Mutaxassis maslahati Brusellyoz - o'ta xavfli yuqumli kasallik

Brusellyoz (qoraoqsoq) kasalligi turli xil yuqish yo'llariga ega bo'lgan, ko'pgina a'zo va tizimlarni, asosan tayanch harakat a'zolarini hamda asab tizimining shikastlanishi ,organizmning zaharlanishi va allergiyani namoyon bo'lishi bilan  surunkali kechishi, ko'pincha keyinchalik bemorlarda nogironlikni keltirib chiqaradigan, keng tarqalgan o'ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Respublikamizda chorvachilik keng rivojlangan. Uy hayvonlari brusellalarga o'ta sezuvchan hisoblanadi. Kasallikning yuqishida mayda shoxli hayvonlarning ahamiyati katta. Brusellyozga chalingan hayvonlar o'z vaqtida sog'lom hayvonlardan ajratilmasa, kasallik ko'payishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, kasallik ko'pincha uy hayvonlarini tumandan boshqa tuman bozorlariga olib borilganda, fermer, bo'rdoqichilik va shaxsiy xo'jaliklarda, mayda va yirik shoxli hayvonlar birgalikda saqlanganda ham osongina yuqadi. Bunday sharoitlarda infeksiya mayda shoxli hayvonlardan yirik shoxli hayvonlarga yuqib, oxir-oqibat fermer xo'jaligi xodimlari, sut sog'uvchilar, cho'ponlar va boshqa uy hayvonlariga qarovchilarning kasallanishiga sabab bo'ladi.
Hayvonlardan brusellalar tashqi muhitga so'lak, sut, qon, jinsiy a'zolar suyuqligi, plasenta va chala tug'ilgan qo'zichoq, buzoq orqali ajraladi va tevarak atrofni ifloslantiradi. 
Brusellyoz kasalligi odamga kasallangan yirik va mayda shoxli hayvonlar, cho'chqalardan yuqadi. Ayniqsa mayda shoxli hayvonlardan yuqqan brusellyoz kasalligi og'ir kechishi bilan xarakterlanadi. Kasallik odamga brusellyoz kasalligi bo'lgan hayvon bilan muloqotda bo'lganda, kasallangan hayvonning sutini qaynatmasdan ichganda, go'shtini yetarli darajada pishirmasdan iste'mol qilganda yuqadi. Kasallik odamdan odamga yuqmaydi.
Bemorlarda haroratning ko'tarilishi, et uvishishi, asabiylashish va mushaklarda og'riq turishi kuzatiladi. Shuningdek, teri va tashqi shilliq parda rangi oqarib, tilni oq karash qoplashi mumkin.
Kasallikning yarim o'tkir turidagi yuqoridagi klinik belgilardan tashqari perifirik limfa bezlarining kattalashi-      shi, jigar va taloqning shishi ro'y beradi. Harakat-tayanch a'zolarida, oyoqning yirik bo'g'imlarida og'riq sezilishi, qo'l bo'g'imlarida artrit belgilari, bo'g'imlar harakatining cheklanishi kuzatiladi. Asab tizimida uyqusizlik, bosh og'rishi, radikulitlar, nevritlar uchraydi. Jinsiy va tanosil a'zolarida orxit , bola tushishi va muddatidan oldin tug'ish hollari kuzatiladi.
Brusellyoz kasalligi bepushtlikka ham olib kelishi mumkin. U uzoq va surunkali davom etadi. Brusellyoz kasalligi bilan kasallangan odam faqatgina mutaxassis shifokor, ya'ni yuqumli kasalliklar shifokori yordamida davolanishi va ma'lum vaqt dispanser hisobida turishi kerak.
Kasallikning oldini olish uchun chorva mollarini veterinariya ko'rigidan o'tkazib, tegishli xulosa olish lozim. Agar chorva mollari kasal bo'lsa, veterinariya xodimlariga xabar berish, chorva mollariga qarashda veterinariya xodimlari tavsiyalariga rioya qilish shart. Shubhali, kelib chiqishi noaniq bo'lgan sut va go'sht mahsulotlarini xarid qilmang. Sut va sut mahsulotlari, go'sht mahsulotlarini yaxshilab pishirilgandan  so'ng iste'mol qilish tavsiya qilinadi.
Kasal hayvonlar bilan ishlovchilar maxsus kiyimlar - kombinzon, rezina etik, qo'lqop, xalat va respiratorlar kiyib ishlashlari kerak.
Hayvonlarning junini olayotganda, molxonalarni tozalayotganda, albatta og'iz va burningizni 4 qavatli dokadan tayyorlangan niqob bilan to'sing. Bu niqobni tez-tez tozasiga (kamida har 4 soatda) almashtirib turing. Agar qo'l va tananing boshqa ochiq joylarida jarohat bo'lsa, bitguncha hayvonlar bilan muloqat qilmang. O'smir va homilador ayollarni kasal hayvonlar bilan ishlashlariga yo'l qo'ymaslik talab etiladi.
Doimo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling, ayniqsa ovqatlanishdan oldin qo'llarni sovunlab yuvishga odatlaning. Iste'molga tayyor bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ochiq qoldirmang.
Ushbu qoidalarga rioya qilinishi sizni xavfli kasallikdan himoya qiladi.
Gulchehra Norjigitova,
 tuman SEO va JSB epidimiolog vrach yordamchisi.