Mutaxassis ogohlantiradi QUTURISH KASALLIGIDAN EHTIYOT BO'LING!

Quturish - hayvonlar va odamda uchraydigan, asab tizimining og'ir shikastlanishi bilan kechadigan hamda o'lim bilan yakun topadigan o'ta havfli yuqumli virusli kasallikdir. Odamlar uchun kasallik manbai bo'lib: yovvoyi hayvonlardan - bo'ri, chiyabo'ri, tulki va boshqalar, uy hayvonlaridan - it, mushuk, sigir, ot, eshak, cho'chqa hisoblanadi. Odamlarga quturish kasalligi   90-95 foiz holatlarda itlardan yuqadi.

Kasallik odamga qanday yuqadi?

Quturish kasalligi odamga shu kasallikka chalingan hayvonlar tishlashi, tirnashi, tishlarining qadalishi, shuningdek, jarohatlangan teri va shilliq qavatlariga so'lagi tushishi natijasida yuqadi.

Odamlarda kasallikning asosiy belgilari qanday namoyon bo'ladi?

Kasallikning yashirin davri, ya'ni quturish virusi organizmga kirgandan so'ng, toki kasallikning ilk alomatlari paydo bo'lgunga qadar bo'lgan davr 7 kundan bir yilgacha, ko'pincha 2-3 oy davom etadi. Bemorda kasallik asab tizimini shikastlanishi bilan kechib, o'ziga xos alomatlar: ruhiyat o'zgarishi, suvdan, havodan, yorug'likdan va shovqindan qo'rqish, qo'zg'alish, ko'p so'lak ajralishi kabi kasallik belgilari bilan namoyon bo'ladi. Kasallik o'ta og'ir kechib, hamisha o'lim bilan tugaydi.

Hayvonlarda   quturish  kasalligi  qanday   kechadi?

Hayvon tajovuzkor bo'lib, duch kelgan hayvonlar va odamlarga tashlanadi;

Yorug'likdan qo'rqadi, qorong'u joyga kirib olishga harakat qiladi, egasi chaqirganida oldiga kelmaydi, egasi hayvonni boshqacha bo'lib qolganini sezadi;

Ovqatlanishdan bosh tortadi, to'g'ri kelgan jismlarni og'ziga solib, yutadi, keyinchalik yutinishi qiyinlashadi, og'zidan juda ko'p so'lak oqadi, bezovta bo'ladi, tovushi bo'g'ilib, yo'qola boshlaydi va orqa oyoqlari yurmay qoladi, ya'ni falajlanish holatlari kuzatiladi. Hayvonlarda ham kasallik o'lim bilan yakun topadi.

Agar siz it va boshqa uy hayvonlaringizda kasallikning shunday belgilarini kuzatsangiz, darhol veterinariya vrachiga murojaat eting!

YODINGIZDA BO'LSIN!

Hayvon tashlanishidan saqlanish - bu quturishni oldini olishning oltin qoidasi ekanligini doimo yodingizda tuting!

Itni doimo bog'langan holda saqlash, ko'chaga olib chiqilganda tumshuq tasmasini taqish, itni tunda ko'chaga chiqarib yubormaslik va ko'chada qarovsiz qolishi hamda yovvoyi hayvonlar bilan muloqotda bo'lishiga yo'l qo'ymaslik kerak;

Farzandlaringizni qarovsiz qolgan va begona itlar bilan o'ynashiga hamda ularni uyga olib kelishiga yo'l qo'ymang!

Itni o'z vaqtida hududiy veterinariya idoralariga olib borib, ro'yxatdan o'tka-zish, har yili uni veterinariya ko'rigidan o'tkazib, quturishga qarshi emlatish zarur.

Hurmatli fuqarolar, agar sizni hayvon tishlasa yoki so'lagi jarohatlangan teri va shilliq qavatingizga tushsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilishingiz hamda mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko'ra, quturishga qarshi o'z vaqtida va to'liq emlanishingiz kerak.

M. PRIMOVA, 

tuman SEO va JSX bo'limi oliy toifali epidemiologi.