TIBBIY TA'LIM VA ILM-FANDAGI YANGI DAVR BOSHLANMOQDA: YANGI UNIVERSITET - YANGI SIFAT

So'nggi yillarda mamlakatimizda ta'lim, fan va sog'liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa tibbiyot sohasi - xalqimiz salomatligi, millat genofondi va mamlakat taraqqiyotining eng muhim poydevorlaridan biri sifatida e'tiborda bo'lib kelmoqda. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 22-aprel kuni imzolangan PQ-149-sonli qaror - bu yo'nalishda misli ko'rilmagan burilish yasaydigan hujjat bo'ldi. U tibbiy oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati va amaliy sog'liqni saqlash tizimining uyg'unligini ta'minlash, global me'yorlarga mos kadrlar tayyorlash, va raqamlashtirish orqali tibbiyotning zamonaviy qiyofasini yaratishga xizmat qiladi.
Yagona universitet - markazlashgan taraqqiyot modeli
Qaror asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent Davlat stomatologiya institutining kuchli jihatlari birlashtirilib, yagona markazlashgan ilmiy-ta'lim muassasasi - Toshkent Davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Bu yondashuv, bir tomondan, resurslarni samarali taqsimlash va infratuzilmani zamonaviylashtirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Endilikda universitet oliy ta'limda akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka ega bo'ladi. Bu esa yangi va ilg'or ta'lim texnologiyalarini keng joriy etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro akkreditatsiya, va global ilmiy aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Toshkent tibbiyot akademiyasitaraqqiyot yo'lida
Yangi universitet tarkibida Toshkent tibbiyot akademiyasining o'rni beqiyos. Akademiya o'zining boy tajribasi, yetuk ilmiy maktablari va salohiyatli professor-o'qituvchilari bilan nafaqat yangi universitetning, balki butun mamlakat tibbiyot sohasining tayanchiga aylandi. Qaror asosida mavjud o'quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, klinikalar va akademik litseylar modernizatsiya qilinadi, yangi simulyatsiya markazlari, IT-laboratoriyalar va axborot-resurs markazlari yaratiladi.
Shuningdek, yangu universitet negizida sobiq akademiyada tashkil etilayotgan Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar uchun asosiy ilmiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Bu markaz orqali ilm-fan va amaliyot o'rtasidagi tafovut bartaraf etilib, diagnostika, davolash va profilaktika bo'yicha yangi metodikalar ishlab chiqiladi.
Kafedramiz istiqbollari: Bioinformatika va biotibbiyot fizikasining yuksalish davri
Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi - bu qaror asosida eng katta yutuqlarga erishish salohiyatiga ega bo'lgan yo'nalishlardan biridir. Kafedramizda bugungi kunda inson organizmidagi fiziologik jarayonlar matematik modellashtirish, diagnostik tizimlar uchun sun'iy intellekt asosidagi algoritmlar ishlab chiqish, biotibbiy ma'lumotlar tahlili, tibbiy tasvirlar ishlov berish, genomika va proteomika sohasidagi bioinformatik tahlillar yo'lga qo'yilgan.
Yangi universitetning xalqaro doiralarda faoliyat olib borishi, xorijiy grantlar va ilmiy hamkorliklarni yo'lga qo'yishi orqali biz ilmiy salohiyatni yanada kengaytirishimiz mumkin. Xususan:
Sun'iy intellekt asosida tibbiy tashxis qo'yish bo'yicha xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish;
Raqamli sog'liqni saqlash bo'yicha yangi modullarni o'quv jarayoniga tatbiq etish;
Simulyatsion markazlarda biotibbiyot fizikasi asosida mashg'ulotlar o'tkazish;
Bioinformatikaviy tahlillar uchun superkompyuter infratuzilmasini yaratish;
Xalqaro e'tirofga ega ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish.
Bu esa bizni Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridagi ilg'or universitetlar bilan tenglashtiradi.
Qarorning tibbiyot sohasi va Respublika ilmiy rivojlanishiga ta'siri
Yangi universitetda amalga oshiriladigan islohotlar orqali:
Tibbiyot kadrlarining sifat darajasi oshadi, amaliy ko'nikmalar kuchayadi;
Raqamlashtirish asosida sog'liqni saqlash tizimi shaffof va samarador bo'ladi;
Fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi ta'minlanadi;
Xalqaro reytinglarda o'rin egallash imkoniyatlari yaratiladi;
Respublika bo'ylab iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy ilmiy infratuzilma va o'qish sharoitlari yaratiladi.
Ilm-fan va sog'liqni saqlash - 
bitta tamal tosh
Prezidentimizning ushbu qarori biz, tibbiy ta'lim vakillari oldiga katta mas'uliyat yuklaydi. Endilikda har bir o'qituvchi, har bir kafedra va har bir talaba - sog'liqni saqlash tizimining zamonaviylashtirilishida faol ishtirok etishi kerak. Bu qaror doirasida, ayniqsa, tibbiyot va texnologiya chorrahasida faoliyat yuritayotgan kafedralar oldida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi bu yo'lda yetakchi bo'lishga tayyor.
Chunki kelajak - zamonaviy, ilmga asoslangan va raqamli sog'liqni saqlash tizimi bilan bog'liqdir. Bu esa faqat islohotlar emas, balki intellektual inqilobdir!
Fazliddin Arziqulov, 
Toshkent Davlat tibbiyot universiteti, Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi o'qituvchisi.