Issiqxona - daromad manbai

Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masalaga aylanib borayotgan bugungi kunda tashqi bozor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, doimiy yetkazib berishni talab qiladi. Yil davomida sifatli mahsulot taklif qila olgan korxona bozorda munosib o‘rin egallaydi. Ammo oddiy dala yoki issiqxonalarda bunga erishish anchayin mushkul. “Beshinchi avlod issiqxonalari”da esa yil o‘n ikki oy mahsulot olish mumkin.
Nomidan o‘ta zamonaviy qurilmaga ishora qilayotgan “beshinchi avlod” issiqxonalari eng ilg‘or “Ultra Clima” nou-xau texnologiyasi  asosida ishlab chiqariladi. Oddiy issiqxonalardan farqli, unda barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan bo‘lib, bu inshoot ichidagi haroratni kerakli darajada saqlab turish, ko‘chatlarni gidroponika usulida oziqlantirish hisobiga yuqori hosildorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Masalan, plyonkali issiqxonlarda pomidor ko‘chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovasion issiqxonada bir yil mobaynida uzluksiz mahsulot olish mumkin.
Ilg‘or texnologiyalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori natijadorlikka erishishning asosiy omili ekanini tushunib yetayotgan ko‘plab davlatlar asta-sekin ana shunday zamonaviy issiqxonalarni qurishga o‘tmoqda. Yurtimizda ham “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalardan foydalanish so‘nggi yillarda jadallashib boryapti. Bu borada tashlangan ilk qadamlar allaqachon o‘z samarasini bera boshladi.
Har gektardan 300 tonna hosil naqd.
Aslida, “issiqxona” so‘zi nam va bug‘lanish bilan birga ajralib chiqadigan issiqlikni anglatadi. Biroq biz so‘z yuritayotgan zamonaviy oynavand issiqxonalarda bunday holat kuzatilmaydi. Ular odatiy plyonkali issiqxonalardan farqli ravishda, quyosh nurlarini yuqori darajada o‘tkazish va butun inshoot bo‘ylab teng taqsimlash xususiyatiga ega. Ya’ni, oyna quyosh nurini 97 foizgacha o‘tkazadi. Issiqxonaning energiya sarfi jihatidan tejamkor tizimi mahsulotlarning quyosh nurlarida tabiiy, mazali va sifatli pishib yetilishiga xizmat qiladi.
Issiqxona haroratini mo‘tadillashtirishda oftob nurlaridan foydalanilgani hisobiga atmosferaga tarqaladigan zararli chiqindilar miqdori ko‘rsatkichi ham ancha pasayadi. Korxona tomonidan qurilayotgan oynavand issiqxonalarda turli zararli bakteriya, hasharot va mikroorganizmlarning ko‘payish xavfi deyarli yo‘q. Odatiy issiqxonlarda esa quyosh nurlarining yetishmasligi tufayli bakteriya va mikroorganizmlar ko‘payib, o‘simliklarning nimjon o‘sishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, xorijiy banklar ko‘proq oynavand issiqxonalar qurilishini moliyalashtirishni afzal biladi.
Shuningdek, bunday issiqxonalar yuqori texnologik, energiyatejamkor, nihoyatda mustahkam, har qanday ob-havo sharoitiga bardoshli hisoblanadi. Avtomatik boshqariladigan eng zamonaviy texnologiya, texnikalar bilan jihozlangani bois, ichida bir gramm ham chang topolmaysiz. Bunga maxsus o‘rnatilgan sovutish, havo almashtirish tizimlari yo‘l qo‘ymaydi.
Alibek O‘RINOV,
Yusufxon OMONOV, 
 tuman o‘simliklar karantini va 
himoyasi bo‘limi inspektorlari.