PISA 2025 - KELAJAK AVLOD UCHUN MUSTAHKAM POYDEVOR

PISA dasturi ilk bor 2000-yilda tashkil etilgan bo'lib, u har uch yilda 15 yoshli o'quvchilarning savodxonlik darajasini - ya'ni o'z bilimlarini real hayotda qo'llay olish ko'nikmalarini baholaydi. Asosiy yo'nalishlar - o'qish savodxonligi, matematika savodxonligi va tabiiy fanlar savodxonligidan iborat. Har bir baholash davrida shu yo'nalishlardan biri asosiy diqqat markazida bo'ladi. 2025-yilda asosiy e'tibor o'quvchilarning tabiiy savodxonligiga qaratiladi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, PISA 2025 baholashida respublikamizdagi ko'pgina maktablar qatori bizning maktabimiz ham faol ishtirok etmoqda.
Ayni paytlarda maktabimiz o'quvchilari bu nufuzli xalqaro baholashga jiddiy tayyorgarlik ko'rishmoqda. PISA testlari oddiy darslikdagi bilimlarnigina emas, balki o'quvchining fikrlash, tahlil qilish, real muammolarga yechim topish ko'nikmalarini sinovdan o'tkazadi. Shu sababli biz darslarda zamonaviy metodikalar, interaktiv topshiriqlar, tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi mashqlar, loyihaviy ishlar va guruhiy muhokamalarni keng qo'llamoqdamiz.
Men ham shu maktabning biologiya fani o'qituvchisi sifatida qator yillardan buyon faoliyat ko'rsatib kelmoqdaman. O'quvchilarning biologiya faniga bo'lgan qiziqishini oshirish hamda ushbu nufuzli xalqaro baholashga jiddiy tayyorgarlik ko'rish maqsadida bor bilim va tajribamni ishga solmoqdaman. Yaqinda biologiya fanidan darslarda o`quvchilarning tanqidiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida "Ekotizim muаmmolari" mavzusida muammoli savollar asosida guruhiy muhokamalar tashkil etdik. Ushbu dolzarb mavzu yuzasidan har bir guruh o`z g`oyasini himoya qilish orqali muayyan muammoga ilmiy asoslangan yechim taklif etdi. Shuningdek, "Inson va sog`liq" mavzusida loyiha ishi sifatida o`quvchilar sog`lom turmush tarzini targ`ib qiluvchi bukletlar tayyorlab, sinfdoshlarga taqdim etdilar. Labоratoriya ishlarida esa interaktiv topshiriqlar orqali mikrоskopdan foydalanish, hujayra tuzilishini taqdim etish ko`nikmalari mustahkamlandi.
Maktabimizda o'qituvchilarimiz uchun maxsus seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Biz PISA formatidagi savollarning mohiyatini chuqur o'rganib, ularga qanday yondashish kerakligini o'quvchilarga tushuntiryapmiz. Ota-onalar bilan ham doimiy hamkorlik olib borilmoqda. Negaki, farzandlarining PISAga tayyorgarligida ota-onalarning ham roli juda katta hisoblanadi.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, PISA 2025 nafaqat o'quvchilarning bilimini sinovdan o'tkazadi, balki bizga ta'lim tizimimizda qanday yutuqlar va kamchiliklar borligini aniqlashda ham yordam beradi. Bu esa ta'lim sifatini oshirish yo'lida yana bir muhim qadam bo'ladi.
Joriy yilning 15-mart kuni "PISA 2025 Xalqaro baholash dasturi"da ishtirok etayotgan maktablarning 2009-yilda tug`ilgan 15 yoshdagi barcha o`quvchilar o`rtasida "e-maktab.uz" ta`lim platformasi orqali belgilangan tartibda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar miqyosida "Bilimdon o`quvchilar" tanlovi o`tkazildi. Mazkur tanlovda Oqdaryo tumanidagi 45-umumta`lim maktabining 15 yoshli o`quvchilari ham munosib ishtirok etishdi.
Tanlov natijasiga ko`ra Samarqand viloyatining 23 ta umumta`lim makatablari o`quvchilari o`rtasida 45-maktabning 9-B sinf o`quvchisi Jahongir Davronov viloyatning 5 ta eng bilimdon o`quvchisi ro`yxatidan joy egalladi. J.Davronov Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining faxriy yorlig`i va noutbuki bilan taqdirlandi. Bundan tashqari test sinovida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni to`plagan jami 10 nafar o`quvchiga pul mukofotlari topshirildi.
Yurtimizda ta'lim sohasiga berilayotgan e'tibor yildan-yilga ortib borayotgani, xalqaro baholashlarda ishtirok etayotgan maktablar sonining oshib borayotgani - bularning barchasi kelajak avlod uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. PISA 2025 bu boradagi yana bir muhim qadamlardan biridir. Biz o'qituvchilar o'z o'quvchilarimizning xalqaro maydonda ham o'z bilim va salohiyatini namoyon eta olishiga ishonamiz.
Dildora SHERMATOVA,
45-maktabning biologiya fani o'qituvchisi.
Мавзуга оид:

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

BIZ O'ZGARISHLAR DAVRIDA YASHAYAPMIZ
- 09 сен, 13:54

PISA O'QUVCHILARNI MUSTAQIL FIKRLASHGA CHORLAYDI
- 29 дек, 11:57