Мanfaatlar kesishganda

Qiziq, siz, men, u - har birimizning telefon daftarimizda qancha ism yozilgan. Umuman, necha kishini taniymiz va bizni-chi? Yuz, balki minglab tanishlarimiz bordir. Xo‘sh, ular bilan sizu bizni nima bog‘lab turibdi. Eng birlamchisi haqida so‘rayapman...
O‘ylab ko‘rishga vaqtingiz yo‘qmi? Men esa o‘yladim. Tanish-bilishlar shunga undashdi. Deylik, birga ishlaydigan hamkasblardan lozim bo‘lganda necha kishiga suyanish, ishonish mumkinligini chamaladim. Jamoamiz ajoyib. Ularning har biri haqida tasavvurim, bahoyim bor ekan. 
E’tibor qilganmisiz, biron tanishingizni ko‘z oldingizga keltirib, falonchi qanaqa odam, desangiz, u haqda “Ichingiz” ham baho beradi. Ba’zan aldangan yo biron zarar ko‘rganlar “sezgandim, biluvdim” qabilida aytadigan gaplar quloqqa chalinishi “ichki ovoz”ni tinglamaslikdan bo‘lsa ajabmas...
Bir do‘stim bilan lozim bo‘lganda oldi-berdi qilamiz. Aksar holda u mendan qarz olib turadi. Ochig‘i, boy emasman. Unga berayotganda o‘zim ham ehtiyojmand bo‘laman. Ammo, arzirli sabab aytadi. So‘ngra... Istihola bilan ancha kutishga to‘g‘ri keladi. Bir safar undan qarzdor bo‘ldim. Mashinasida o‘g‘limni shifoxonadan olib chiqayapmiz. Uyga yozib berilgan doriga pulim yetmay qoldi. Bugunoq qaytarsam bera olishini aytdi. Uyda pulim bor, borishim bilan beraman, dedim. Shunday qildim ham... Keyin, yaxshimi, yomonmi — bir odat chiqardim: so‘rab qolsa muddatni keskin qo‘yadigan bo‘ldim. Indamay oladi. Vaqt bo‘lganda qistayman. Jahl qiladi. Biroz arazlashib yuramiz. Foydasiga... Gap moddiyat haqidamas. Do‘stim bilan do‘stlik haqidagi tushunchamiz turlicha ekani xususida mushohada qilayapman, xolos. Odamning odamga asos ehtiyoji - o‘zaro ma’rifiy, ma’naviy tayanch bo‘lishdamasmikin. Zamondosh, mavzu yuzasidan qanday fikrdasiz?!
Abdulatif ABDULLAYEV.
Мавзуга оид: