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj bo'lgan shaxslarga tezkorlik bilan tibbiy yordam ko'rsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a'zolarining va (yoki) to'qimalarining yagona davlat reestri tashkil etiladi.
S.Aliyev,
tuman adliya bo'limi 
                                                 yetakchi maslahatchisi.