Yo'lchi yulduzdek porlagan shoir

O'z so'zi bilan ko'rkli tilimizning pokiza osmonini kengaytirgan shoirlar ko'p. O'zbekning baxti ham shunda. Bugun bu tilda tarannum etib bo'lmaydigan tuyg'u yoxud tushunchaning o'zi yo'q. Turkiy tilni dag'al va nazmga yaroqsiz deb bilganlarning haddini buyuk Navoiy 15-asrdayoq ko'rsatib qo'ygan. 20-asr avvalida o'zbek tilida nasriy asar yozishning mushkulligini ro'kach qilganlarni Qodiriy va Cho'lpon nasrdagi betakror so'z nazmi bilan hayratga solgan. Keyingi avlodlar ichida ham badiiy so'zning me'morlari sanalmish katta shoirlar yetishib chiqdi. Demak, muqaddas silsila davom etmoqda va millat turguncha turadi.
O'tgan asrning so'nggi choragida adabiyotimizning pokiza osmonida yo'lchi yulduzdek porlagan shoir Muhammad Yusuf o'zining sodda va samimiy so'zi, o'zigagina yarashadigan she'riyati bilan el nazariga tushdi. U o'zining qisqagina umrida milliy she'riyat va zamonaviy qo'shiqchilikni yuksaklarga ko'tarilishiga beminnat hissasini qo'sha oldi. Shoir haqida Erkin Vohidov shunday yozgan edi: "Muhammad Yusufni xalqimiz sevib dilida saqlaydi, Vatan kuychisi, Istiqlol kuychisi deb ardoqlaydi, o'zbek eliga ulug' mehr, sadoqat singib ketgan nazokatli, samimiyat to'la she'rlarini qadrlaydi, qo'shiq qilib aytadi. Uning she'riyatini chin ma'noda qanotli she'riyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi she'riyat desa bo'ladi."
Vatanini kuylamagan, madh qilmagan shoir dunyoda bo'lmasa kerak. Muhammad Yusufgacha ham undan keyin ham qo'liga qalam tutgan shoir borki, ona Vatanni ulug'lab she'rlar yozdi. Bu g'oyat tabiiy hol. Muhammad Yusuf Vatanni qandaydir balandparvoz, she'rdan she'rga o'tib yuruvchi jimjimador so'zlar bilan emas, sodda, begidir va mag'zi to'q so'zlar bilan tasvirlaydi. Uning she'rlaridagi Vatanni tasavvur qilish oson va huzurli; qaysidir jihati bilan singlingizga, qaysidir jihati bilan onangizga yo otangizga o'xshab ketadi. Vatanning andozasini ulardan olasiz, Vatanning sarhadlarini ularga bo'lgan mehru muhabbatingiz bilan belgilaysiz. Uning "Izhori dil" she'ridagi satrlarga e'tibor bering-a:
Ko'hna tolbeshikdan
Boshlangan olam,
Senga iddaolar
Qilmay sevaman.
Bir kuni singlim, deb,
Bir kuni onam -
Vatan,
Kimligingni
Bilmay sevaman!..
Vatan haqida bundan-da samimiy yozib bo'larmikan? Shuning uchun ham uning she'rlarini o'qigan sari, Vatanga, tug'ilib o'sgan yurtga muhabbatingiz ortaveradi.
Muhammad Yusuf tilimizning jonkuyar himoyachisi edi. Bu bejiz emas, u har bir so'zni Vatan deb bilar, Vatanni asrashni milliy tildan boshlash kerakligini she'rlarida ko'p ta'kidlar edi.
Sen bo'lmasang nima bizga silliq she'rlar,
Bu dunyoda tili yo'qda, dil yo'q derlar.
Bahoing-ku berib ketgan Аlisherlar,
Yuragimning to'ridagi so'lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Shoir she'rni, tilni ajdodlardan qolgan va avlodlarga bekam bexato yetkazilishi shart bo'lgan muqaddas meros deb biladi.
Tushimga kiradi Qodiriy bobom
Bemador, bemajol, behol beorom.
Tushimga kiradi Qodiriy bobom:
Tur deydi, muncha ko'p uxlading, bolam. 
So'zga, tilga, milliy an'ana va qadriyatlarga loqaydikni ajdodlarga, ota-bobolarimizga, Koshg'ariyga, Navoiyga, Boburga, Qodiriyga xiyonat deb biladi. Undan-da o'ta Vatanga xiyonat deb tushunadi.
O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning ibratli hayoti va ijodini chuqur o'rganish va o'rgatish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shunday ekan, yosh avloga ta'lim-tarbiya berishdan maqsad, Vatanni Muhammad Yusufdek "iddaolar qilmay" sevishni o'rgatishdan, ona tilimizni Muhammad Yusufdek gard yuqtirmay ardoqlashni o'rgatishdan, beqiyos milliy qadriyatlarimizni uningdek anglashni o'rgatishdan iborat bo'lishiga erishmog'imiz lozim.
G.ABDURAHMONOVA,
32-maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.