HAYOT HAQIQATLARI

Baxtli ekanligingni hamisha va hammaga ko'z-ko'z qilishing shart emas. Negaki, har bir oilaning o'z baxti bor, har bir oila o'zicha baxtlidir.
Baxtsiz ekanliging, hayotning qiyin sinovlariga duch kelganing, omadsizliging haqida har kim bilan dardlashma. Foydasi yo'q aslo, aksincha, dardingni doston qilishadi xolos...
Oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, o'n beshi yorug' bo'lajak!
***
Hayotda to'rt muchamiz but, sog'-salomat yashashimizning o'zi ham bir baxt emasmi? Baxtni hamisha qidirish emas, boriga shukur qilib yashashimiz kerak, shunda baxtning o'zi kirib keladi.
Chunki baxt doimo sizu biz bilan yonma-yon ekanligini bilmaymiz, xolos.
Ilm-ma'rifatga bo'lgan chanqoqlik xuddi nur-ziyoga o'xshaydi, u seni kamolot sari yetaklaydi. 
Mol-dunyoga, mansabparastlikka bo'lgan chanqoqlikni  esa sira to'xtatib bo'lmaydi. U seni o'z domiga tortgani-tortgan, uning sho'r suvidan qanchalik ko'p ichsang, shunchalik chanqayverasan. 
***
Olis-olislarda qolgan bolalik xotirasi insonga hamisha zavq bag'ishlaydi. Beg'ubor bolalik davrimiz qanday yaxshi edi...
Lekin doimo o'tgan xotiralar, armonlar bilan birga yashab bo'lmaydi. Ertangi kunga, kelajakka bo'lgan ishonch esa insonni intilishga chorlaydi.
Intilganga tole yor, deganlari shu bo'lsa kerak-da.
***
Hayotim davomida ko'pgina dugonalar, do'stlar orttirdim. Afsuski, ularning ko'pchiligi turmushning turli chorrahalarida birin-ketin qolib ketishdi...
Lekin bir hovlida o'sib-ulg'aygan va bir umrga tatigulik aka-ukalarimdek mehribon va sadoqatli do'stlarni, opa-singillarimdek dardkash, sirdosh dugonalarni topa olmadim.
Siz uchun aziz va mehribon aka-ukalaringiz, opa-singillaringizni hamisha e'zozlang va qadriga yeting!
***
Nazarimda negadir, keyingi paytlarda odamlar o'rtasida turli xil hadik va gumonlar paydo bo'lgandek: Bir-birini yo'qlab uyiga borsa: "Tinchlikmikan, biror narsa so'rab kelibdimi?", telefonda hol-ahvol so'rasangiz, "Tinchlikmikan, boshiga biror ish tushibdimi?", suhbatlashmoqchi bo'lsangiz: "Maqsad-muddaosi nima ekan o'zi?", deya xavfsirab qarashadi. Negaki, yo'lda ham, transportda ham, ishda ham, to'yu tomoshada ham, oila davrasida ham katta-yu kichikning xayoli doimo qo'lidagi telefonida...
Eng yomoni, hayotimizning qimmatli onlari odamlar, yaqin kishilarimiz davrasida emas, ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil kanallar, oynai jahondagi turli xil turk seriallarini ko'rish bilan o'tib ketayotganligiga achinasan kishi.
Axir bu gumrohlik emas-mi...
***
Bolalar hamisha tezda katta bo'lib qolishga shoshiladi. Tezroq katta bo'lishsa-yu, osmon qadar orzularga erishsa...
Yoshi katta insonlar esa doimo bolalik davrini qumsab yashaydi. O'sha beg'ubor, beg'am damlar qaytib kelsa, qilgan xatolarimni takrorlamagan bo'lar edim...
Umrimizning har bir daqiqasini qadriga yetaylik. Ming afsuski, bolalik ham, keksalik ham, o'tayotgan har bir kunimiz ham aslo qaytib kelmaydi.
O'tayotgan har bir kunimizga shukronalik keltiraylik!
***
Kimdir seni yaxshi deb bilsa, yana kimdir yomon deb biladi, kimdir unday, yana kimdir bunday deb biladi. Lekin sen o'zingning kimligingni boshqalardan ko'ra yaxshiroq bilasan! Birovlarning maqtoviga g'ururlanma, haqoratiga ozorlanma!
Har kun, har lahza "Hayot kitob" ingizni yaxshi kayfiyat, shukronalik va samimiy quvonch bilan to'ldirishga harakat qiling. Bir kun kelib, umr sahifalarini ortga qaytarib varaqlaganingizda o'tgan umringizdan afsuslanmang. 
Gulsara Tinibekova.         
Мавзуга оид: